May 20

BЕTAKROR DAVR FAYZI

BOLALIK KUNLARIMDA...

Feruza ADILOVA (Soyibjon qizi), O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston bolalar va o‘smirlarning «Tong yulduzi» gazetasi Bosh muharriri. Ijodkorning «Nihol – 2000», «Uyimizning devori», «Olti dona yong‘oq», «Uyg‘oq tuyg‘ular» singari kitoblari allaqachon o‘z muxlislarini topib ulgurgan. Shuningdek, ijodkor tashabbusi bilan «Tong yulduzi» gazetasining 95 yilligiga bag‘ishlab «Tong yulduzi» yoritgan olam» kitobi chop etildi.

Inson umrining har bir davri o‘zgacha kechadi. Ammo bolalik davrning zavqi, fayzi betakror. Bejizga bu davrni, bolalik – podsholik, demaymiz. U shunchalik tez o‘tadiki, hatto xayrlashmasdan ham ketib qoladi. Bu davrning qanday o‘tishi, ko‘p hollarda hayot yo‘limizni belgilab beradi. Har bir inson o‘z bolaligini yodga olar ekan, beixtiyor o‘sha beg‘ubor damlar bilan bog‘liq xotiralar qalbini to‘lqinlantiradi, zavqli hissiyotlar olamiga g‘arq bo‘ladi.

Men Toshkentning eng go‘zal Beshyog‘och mavzesida, olchalar g‘arq gullagan pallada, 29-aprelda ziyoli oilada dunyoga keldim. 1966-yilgi qattiq yer silkinishi oqibatida uyimizga jiddiy shikast yetgani sababli oilamizga Beshqayrag‘ochdan yer berilgan ekan. Beshyog‘ochda tug‘ilib, Beshqayrag‘ochda voyaga yetdim. Oilada kenja, erka, suyukli farzand bo‘lganimdanmi, bolaligim baxtiyor damlarga boy tarzda o‘tgan, yaqinlarimning mehrini his qilib, emin-erkin ulg‘ayganman.

Otam – Soliyev Soyibjonning kasbi pedagog bo‘lgan, umri davomida turli joylarda rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritganlar. Otamni biror marotaba nafaqat biz – farzandlariga, balki atrofdagilarga ham ovozlarini ko‘tarib gapirganlarini, hatto baland ovozda kulganlarini eslolmayman. Mahalladagilar otamni «Domla», deya e’zozlashardi. Mahallamiz bolalari bilan ko‘chaning o‘rtasida «Lafta», «Jami» kabi o‘yinlarni o‘ynayotganimizda, uzoqdan otam ko‘rinib qolsalar, bizdan bir-ikki yosh kattaroq bolalar o‘yinimizni to‘xtatib, «Chetga o‘tinglar, domla kelyapti», deya bizni yo‘lning ikki tarafiga saf torttirib qo‘yishardi. Vaholanki, bolalar menga qarata, adang kelyapti, deyishlari mumkin edi, ammo otam hammamiz uchun birdek ustoz edi. Mahallamizdagi hech bir yigit otamning duosini olmay turib, oila qurmasdi.Otam bizning har bir so‘zimizga, xatti-harakatlarimizga e’tiborli edilar. Alisher Navoiy qalamiga mansub «Har bir so‘z degulik emas» iborasini, «O‘ylash ixtiyoriy, ammo aytish chegarali», degan fikrni bot-bot takrorlardilar. Bir kuni ishdan qaytgan dadamni o‘sha paytda bolalar orasida mashhur bo‘lgan qo‘shiqni kuylab:

«Ada hormang, ishga bormang,

Mani ko‘taring, «oh» obering», deya qarshi oldim. Shunda otam: «Qizim, qo‘shig‘ingiz so‘zlarini biroz o‘zgartiring, «Ada hormang, ishga boring», deng. Ishga bormasam, sizga «oh»ni qayerdan olib beraman?», degandilar... Shu-shu otamning yonida har bir so‘zimni obdon o‘ylab so‘zlaydigan, biror ishni bajarishdan avval yetti o‘lchab, bir kesadigan bo‘lganman...

