O‘QIGAN BILMAS, UQQAN BILAR
Hammaning bolalik va yoshlik yillari bor, lekin barcha ham bu bebaho damlarning qadriga yetavermaydi. Yoshlikni g‘animat bilib, uning shod-quvnoq, o‘yin-kulgiga boy beg‘ubor damlaridan kechib, ko‘p vaqtini o‘qish va ilm olishga bag‘ishlaganlargina ko‘zlagan maqsadlariga erishadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, «Ishonch» va «Ishonch – Doveriye» gazetalari Bosh muharriri Husan Ermatov ana shunday siymolardan biridir. Husan Ermatov «Oltin qalam» milliy mukofoti, «Shuhrat» medali va «Do‘stlik» ordeni kabi faxriy unvonlari bilan taqdirlangan. Sahifamizda xalqimiz ardog‘idagi ustoz-jurnalistning bolalik xotiralarini e’tiboringizga havola etamiz.
Avvalo, ota-onam haqida aytay. Bolaligida onasidan ayrilgan qiblagohim ko‘p yillar qiyinchiliklar ko‘rib ulg‘aygan. O‘n to‘rt yoshimdan otamning o‘rniga ishga chiqar edim, deya eslab turadilar bolaliklarini. Ba’zida ularning chekkan zahmatlarini tinglab turib peshonalaridagi ajinlarining boisi ko‘z oldimdan o‘tadi, go‘yo. Otam maktabni tugatib ko‘p yillar Oqoltin, Mirzacho‘l tumanlarida paxta dalalarida yollanma ishchi bo‘lib ishlab yurgan. Tog‘li tuman odami bo‘lsa-da, o‘sha suronli yillarni bir zum ham unutmagan, paxtaning nechog‘li injiq ekanligini yuragidan o‘tkazgan va yaxshi o‘zlashtirgan. Keyin tumanga qaytib qurilishda ishlagan, «Jizzaxcho‘lqurilish» deb nomlangan ulkan tashkilotda brigada boshlig‘i bo‘lib, sobiq ittifoq davrida ikkinchi darajali «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan. Bu «Mehnat qahramoni»dan keyingi maqomdagi orden edi...
Baxmal tumani markazi O‘smat shaharchasining bugungacha qo‘r to‘kib turgan bir qator salobatli binolarini bunyod etishda u kishi bosh bo‘lgan quruvchilarning mehnati singgan. 1980-yilda tuman markaziy kasalxonasiga ishga o‘tdilar. Keyin qariyb chorak asr shu yerda xo‘jalik mudiri bo‘lib ishladilar. Onam rahmatli bilan o‘n nafar farzand ko‘rishgan, ulardan ikki nafari vafot etgan. Hozirda besh o‘g‘il, uch qiz – barchamiz oilalarimiz bilan o‘zimizdan ko‘payib umrguzaronlik qilayapmiz. Nabiralari 30 ga yaqin, abiralari esa o‘n nafardan oshdi. Faxrlanib ayta olamanki, men baxtli insonman, chunki shunday baxtli oilada tug‘ildim. Har bir kishiga ham o‘z ota-onasi, avlodlari bilan faxrlanish nasib etavermaydi. Otamni bugun butun Baxmal eli hurmat qiladi. Tumandagi biror e’tiborli tadbir, to‘y-maraka u kishisiz o‘tmaydi. Elning oqsoqoli, pir-u badavlat otaxoni bo‘lib yuribdilar. Yetkazganiga shukur. Biz o‘g‘il-qizlar ota-onamizning duosini olish yo‘lidamiz. Erishgan neki yutuqlarimiz bo‘lsa, ularning duolari, tarbiyalari, o‘git va maslahatlari bilan yetishganmiz.
Onam haqida esa hayajonsiz gapira olmayman. 2018-yilda volidamiz olamdan o‘tdilar. Mehribon volidamning har qadamda bizlarni duo qilib yurishlarini sog‘inaman. Oddiygina biror voqea bo‘lsa ham Allohga shukur qilar edilar. Hayotimning hech bir voqeligi onamning e’tiboridan chetda qolgan emas. Hatto farzandlarimizning oddiygina shamollashi ham u kishiga ayon bo‘lib turar edi. Bularning bari o‘sha bepoyon mehrning belgisi bo‘lgan ekan. Onalarning hamisha ham qadriga yeta bilmas ekanmiz. Ular bizni tark etgach, o‘sha bir og‘iz duoning tagida bizga bilinmay kelgan qancha ulug‘ hikmatlar, ma’no borligini his qilar ekansiz.
