July 15

HAYOTIMNING GO‘ZAL SAHIFALARI

Jizzaxda shunday ilhomlar uyi borki, har qanday ijodkor inson u yerda tabiatdan, tog‘lar go‘zalligidan zavqlanadi, ko‘nglidagilarni qog‘ozga to‘kkisi keladi. Ana shunday muqaddas go‘shalardan biri bu Zomin zaminidir. Respublika ana’naviy Zomin seminari bu yil ham o‘z bag‘riga adabiyotga oshno qalblarni chorladi. Bu yil ijod maktabining ,,Yosh ijodkorlar" to‘garagi a’zosi sifatida ushbu seminarda ishtirok etish menga katta faxr bag‘ishladi. Mana shu 3 kun umrimning eng chiroyli lahzalari bo‘ldi desam, adashmagan bo‘laman. Qolaversa, ijod ostonasiga endi qadam qo‘yayotgan biz yoshlar uchun Sirojiddin Sayyid, Farida Afro‘z, Mahmud Toir, Sirojiddin Rauf, Muhammad Ali singari ustozlar tomonidan mahorat darslarining o‘tilishi kelajakda o‘z yo‘limizni topishda, adabiyotimizning ko‘zga ko‘ringan vakili bo‘lib yetishishimizda turtki bo‘ldi.

Seminarda qatnashgan barcha ishtirokchining ko‘zida olovni ko‘rdim. Ishtirokchilar sho‘balarga bo‘lindi. Bizni sho‘baga sevimli ijodkorlarimiz Farida Afro‘z hamda Sirojiddin Rauf boshchilik qilishdi. To‘g‘risi, tanqid insonni o‘stiradi, deydilar. Berilgan saboqlar, o‘tilgan darslar bo‘lg‘usi ijod yo‘limda menga katta shior bo‘ldi. Butun respublikamiz, qolaversa, ,,Vatandosh" loyihasi bo‘yicha boshqa qo‘shni davlatlardan tashrif buyurgan ishtirokchilar bilan ham do‘stlashdik. Seminarning birinchi kuni ustozlar va ishtirokchilar oldida o‘z she’rimni baralla aytib berdim. Ikkinchi kuni mashhur ,,Yaldo kechasi" asarining muallifi Xayriddin Sultonning tashrifi seminarga katta shukuh berdi. Taqdirlash marosimida esa Muhammad Ali tomonidan faxriy yorliq va sovg‘alarni qabul qilishim hayratlar bilan boyib borayotgan yuragimni butunlay quvonchga to‘ldirdi. Kichikligimda ustozning ,,Gumbazdagi nur"dostonini zavq-u shavq bilan yod olganim esimga tushdi.
Bu go‘shadan qanday qilib ilhomlanmaslik mumkin, uyga keldim-u bo‘lganlarni qog‘ozga qoralashga tushdim. Har bir so‘zni anglash, yoziqlarni taftish qilish va o‘qishdan to‘xtamaslikni o‘rgatgan Zomin ijodkorlar uchun mahorat maktabi bo‘ldi.

ILHOMLAR UYI

Ruhimga taqildi shoda marjonday
Zomin zaminida tug‘ilgan hislar.
Quvonchim, tuyilmam umrboqiydir,
Bari yuragimga bosilgan izlar.

Mehmoniga intiq ko‘hna mezbonday
Ijodimga bag‘rin ochadi tog‘lar.
Ichimdagi so‘zlar gullab ketmishki,
So‘zdasta yasayman ko‘nglimni chog‘lab.

Saboqlar mevalar tugadi hatto,
Hosil teriladi anglamlar yetsa.
Mendek tolibaga hayratlar inmish
Ilohiy so‘z haqda suhbatlar ketsa.

Vujudimga rangli bir ishq tushdiki,
Ranglandi oqargan she‘r parchalari.
Kamalakka intiq jajji boladek
Oynasini ochar she‘r darchalarim.

Yoshlikning uch kunlik go‘zal onlari
Poydevor yaratar—ilhomdir nomi.
Ruhimga shodalar taqdi marjonday
So‘zdastalar o‘sgan betakror Zomin.

Charos ISLOMOVA, Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabi o‘quvchisi