October 22

Garvardchilar maktabi

Bir guruh jurnalistlar Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi «Renessans» bolalar oromgohida bo‘ldik. Ushbu oromgohda «Prezident iqtidorli farzandlari» Milliy dasturi bo‘yicha respublikamiz miqyosida saralangan o‘quvchilar uchun 3 hafta davom etadigan mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu o‘quv mashg‘ulotlarda biz ham qat­nashdik. «Prezident iqtidorli farzandlari» milliy dasturi bu shunchaki ta’lim loyihasi emas, balki yoshlarning tafakkurini, dunyoqarashini va iqtidorini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan keng ko‘lamli tashabbusdir. Mazkur dastur doirasida 1500 nafar umumta’lim maktab o‘quvchilari ingliz tilida olib borilayotgan buxgalteriya hisobi, biznes asoslari va zamonaviy yondashuv fanlarini chuqur o‘zlashtirib, kelajakning glo­bal fikrlovchi mutaxassislariga aylanmoqda.


– Men «Prezident iqtidorli farzandlari» loyihasining ilk ishtirokchilaridan biriman. Ushbu loyiha iqtidorli yoshlarni dunyoning eng nufuzli, top-100 ta universitetlarida o‘qishga tayyorlashni maqsad qilgan. Bu yerda biz nafaqat bilim olamiz, o‘qiymiz, balki dam olish kunlarida zakovat o‘yinlari, sport mashg‘ulotlari va «Talant shou» kabi qiziqarli loyihalarda ham faol ishtirok etyapmiz. Men bu mashg‘ulotlar bilan bir qatorda «Tong yulduzi» gazetasini ham muntazam o‘qib boryapman. Gazeta mening doim­iy hamrohim! – deydi Navoiy viloyati, Karmana tumanidan tashrif buyurgan ishtirokchi Charosxon BAHODIROVA.


– Xayrli kun. Men Renessans kompusida umumiy amaliyot fani bo‘yicha o‘qituvchi sifatida faoliyat yurityapman. Ushbu fan nafaqat tahliliy ko‘nikmalarni, balki samarali muloqot qilish va jamoada ishlash malakalarini ham o‘z ichiga oladi. O‘quvchilar uchun jamoaviy ish juda katta ahamiyatga ega. Avvaliga ular topshiriqlarni yakka tartibda bajaradilar, keyinchalik esa biz ularni guruhlarga birlashtiramiz. Bunday ko‘nikmalar kelajakda, xususan, universitetga kirishda katta yordam beradi. Chunki tabiiy fanlar, huquqshunoslik kabi yo‘nalishlarda, hatto diplomat bo‘lib ishlashni istaganlar uchun ham bu ko‘nikmalar oliy ta’lim muassasalari tomonidan yuqori baholanadi. Bundan tashqari, bu bilim va tajribalar nafaqat o‘qishda, balki keyingi hayotda ham asqotadi. Shu sababli, ushbu fan juda qimmatli bo‘lib, menimcha, o‘quvchilar uchun bu yerda uni o‘rganish nihoyatda foydali hisoblanadi, – deydi xorijlik o‘qituvchi Micheal Conroy.


– «Prezident iqtidorli farzandlari» loyihasi haqida eshitganim zahoti hujjatlarimni topshirdim. Imtihonlar oson kechmadi, ammo 27 mingdan ortiq tengdoshlarim orasidan saralab olinganim – hayotimdagi eng quvonchli lahzalardan biri bo‘ldi. Hozir «Renessans» sog‘lomlashtirish oromgohida o‘tayotgan uch haftalik ta’lim dasturida qatnashyapman. Bu yerda bizga xorijlik va mahalliy tajribali ustoz­lar xalqaro standartlar asosida dars o‘tyapti. Bu loyiha bizni dunyoning nufuzli universitetlariga kirish, bilim va tafakkur jihatdan yuksalishimizga katta yordam beradi, – deydi xorazmlik ishtirokchi Shohjahon RAHIMOV.


Davlatimiz rahbari ilgari surgan «Garvardchilar maktabi» konsepsiyasi esa aynan shu yoshlar uchun intellektual va amaliy ko‘nikmalar uyg‘unlashgan yangi ta’lim makonini yaratmoqda – bu makon O‘zbekis­tonning ertangi kun rahbarlari, iqtisodchilari va tadbirkorlari uchun haqiqiy tayanch bo‘lib xizmat qiladi.

A. ABDUMALIK