Baxmal tumanining 5-umumta’lim maktabi tumandagi eng ko‘zga ko‘ringan ta’lim dargohlaridan biri hisoblanadi. 1977-yilda shu maktabning 1-sinfiga qadam qo‘yganman. Ilk ustozim – Zaynab Jonnazarova bo‘ldi. Zaynab opa asli Toshkent viloyatida tug‘ilgan bo‘lsa-da, qishlog‘imiz – O‘rayning eng namunali kelinlaridan biri edi, g‘oyatda madaniyatli, ma’naviyati yuksak muallima edi…
Maktabga borgan ilk kunim hech esimdan chiqmaydi. Daftarga 1 raqamini yozishni o‘rganganmiz. Shunda ikki-uchta joyda chiziqlar qiyshayib ketgani uchun onamdan yaxshigina dakki eshitganman. O‘sha bitta dakki menga o‘n yilga yetarli bo‘lgan.
Maktabda haqiqiy fidoyi ustozlarning qo‘lida o‘qiganmiz. Begimqul Norqo‘ziyev, Egamberdi Hasanov, Ibrohim Ermatov, Ko‘chim Vohidov, O‘rol Normatov, Abdualim Abilxoyev, Sobir Abduahatov, Gulnora Rasulova, Burxon Meliboyev, Mamarasul Jumanov, Burxon Shayzoqov, Ra’no Norboeva kabi ustozlarni hech qachon unutib bo‘lmaydi. Har birining menga xizmati singgan. Ularning darslarini hali-hamon sog‘inamiz.
Mening aynan jurnalist bo‘lishimga turtki bergan ustozim Abdulla Ergashevning adabiyotga bo‘lgan ulug‘ muhabbatini havas bilan kuzatardim. Bu insonni adabiyotning tirik ensiklopediyasi desa hech ham xato bo‘lmasdi. Men adabiyotning matematika bilan qanday aloqasi bor degan savolga shu odamdan javob topganman. Ha, rost gap, biz adabiyotni beadoq va chegarasiz ijod deb bilamiz. Ammo, Abdulla aka uni hech ham chegarasiz emasligini menga uqtirib turgandek bo‘laveradi. Aniqrog‘i, adabiyot ham spektakldek gap, uning boshida devorga osig‘liq chakmon haqida so‘z aytildimi, u chakmon bir kuni qahramonning yelkasiga ilinishi, kiyilishi lozim. Buni ikki karra ikki to‘rtdek hisobga olish zarur. Yana bir gap, Abdulla aka birovga biron gapni bekorga aytmasdi, men u kishiga Abdulla Qahhor kabi so‘zga xasissiz, deb yuborganman bir gal. Aslida, ko‘nglimda Abdula Qahhor ham sizchalik so‘zni ayab yurmagan bo‘lsa kerak, demoqchi bo‘lganman. Endi buyog‘ini o‘zingiz tasavvur qilavering. Oradan yillar o‘tdi, oz emas, ko‘p emas – 30 yil. Qishloqqa borganimda maktabga kiradigan bo‘ldim. Ta’lim dargohiga bir dasta kitob ko‘tarib bordim. Direktorimizga, agar imkoni bo‘lsa, Abdulla akani ham taklif qilishini iltimos qildim. Ochig‘i, ustozim mening o‘tgan qariyb 35 yillik hayotimni sinchkovlik bilan kuzatib borayotgani ma’lum bo‘ldi. Kutubxonada uchrashuv qildik. O‘quvchilar bilan dildan suhbat qurdik. O‘sha kuni domlam meni butunlay hayajonga soldi. Mening 1992–1996-yillarda «O‘zbekiston ovozi» gazetasida chiqqan maqolalarimning besh-oltitasini sharhlab bersa deng. Qariyb chorak asr oldin yozgan maqolalarimni-ya… Hatto ularni o‘zim ham eslolmasdim. Mana shu haqiqiy ustozlik mehri bo‘lsa, ne ajab?..
Yaxshiki, ustozlarim bilan ko‘p yillar o‘zaro yaqin munosabatda bo‘lib yurishga intildim. Zaynab opa Toshkentga kelib qolsalar, albatta, yuz ko‘rishib suhbatlarini olishga oshiqardim. Hayot esa, o‘lchovli, ularning ko‘pchiligi endi oramizda yo‘q. Bilganim va taskin shuki, ularning har safar mening erishgan yutuqlarim, ozmi-ko‘pmi jurnalistikadagi natijalarim, televideniyeda tayyorlagan ko‘rsatuvlarimni ko‘rishlari, kitoblarimni o‘qishlari, ichki bir faxrlanishlari edi. Hamisha ularni yod olib, haqiga duolar qilib turaman.
