April 10

SIYMO

Toshkent fotosuratlar uyida o‘ziga xos uslubga ega, serqirra ijodkor rassom Temur Rahmetovning "Siymo" nomda shaxsiy ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ekspozitsiyada rassomning taqdim etgan turli janr va yo‘nalishlardagi atrof muhit va insonning ichki dunyosi hilma-xilligi aks etgan asarlari barcha san’at muxlislarini befarq qoldirmadi.
San’atshunos Gulnora Ishmurotova ta’kidlaganidek, ko‘rgazmada namoyish etilgan asarlar tomoshabin bilan o‘zi haqida suhbat, vaqtning bir zumda o‘tishi, sevgi, atrofdagi o‘zgarishlar haqidadir. Rassom yaratgan har bir asar hamisha kashfiyotga aylanadi.

RASSOM, XAYKALTAROSH KO‘RGAZMASI


O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Ikuo Xiroyama nomidagi xalqaro madaniyat karvonsaroyida rassom, haykaltarosh Ulug‘bek Usmonovning «Manba», deb nomlangan ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda ijodkorning ellikdan ortiq rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik ishlari o‘rin olgan.
Ekspozitsiyada rassomning «Haykaltaroshlik darsi», «Ko‘cha», «Xiva», «Xorazm», «Bahor», «Qish», «Sayil», «Ota darvoza», «Qurilish», «Safar», «Zarkent», «Paxta», «To‘y oshi», «Ov», «Xotira», shuningdek, xaykaltaroshlik yo‘nalishida «Lazgi», «Hayot kemasi», «Bahor», «Nay chalib o‘tirgan qiz» kabi ijod namunalari o‘rin olgan.
Ijodkor 1969 yili Toshkentda tavallud topgan. P.Benkov nomidagi Respublika rassomlik o‘quv yurtida, Mannon Uyg‘ur nomidagi Toshkent davlat san’at va madaniyat institutida tahsil olgan.
Kamoliddin Behzod nomidagi rassomlik va dizayn institutining xaykaltaroshlik kafedrasi dotsenti.

Hasan ABDUNAZAROV O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi