July 29

Mеn bilgan va bilmagan haqiqatlar

Har bir niholning yaproq yozib ko‘kka bo‘y cho‘zishida, gulga to‘lib meva berishida, uning ildizi muhim ahamiyatga ega. Mening shu darajaga yetishishimda ham bir necha ildizlarning munosib o‘rni bor...

TERAN TOMIRLAR

Toshkentda tug‘ilganman. Lekin ko‘pchilik meni namanganlik deyishadi. Aslida, onam Namangan (pasport bo‘yicha Andijon viloyati, Chust tumani)da tug‘ilgan, otam toshkentlik. O‘tgan asrning 60-yillarida 20 yoshli onam Toshkentga yurist bo‘lish orzusida o‘qishga kelgan va shu yerda 65 yildan ziyod vaqt mobaynida yashab kelmoqda.

Chust tumanidagi tibbiyot texnikumini tamomlab, hamshiralik qilgan onam u davrlar haqida ko‘p gapirib bergan. Ayniqsa, qishloqma-qishloq yurishning azob-uqubatlarini, bir jamoa xo‘jaligi raisiga Toshkentga borib o‘qish istagini aytganida, u hech narsadan qo‘rqmasdan, poytaxtga borishni tavsiya qilganini, ota-onasining qarshi bo‘lishini bilgani uchun, ularga bildirmay, tong saharda maxsi-kalishda Chust stansiyasiga qochib kelganini doim eslab turadi. Onam, o‘qishga kirolmaganidan keyin hamshiralik qilib, shu yerda oilali bo‘lib qolib ketgan. Yillar o‘tib, onam hayotda o‘z o‘rnini topib, mehnati va tirishqoqligi bilan juda ko‘p tanishlar orttirdi. Bir paytlar onamni qishloqdan haydagan qarindoshlar, hattoki qo‘shnilar najot istab, Toshkentga – bizning uyga kelishardi. Kimningdir bolasini kasalxonaga yotqizish kerak, yana kimningdir otasini operatsiya qilishga yaxshi do‘xtir kerak. Onam barcha gina-kuduratlarni bir chetga surib, yordam berganlarini biz bolalar haligacha esimizdan chiqarmaymiz...

1972-yil oxirida yuz bergan voqea esa onamning hayotini butkul o‘zgartirib yuborgan. Har kuni erta tongda ko‘chamizni bir rus kampiri (biz uni «Masha xola» derdik) supurardi.

O‘sha kuni hamma uyqudaligida Masha xola hushtak chalib, onamni uyg‘otgan. Uyimizdan 3–4 hovli narida oziq-ovqat do‘koni bo‘lardi. Shu do‘konga 2–3 kishi o‘g‘irlikka tushgan ekan. Onam shoshilib akamning o‘yinchoq avtomatini qo‘liga olib, do‘kondagi o‘g‘rilarni militsiya xodimlari kelguncha ushlab turgan. Shu voqeadan so‘ng onamni Mirzo Ulug‘bek (sobiq Kuybishev) tumani IIB huzuridagi «Qo‘riqlash» bo‘limiga erkin yollangan brigadir lavozimiga ishga qabul qilishgan. Onam to‘g‘risida «Toshkent oqshomi» gazetasida «Mard ayol» degan maqola bosilib, sobiq ittifoqning «Za otvagu» («Jasorat uchun») medali bilan taqdirlangan. Shu alfozda onam salkam 20 yil shu sohada ishlab, boshidan nene og‘ir sinovlarni kechirmagan, deysiz...

Otam oliy ma’lumotli bo‘lishimga katta hissa qo‘shgan. U og‘ir-vazmin, mulohazali, bir gapni aytishdan oldin yetti marta o‘lchab ko‘radigan, bilimi kuchli, mutolaaga mehri baland inson edi. Uyimizga kuniga 3–4 ta gazeta, oyiga 2–3 ta jurnal kelardi. Avval otam, keyin esa biz o‘qirdik. Eng ko‘p kitob o‘qiydigan, kitobga mehr qo‘yishimda menga ustozlik qilgan otam va yakka-yu yagona tog‘am edi. Yaxshi maqola yoki kitob o‘qib qolishsa, «Buni o‘qib chiq, keyin seni savol-javob qilaman», deyishardi.