Otamning kattagina kutubxonasi bor edi. Undan qo‘shnilarimiz ham bemalol foydalanishardi. Aksariyat kitobxonlar kitoblarni o‘z vaqtida qaytarishmasdi. Men esa pishiqqina bo‘lgan ekanmanmi, o‘qib bo‘ldingizmi, deb so‘rayverib, ularni bezor qilib yuborardim, kitobimizni qaytarib olmaguncha tinchimasdim. Shunday paytlarda otam menga: «Kitob yoqqan bo‘lsa, o‘zida olib qolaversin, so‘ramagin», deb tanbeh ham berardilar. Maktabimizning yuqori sinflarida o‘qiydigan qo‘shni bolalar ham tez-tez kitob so‘rab kelishardi. Ular kitobni ertasi kuniyoq qaytarib olib kelishsa, menda savol tug‘ilardi: «Kitobni rostdan o‘qishdimikin yoki shunchaki olib, qaytarib berishdimi?». Savolimga javob topmaguncha ko‘nglim joyiga tushmasdi, o‘qigan kitoblari mazmunini so‘rayverib, holi-joniga qo‘ymasdim. Keyinchalik bilsamki, ularning ayrimlari kitob bahona opalarimni ko‘rgani, bir og‘iz gaplashgani kelishar ekan. Quvonarlisi, o‘sha «kitobxonlar»ning aksariyati chindan ham kitobxon bo‘lib ulg‘ayishdi... Balki bu borada meni ham hissam qo‘shilgan bo‘lsa, ajabmas.

Otamning tanbehi tufayli kitob olgan bolalardan ularni qaytarishlarini so‘ramay qo‘yganman, ko‘plarida olgan kitoblari qolib ketaverardi. Shunday bo‘lsa-da, kutubxonamizdagi kitoblar soni sira kamaymasdi, aksincha, ortib boraverardi. Chunki otam har oy maosh olganlarida yangi kitoblar olib kelardilar. Bundan tashqari, o‘sha davrda chop etiladigan deyarli barcha gazeta va jurnallarga obuna bo‘lgandilar. Bolalar nashrlaridan tortib, «Fan va turmush», «Sharq yulduzi», «Saodat» kabi 15 ga yaqin nashrlar uyimizga kelardi.

XAYR MAKTAB

O‘zbekiston Milliy universitetining (ToshDU) kimyo fakultetida o‘qiydigan Dilorom opam ham har gal stipendiyalarining oxirgi tiyinigacha kitob olishga sarflardilar. Opam shunchalik ko‘p o‘qirdiki, choy ichayotganida ham qo‘lida kitob, ovqat pishirayotganida bir qo‘lida kapgir, bir qo‘lida kitob bo‘lardi. Bu holdan tashvishlangan onajonim: «Kamroq o‘qigin, boshing og‘rib qoladi. Menga biroz yordamlashib yuborgin», deya uy ishlariga chalg‘itardilar. Shunday paytlarda opam bolaxonada yoki ichkari uyning bir chekkasida onamdan berkinib kitob o‘qirdi.

Otamga o‘xshagim keladi.

Barchamiz kitobga mehr qo‘yib, kam bo‘lmadik. Birimiz ximik, birimiz matematik, birimiz jurnalist kabi kasblarni egalladik...

Onam ham ziyoli, mehnatkash, farzandlariga mehribon, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘lardan yordamini ayamaydigan mehridaryo ayol edilar. Ularni hech qachon bekor o‘tirganlarini ko‘rmaganman, doimo bir ish bilan band bo‘lardilar. Onajonim mohir tikuvchi edilar, ko‘rpachalar, pardalar tikardilar. Nafaqat bizga, balki qo‘shni ayollarga ham atlas matolarning gulini guliga keltirib, chiroyli kaketkali ko‘ylaklar tikib berardilar. Ismi Naziraxon bo‘lsa-da, mahalladagilar ularni «Boy xotin», deyishardi.

Bir kuni onamdan: «Nega sizni «Boy xotin» deb atashadi?», deb so‘radim. Shunda onam: «1966-yil. Uyimizning qurilishi avj pallada edi. Imoratimiz tezroq bitsin, deb qurilish ishlariga o‘zimiz ham yordam beraverardik...