Bolaligimdan san’atga qiziqardim. 2-sinfda o‘qib yurgan kezlarim bunday qiziqishimni ko‘rgan otam menga rubob olib bergan edi. Hech esimdan chiqmaydi, uyimizga bu soz kelgan kuniyoq men mustaqil tarzda kuylarni chala boshlaganman. Keyin maktablararo o‘tkaziladigan «San’at bayrami» tanlovlarida faol qatnasha boshladim. Hatto 9-sinfda o‘qib yurgan paytimda respublika tanlovida yakkaxon ijrochi sifatida 3-o‘ringa ham munosib ko‘rilganman. O‘zbekiston xalq artisti Ortiq Otajonov qo‘shiqlarini jon-dilimdan kuylardim.
Maktabimiz direktori Begimqul Norqo‘ziyev har tongda o‘quvchilarni kutib olardi, aniqrog‘i, ishga vaqtli kelib, kuzatib turar edi, shunday ediki, har bir bolaning kayfiyati, yurish-turishi nazoratda bo‘lardi. Direktorning bunday fidoyiligi barcha o‘qituvchilarga ham o‘tgan edi. Bizning ustozlar darslarga alohida tayyorgarlik ko‘rishar, har dushanba o‘tadigan «Lineyka»lar esa jiddiy tanqidlar va jazolashlar bilan o‘tar, «2» baho olgan o‘quvchi albatta, direktorning shaxsan o‘zidan «tegishi»ni olmay qolmasdi. Shuning uchun ham bu bahoni olish biz uchun favqulodda og‘ir holat bo‘lardi. Maktabda fan olimpiadalari, san’at va sport tanlovlariga alohida tayyorlanardik. Maktabimizda butunittifoq olimpiadalarida birinchi o‘rinni olgan o‘quvchilar ko‘p bo‘lgan. Biz hamisha bir-birimiz bilan o‘zaro ichki musobaqa, raqobat bilan o‘qiganmiz. Matematika, kimyo, tarix fanlaridan har yili o‘quvchilarimiz kamida viloyatda birinchilikni qo‘lga kiritar edi. Shularni o‘ylab bugungi maktablarga nazar tashlayman. Ko‘p savollar tug‘iladi, endi bu, albatta, boshqa masala.
O‘smirlik qaysi yoshdan boshlanishi haqida ko‘p gapirish mumkin. Nazarimda, odam o‘z kelajagiga tanlov qila boshlagan yillardan boshlansa, ajab emas bu fasl. San’atga oshno tutinib o‘z kelajagimni shu yo‘lda ko‘rib yurgan davrim edi. Birdaniga ovozim yo‘g‘onlashib qoldi. Bu o‘sha bolalik bilan o‘smirlikning chegarasi bo‘lgandir, balki, yana bilmadim. Qishlog‘imizdan bir jurnalist chiqqan edi. Usmon Ochilov! Bu inson nafaqat jurnalist sifatida, balki ziyoli bir inson sifatida ham mening qahramonimga aylanib qoldi. Men uning viloyat gazetasida chop etilgan maqolalarini qoldirmasdan o‘qiydigan, kiyinishi, yurish-turishi, qishloqdoshlarga, atrofdagilarga muomalasi, xullas, har bir xislatiga katta qiziqish bilan qaraydigan bo‘lib qoldim. U nihoyatda halim va mehribon, kamtar va qalbidaryo odam edi (Alloh rahmat qilsin). Maktabda o‘qish bilan birga u kishi bosh muharrir bo‘lib ish boshlagan «Baxmal hayoti»da ochilgan «Ishchi qishloq muxbirlari universiteti»ga qatnay boshladim. Endi har qanday yangilik, voqea-hodisa haqida yozishni odat qildim. Usmon aka mendagi bu intilishni rag‘batlantirib, yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatar, ba’zi jiddiyroq materiallarimni tahrirlab viloyat gazetasiga ham chiqarishga yo‘naltirardi. Hech esimdan chiqmaydi, bir kuni Usmon aka yaqin do‘stimizning to‘yida «Jizzax haqiqati»da chiqqan maqolamni o‘z tabrigi davomida butun elga o‘qib bersa deng. Viloyat gazetasi maqolamni rasmim bilan chop etgan edi. Bu mening shu zahmatli kasbni tanlashimga katta turtki bo‘lgan voqea bo‘lib qoldi.