Maktabni imtiyozli bitirgach, ToshDUning yuridik fakultetida o‘qish niyatim borligini aytganimda, otamning «Yurist bo‘lish ayol kishining ishi emas, bu kasb juda mashaqqatli», degan so‘zlarini qaytarmay, hujjatlarimni Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutiga topshirganman. O‘sha davrdagi talablarga ko‘ra, suhbatlardan o‘tib, mandat kuni auditoriyaga kirganimda, bu yerdagi sharoiti haminqadar, pastak xonalarni ko‘rib, hujjatlarimni qaytarib olganman. Shu kuni otam rosa koyiganlari esimda...

Mening orzum keng auditoriyalarda, zamonning yetuk mutaxassislaridan saboq olish bo‘lgani uchun hujjatlarimni ToshDUning jurnalistika fakultetiga topshirmoqchi bo‘ldim. U paytlar kechki va sirtqi bo‘limga hujjat topshirish kunduzgidan keyin bo‘lardi. Lekin gazeta-jurnallarda maqolam chiqmaganligi sababli, hujjatlarimni qabul qilishmadi. Shu bois, o‘zbek filologiyasi fakultetiga topshirdim va imtihonlardan o‘tgach, o‘qishga qabul qilindim. Menga O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov, Begali Qosimov, Laziz Qayumov, Omonulla Madayev kabi buyuk insonlar ustozlik qilishdi. Diplom ishimni ham Abdulla Qahhorning «Sinchalak» asarida portret yaratish mahorati mavzusida a’lo baholarga yoqlab (Ozod Sharafiddinov ilmiy rahbarim bo‘lgan), oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘ldim. 1989-yilda turmushga chiqib, 4-kursda o‘qishimni sirtqi bo‘limga o‘tkazib,farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullandim. Orada Sergeli tumanidagi 32-maktabda boshlang‘ich sinflarga dars berdim.

«MAKTAB, ANJUMAN BORG‘IL...»

Darhaqiqat, o‘quvchilik yillari har bir inson hayotidagi eng shirin xotiralar silsilasidan iborat. Mirzo Ulug‘bek (sobiq Kuybishev) tumanidagi 241-o‘rta maktabning 1-«A» sinfiga qabul qilinganim, lekin boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Madina opa meni negadir 1-«B» sinf o‘qituvchisi Habiba opaga o‘tkazib yuborgani hali-hanuz esimda. Men bundan aslo afsuslanmayman, aksincha, butun umr Madina opadan minnatdor bo‘lganman. Chunki sinfimiz juda inoq, bilimli va iqtidorli bolalardan iborat edi.

O‘ttizga yaqin o‘quvchining har biriga Habiba opa Alimova (Xalq maorifi a’lochisi bo‘lgan) chiroyli husnixatga o‘rgatgan. Kundalik yoki daftarlarimizga baholarni, hattoki 2 yoki 3 bahoni ham, chiroyli qilib qo‘yardi. Har o‘quv yili yakunida iqtidorli o‘quvchilarga faxriy yorliqni ham mehr bilan yozib, tantanali ravishda topshirardi. Esimda, 1-sinfni bitirganimizda 4–5 sinfdoshimga faxriy yorliq topshirilgan. O‘qituvchimdan nega menga berilmaganini so‘raganimda, «Harakat qilsang, keyingi yil sen ham, albatta, olasan», degandi. Haqiqatan ham, 2-, 3-, 4-sinflarni bitirishda faxriy yorliq olganman. Ularni haligacha saqlab qo‘yganman, farzandlarim va nabiralarimga maqtanib ko‘rsataman.

4-sinfda bizga ona tili va adabiyot o‘qituvchisi Santalat Sultonovani sinf rahbari etib tayinlashgan. Santalat Islomovna (unga shunday murojaat etardik) bizning komillikka erishishimizda, chuqur bilim olish va kelajakda jamiyatga kerakli insonlar bo‘lib yetishishimizda juda katta hissa qo‘shgan ustoz. Dars qoldirmaslik, maktabga o‘rnatilgan kiyimda kelish, ortiqcha taqinchoqlar taqmaslik, intizomga rioya etish – uning asosiy prinsiplari edi.