Bir kuni atlas ko‘ylakda g‘isht tashiyotgan edim. Buni ko‘rib mahalla ayollari hayron qolishibdi. Chunki o‘sha vaqtlarda atlas mato anqoning urug‘i edi-da. Atlas ko‘ylakni asosan, boy xonadon ayollari kiyishardi. Mening esa shu birgina atlas ko‘ylagimdan boshqa ko‘ylagim yo‘q edi, uy ichida ham, mehmonga ham shuni kiyardim. Atlas ko‘ylakda g‘isht tashiyotganimni ko‘rgan mahallamiz ayollari meni badavlat ayol deb o‘ylashgan va menga, boy xotin, degan nom qo‘yishgan, qizim», deya so‘zlab bergandilar. 1972-yilda poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 197-maktabning 1-«V» sinfiga qabul qilindim. Maktab direktori, ilmiy mudiri va bir necha o‘qituvchilarning farzandlari bir sinfga jamlangandik. O‘quvchilarni ataylab saralashganmidi, bilmadim-u, lekin sinfimizdagi 42 nafar o‘quvchining deyarli barchasi yaxshi va a’lo baholarga o‘qirdi. Bunda, albatta, bilimli, talabchan ustozimiz O‘g‘iloy opaning hissasi katta edi. Muvaffaqiyatlarimiz zamirida ustozimizning mehnatlari, chekkan zahmatlari yotadi. To maktabni tamomlagunimizcha O‘g‘iloy opaning nazoratida bo‘lganmiz. Kimdir fan olimpiadalarida, tanlovlarda g‘olib bo‘lsa, albatta, ustozning mehnatlari e’tirof etilardi. Aksincha, sho‘xlik qilgan bolalarni jazolash uchun ham yana O‘g‘iloy opaning oldiga olib borishardi. Biz uchun ustozimizni xafa qilish katta fojia edi. Shuning uchun ham barchamiz maktabimizning ichki tartib-qoidasiga amal qilishga harakat qilganmiz. Bu o‘z mevasini bergan, albatta. Ikkita sinfdoshim – Lobar va Zulfiya maktabni «Oltin medal» bilan, o‘ndan ziyod sinfdoshlarimiz (jumladan, men ham) «Kumush medal» bilan muvaffaqiyatli tamomlaganmiz. Sinfdoshlarimning deyarli barchasi oliy o‘quv yurti talabalari bo‘lishgan. Bunda, albatta, har bir fan ustozlarimiz Abdulla aka, Nazira opa, Zaropat opa, Turg‘un aka, Mukarram opa, Anna Grigoryevna, Vera Ivanovna, Hamida opa, Fotima opa, Qobil aka,Aziz akaning o‘rni beqiyos bo‘lgan. Adabiyotni bolaligimdan yaxshi ko‘rardim, she’r, maqola, hikoyalar yozib yurardim. O‘zbekiston radiosi qoshidagi bolalar shoiri Quddus Muhammadiy boshqargan to‘garakka qatnardim. Quddus Muhammadiy o‘z she’rlarini doimo yoddan aytardilar va bizni ham ko‘p she’r yodlashga, ayniqsa, o‘zimiz yozgan she’rlarimizni yoddan aytishga o‘rgatardilar.

Iste'dodlarni birgalikda kashf qilamiz!

Kechagidek yodimda, 8-sinfda o‘qib yurgan kezlarim «Tong yulduzi» (avvalgi «Lenin uchquni») gazetasining 1980-yil 68-sonida «Puxta tayyorgarlik» nomli birinchi maqolam chop etilgan. Oradan olti yil o‘tib, aynan shu gazeta tahririyatiga mashinkachi bo‘lib ishga kirdim. Keyinchalik muxbir, bo‘lim muharriri, mas’ul kotib vazifalarida faoliyat yuritdim. Bugungi kunda esa gazetaning Bosh muharriri lavozimida ishlab kelmoqdaman...

