INDIRAGA MAKTUBLAR...
Ajdodimiz Mirzo Boburni qanchalik hurmat qilsak, Hindiston xalqi ham shunchalik muhabbat ila tilga oladi. Bobur asos solgan sulola Hindistonning rivojlanishiga, siyosiy, madaniy aloqalar oʻrnatishiga sabab boʻldi. Hindiston Bosh vaziri, davlat arbobi Javoharlal Neru oʻz qizi – boʻlajak ayol Bosh vazir Indira Gandining Boburdek barkamol shaxs boʻlib yetishishini istagan. Oʻzi qamoqda oʻtirgan vaqtlari qizi Indiraga Bobur haqida maktublar yozgan.
«...Bobur zamonamizning eng madaniyatli va dilbar zotlaridan biri edi. Bobur sanʼat va adabiyotga qiziqib, oʻzi sheʼr yozgan. U gullar va bogʻlarni yaxshi koʻrar, issiq Hindistonda Oʻrta Osiyodagi Vatanini tez-tez eslardi. «Fargʻonada binafshalar juda goʻzal, – deb yozadi u oʻz xotiralarida, – u yerda lolalar, atirgullar koʻp...»
«... Bobur xotiralar yozgan va bu ajoyib kitob bu odamning ichki dunyosini koʻrish imkonini beradi. U bizga Hind – Xitoy, uning hayvonlari va gullari, daraxtlar va mevalar haqida gapirib beradi, hatto qurbaqalarni ham unutmaydi. U oʻz Vatanining qovun, uzum va gullarini orzu qiladi».
Neru «Dunyo tarixiga nazar» nomli asarida ham Bobur shaxsiyatiga alohida toʻxtalib oʻtgan. «Hindiston yangi sulola – Boburiylar hukmronligida gʻoyat qudratli saltanatga aylandi va shu bois unga Yevropaning xavf solish yoki bosqin qilish ehtimoli yoʻq edi. Ammo Yevropa dengizlarda hukmronlik qilardi.
1526-yilda Boburning zaif va razil afgʻoniy Dehli sultoni ustidan qozongan gʻalabasi tufayli Hindistonda yangi zamon va yangi sulola – Boburiylar sulolasi davri boshlandi. Hindistondagi sulola ovozasi butun Osiyo hamda Yevropaga keng tarqalgandi».
Oʻtgan bir asrlik oʻtmishimizda Bobur Mirzo «bosqinchi»ga chiqarildi. Shonli tariximiz yulib olindi. Shunga qaramasdan, baribir ajdodlarimiz yodi qaytdi. Ularning xotirasini hurmat qilish bizning vazifamizdir.
Ziyodulla HAMIDULLAYEV tayyorladi.
«Tong yulduzi» gazetasining 2025-yil 6-sonidan