1980-yillar edi. Onam Sochida dam olib qaytganlarida, hammamizga turli xil sovg‘alar olib kelgan. Ertasiga maktabga onamning sochga taqadigan taqinchog‘ini taqib bordim. Ona tili darsi edi. Santalat Islomovna menga ko‘zi tushishi bilan «Fayziyeva, tashqariga chiqib, o‘zingizga qarab, keyin darsga kiring», dedi. Hamma menga «yalt» etib qaradi. Koridorga chiqdim. Kiyimlarim joyida, sochim o‘rilgan, ortiqcha (zirak, bo‘yanish to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emasdi) narsalar yo‘q. Ruxsat so‘rab, ichkariga kirsam, yana chiqarib yubordi. Yana qaytib kirdim. Uchinchi marotaba chiqarib yuborganda, sababini so‘radim. «Sochingizdagi to‘g‘nog‘ichni yechib kiring», dedi. Biz o‘qigan davrda ana shunaqa tartib-intizom edi. Ortiqcha zeb berish, formadan tashqari kiyim kiyish man etilgandi. Maqsad – faqat o‘qish edi. O‘quvchilar boshqa narsalarga chalg‘ishi salbiy holat hisoblanardi. 10-sinfning 4-choragi yakuniga qadar maktabga formada, sochlarimiz o‘rilgan, oq lentalar taqqan holda kelganmiz. «Endi bitiruvchilarmiz, forma va lentani yechaylik», deganimizda, Santalat Islomovna 4-chorakdagina oq kofta va qora yubka kiyishga ruxsat bergan. Shunaqangi qattiqqo‘l edi ustozimiz.

«QIZIL, SARIQ VA YASHIL»

Har gal Hazrat Navoiyning shu satrini eslaganimda, beixtiyor yana o‘quvchilik yillarim ko‘z o‘ngimda gavdalanadi. Maktabimizdagi «Yosh avtoinspektorlar» to‘garagi bizning sinf o‘quvchilaridan tashkil topgandi. Maktabimizda yo‘l harakati belgilari o‘rnatilgan maxsus maydoncha ham qurilib, jihozlangan edi. Biz uch marta (Buxoro, Xorazm va Toshkent shahrida o‘tkazilgan) respublika «Svetofor» ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘lib, Ukraina poytaxti Kiyev shahrida bo‘lib o‘tgan Butunittifoq tanloviga O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida borib, 2-o‘rinni egallab qaytgandik. Santalat Islomovna bizni doim shunaqangi ko‘rik-tanlovlar bilan band qilib, bo‘sh vaqtimiz bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasdi. Harbiy-vatanparvarlik ruhidagi «Zarnitsa» ko‘rik-tanlovida ham qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egallaganmiz. Qayerda,qanday bellashuv e’lon qilinsa, shularda qatnashishni tavsiya etardi. Ona tili va adabiyot bo‘yicha o‘tkazilgan olimpiadalarda ham doim faol qatnashardim. Bir necha bor g‘olib bo‘lganman. Bularning barchasi kelgusi faoliyatimga poydevor bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.

Maktabimizdan shu kunga qadar «polkovnik» unvoniga ega 3 nafar o‘quvchi chiqqan. Ularning 2 nafari hozir nafaqada. Men o‘qigan maktabim, sinfdoshlarim bilan juda faxrlanaman. O‘qituvchilarimning o‘gitlari, nasihatlari, bilim va tajribalari hamon ish faoliyatimda asqotadi. Shohida Rustamova va Shohida Shomahmudova, rahmatli Umida Oqmirzayeva va Lola Hojimurodovalar mening yaqin dugonalarim bo‘lishgan. Bahodir Iskandarov ham IIV Akademiyasini bitirib, ko‘p yillar Toshkent shahar IIBB idoralarida tergovchi bo‘lib xizmat qilib, podpolkovnik unvonida nafaqaga chiqdi. Murod Ibragimov, Rustam Xodjayev, Zafar Ko‘charovlar tadbirkorlar. Partadoshim Xayriddin Shamsiyev AQSHda yashaydi. U bilan ham teztez gaplashib turamiz. Ko‘p eslashamiz maktab davrini, yoshligimizni. Keyinchalik 3 farzandim ham o‘zim o‘qigan maktabni namunali xulq va yaxshi baholar bilan tamomlab, hozirgi kunda 2 o‘g‘lim kasbimni davom ettirib, Ichki ishlar vazirligida xizmat qilishmoqda. Qizim farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanadi. Uning turmush o‘rtog‘i ham huquq-tartibot organi xodimi.

Xullas, bolalik davrim juda sermazmun, qiziqarli voqealarga boy o‘tgan. Agar bolaligimga qaytsam...

Bernora SADIKOVA,

IIB Birlashgan tahririyati Bosh muharriri, polkovnik