Maktabimizga tez-tez tekshiruvchilar (komissiya) kelib turardi. Bir gal tekshiruvchilar faqat bizning sinfga, ya’ni 6-«V»ga keldi. Avvaliga, tekshiruvchilar a’lochilar sinfini ko‘rishmoqchi bo‘lsa kerak, deb o‘yladik. Ammo, ko‘p o‘tmay, masala boshqa yoqda ekanligi ayon bo‘ldi...

O‘sha kuni bizning tirnog‘imizdan tortib, tishlarimizgacha tekshirishdi. Komissiya a’zolari shunchalik ko‘p ediki, biz bitta partada uch nafardan o‘tirishga majbur bo‘lgandik. Tekshiruvchilar faqat matematika darsimizga kirishdi, yozma ish olishdi, savol-javob qilishdi, matematika daftarimizni ko‘rishdi, uy-vazifalarimizni tekshirishdi. Biz ularning barcha savollariga to‘g‘ri javob qaytarishga harakat qilardik...

Nabiralarim...

Lekin ertasi kuni matematika fani o‘qituvchimiz Abdulla akaning o‘rniga bizga boshqa o‘qituvchi dars bera boshladi. Bu bizga yoqmadi, albatta, bir necha marotaba o‘qituvchilar xonasiga kirib, Abdulla akadan sinfimizga qaytishlarini iltimos qildik. Ammo javob bo‘lmadi. Oradan uch oycha vaqt o‘tib, bir kishidan iborat yana komissiya keldi. Maktabimiz direktori, sevimli ustozimiz Abdulla aka va o‘sha tekshiruvchi. Tekshiruvchi ohista gap boshladi:

– Aziz o‘quvchilar, ustozingiz Abdulla aka bilan har qancha faxrlansangiz arziydi. Rahmat sizlarga, sizga ham rahmat, Abdulla aka, – dedi-da, direktor bilan birgalikda xonadan chiqib ketishdi. Biz esa o‘rnimizdan turib, Abdulla aka tomon oshiqdik va ustozni quchoqlab oldik. O‘shanda ilk marotaba erkak kishining ko‘z yosh to‘kkaniga guvoh bo‘lgandim. Keyinchalik masalaning mohiyati oydinlashdi. Otasi matematik olim bo‘lgan bir sinfdoshimiz doskadan masalani noto‘g‘ri ko‘chirgan ekan. Buni ko‘rgan otasi ustozimiz Abdulla akaning ustidan yuqori tashkilotlarga shikoyat qilib, matematika o‘qituvchisi dars berishga noloyiq, deb yozib bergan ekan... «Haqiqat egiladi, bukiladi, lekin sinmaydi», deganlaricha bor ekan, haqiqat yuzaga chiqdi, ustozimizning yuzi yorug‘ bo‘ldi. Ammo o‘sha sinfdoshimizni hammamiz yomon ko‘rib qoldik. Keyinchalik bu voqeadan ta’sirlanib yozgan «Maktabimizga komissiya kelarmish...» nomli maqolam ham «Tong yulduzi»da chop etildi.

Bolalar nashri fidoyilari.

Maktabni tamomlab, otamning maslahati bilan ToshDU, hozirgi Milliy universitetga hujjatlarimni topshirdim va talabalikka qabul qilindim. Talabalik bilan birga gazeta tahririyatida ish boshladim. O‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan samimiy, mehnatkash insonlar menga ustozlik qilishdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalistlar – Jabbor Razzoqov, Abdusaid Ko‘chimov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimlari – Umida Abduazimova, To‘lqin Hayitov, «Shuhrat» medali sohibi Feruza Jalilova, jurnalistlar – Farrux Rahimov (Alloh rahmat qilsin), Yoqut Rahimova, Rustam Ro‘zmatov, Akrom Berdimurodov, Turob Niyoz, Dildora Turahmetova, Ra’no Kamolova, eh-he, bu ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin...

Men bugun nimagaki erishgan bo‘lsam, ana shu ustozlarimning mehri, e’tibori, hayot yo‘llarimni yorituvchi ilmi, ziyosi tufaylidir. Men ulardan behad minnatdorman!

Ozoda TURSUNBOYEVA yozib oldi.

«Tong yulduzi» gazetasi 2025-yil 20-son