March 24

IFTIXOR HISSI

«Buyuk ajdodlarga munosib avlodlar» tanloviga

Kitob o‘qish naqadar yaxshi. Ayniqsa, u she’riy kitob va tarix bilan bog‘liq bo‘lsa. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yigirmadan ziyod kitoblari chop etilgan Gʻulom Shomurodning «Buyuklar qadri» nomli kitobi kabi. Bu kitob haqida sevimli gazetamiz «Tong yulduzi»da o‘qib qoldim va juda qiziqdim. Izlab-izlab topdim va o‘qib chiqdim. Juda ajoyib, juda ma’noli va anchayin ta’sirli kitob ekan.

Tengdoshlarimga ham o‘qib chiqishlarini tavsiya qildim. Kitobda Sohibqiron Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Alisher Navoiy, Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek va ko‘plab buyuk, tarixda o‘chmas iz qoldirgan, qolaversa, davlatimiz ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan insonlar birma-bir yod etilgan. Ajdodlarimizni eslab, biz shunday buyuk insonlarning avlodlari ekanligimizdan sevinib, bir qadar faxr va iftixor hislarini tuydim. Menga ushbu kitobdagi hamma she’rlar yoqdi. Ayniqsa, Zahiriddin Muhammad Boburga atab yozilgan she’r yuragimdan chuqur joy egalladi. Go‘yoki, shoir bu she’rini Gʻulom Shomurod bo‘lib emas, balki Zahiriddin Muhammad Bobur bo‘lib yozgandek. She’rni o‘qir ekanman, xayolot olamiga sho‘ng‘idim. Har bir jarayon ko‘z oldimda birma-bir tasvirlanardi. Shoir bu she’rida – inson o‘zi tug‘ilib o‘sgan go‘shani sog‘inishi va yoxud Vatandan yiroqligi, undan o‘tayotgan ichki hissiyotlar hamda iztiroblarni yaqqol namoyon eta olgan.

Bu men uchun katta jasorat. Yuqorida ta’kidlaganimdek – biz buyuk insonlarning avlodlarimiz, bizning ajdodlarimizni butun dunyo tan olgan, butun dunyo ularning qudrati oldida bosh eggan. Bizlar esa ajdodlarga munosib avlod bo‘lib, irodali, sadoqatli, adolatli va vatanparvar inson bo‘lmog‘imiz kerak. Kitobdan umrimizni faqat o‘zimizni emas, balki atrofimizdagi insonlarga foydamiz tegadigan tarzda unumli, maqsadli qilib o‘tkazish kerakligini angladim.

Gʻulom Shomurod ham xuddi buyuklar kabi barcha yoshlar va kattalarning ko‘nglidan munosib joy egallasa, ajab emas. Garchi, oramizda bo‘lmasa ham she’rlari bilan mudom hayotdir.

Dilafro‘z HASANOVA,

Jizzax viloyati, Gʻallaorol tumanidagi 68-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi