March 17

ENG KERAKLI JIHOZ

«Iqlim o‘zgarishi va ekologiya – bolalar nigohida» tanloviga

Bir kuni ona tili fani ustozimiz: «Ertangi darsimizda barchangiz maktabimizdagi biror bir jihozning taqdimotini qilib berasiz», deya topshiriq berdi va eng yaxshi taqdimotga sovg‘amiz bor, deya qo‘shib qo‘ydi.

O‘sha kunning o‘zidayoq barcha o‘ziga kerakli jihozlarni tanlab olishdi. Uyga qaytar ekanman, konfet qog‘ozini chiqindi qutisiga tashladim. Maktabdagi eng kerakli jihoz chiqindi quti ekan, deb o‘yladim. Uyga borsam eshik oldida ham chiqindi chelagi turibdi. Tobora o‘zimga ishonchim oshib bordi. Sumkamni qo‘ydimda, yoza boshladim. Ertangi kunga tayyor bo‘lib bordim. Ko‘pchilik stol va stullarning taqdimotini qilib berishdi. «Chiqindi qutisi rostdan ham maktab jihozimi?» deb o‘zimga o‘zim savol berdim. Va nihoyat, navbatim keldi.

– Men ko‘rsatayotgan jihoz barchamiz ko‘rgan chiqindi qutisi, – deb devor burchagi chiqindi chelagini qo‘lim bilan ko‘rsatdim.

Sinfdoshlarim kulib yuborishdi. Ularga e’tibor bermay gapimni davom ettirdim.

– Uni nafaqat xonada, balki jamoat joylarida ham ko‘rishimiz mumkin. Istirohat bog‘lari, xiyobonlarga qo‘yilgan chiqindi qutilari sabab, odamlar dam oladigan moʻjaz bog‘lar turli shirinlik qog‘ozlari-yu, salqin ichimliklar idishlaridan holi bo‘ladi. Biroq ayrim yoshlar yeguliklardan bo‘shagan chiqindilarni daraxtlari tagiga tashlab ketishmoqda... Men gapimni tugallaganimda ustoz birinchi bo‘lib qarsak chaldi. Demak, ustozga yoqqan, deya xayol surdim-da, stulimga o‘tirdim.

– Mana, o‘quvchilar, barchangizni tingladim. Menga hammaniki ma’qul bo‘ldi. Lekin, ko‘proq Baxtiyorniki yoqdi, degan vaqti his-tuyg‘ularim ichimga sig‘may ketdi.

Shundan so‘ng rostdan ham chiqindi qutisi eng kerakli buyum ekanligiga amin bo‘ldim. Ammo ko‘pchilik bunga e’tibor bermaydi.

Shukrullo ADHAMOV,

Erkin Vohidov nomidagi ijod maktabining 7-«A» sinf o‘quvchisi