O‘sha voqeadan keyin har kuni yozardim. Hikoyalar, kichik-kichik badialar, she’rlar… Va kun kelib, «Jizzax haqiqati»ning Bosh muharriri Oktyabr Javlonov menga Toshkent Davlat Universiteti jurnalistika fakultetiga yo‘llanma berdilar. Oktyabr Javlonov Jizzax muzofotida ko‘plab qalam ahliga g‘oyibona ustozlik qilgan odam edilar. Ko‘p yillar gazetaga Bosh muharrirlik qilish bilan birga, yoshlarni bu kasbga muhabbat bilan tarbiyalagan inson. Bugun viloyatimizda jurnalistika bayrog‘ini ko‘tarib yurgan yuzlab hamkasblarimiz u kishini o‘zlarining benazir murabbiysi o‘laroq e’tirof etadi, hurmat bilan yodga oladi. Alloh u kishini o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin.
Hayot bir zumda, ariqdagi suvdek oqib ketar ekan. Endi-endi bolalik va yoshlik yillarimizda vaqtni qadrlamay yurgan davrlarimizni o‘kinch bilan eslayman. Hayotda o‘rganish, amal qilish lozim bo‘lgan kitoblar juda ko‘p ekan-u, biz ularni ilg‘amay, o‘qimay, varaqlab ham ko‘rmay o‘tkazib yuboribmiz. Birinchisi, ota-ona, aziz birodarlar, yaqinlarning mehrini anglash, ularning qadriga yetish, ularni borida qadrlash. Ikkinchisi, men aytgan «kitob»larni ko‘proq va ko‘proq o‘qish, ular kitob holidami, «kitob» shaklidami, anglashga intilish, biror kunni, soatni, daqiqani besamar o‘tkazmaslik.
Ustozlarni e’zozlang, siz ularni e’zozlasangiz, siz ham bir kuni ustoz maqomiga ega bo‘lasiz. Ertaga sizni ham e’zozlashadi, ardoqlashadi, biling, bu juda ham bebaho ne’matdir. Ustozni e’zozlash esa ulardek bo‘lish, shogirdlarga mehr ulashish, beg‘araz ilm berish, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish, kuyunchaklik bilan e’tiborni darig‘ tutmaslikdir. Hayotda sinchkov bo‘ling, kuzatuvchan bo‘ling, har bir holatning mag‘zini chaqishga intiling, bir so‘z aytar bo‘lsangiz, o‘sha so‘zning oqibatini mushohada qiling, har bir so‘zingiz yukli bo‘lsin, bemaza so‘z aytishdan uzoq bo‘ling. Men ham ko‘p kitob o‘qiganman, ammo uqqanmanmi? Shuni ko‘p o‘ylayman, uqqan emasman, bu aniq! O‘qish boshqa, uqish esa butunlay boshqa ekan, dunyoda o‘qish va uqish zarur bo‘lgan kitoblarni, albatta, sinchiklab, ma’nosiga yetib o‘qish kerak, axir biz odammiz, biz fikrlash, dunyoni anglash va unda o‘z izimizni yaratish va kelgusi avlodlarga nimadir yaxshiliklar urug‘ini qoldirib ketishimiz lozim.
Prezidentimizning bir gapi menga juda yoqadi: «Biz baland marra oldik».
Bir odamning olgan marrasi bir marra, elning otasi olgan marra ming marradir. Ha, shu gapni siz ham eslab qoling, har bir inson o‘ziga baland marrani ola bilishi lozim. Men falon cho‘qqini zabt etaman, deng, o‘sha cho‘qqiga yetishga butun borlig‘ingiz bilan intiling. Hech kim o‘zo‘zidan olim, fozil bo‘la olmaydi. Bunga intilish, juda ko‘p mehnat qilish, zahmat chekish lozim. Dunyoni anglash degani faqat kitoblarni o‘qishdangina iborat bo‘lmay, balki ularni hayotga olib kirish, dunyoni rivojlantirish, odamzodga naf keltirish bilan qiymat kasb etadi. O‘sha qiymatni yaratish ishida qatnashing, toki, ertangi nasllar, farzandlaringiz, sizdan keyin qoladigan avlod siz bilan qalbida iftixor tuysin, yaxshi so‘z bilan yod etsin!
Azizbek ABDUMALIK suhbatlashdi.
«Tong yulduzi» gazetasi 2025-yil 12-sonidan