February 17

AYTGIL DO‘STIM, NIMA QILDIK VATAN UCHUN...

BOLALIK KUNLARIMDA...

Vatan haqida she’rlar ko‘p. Shoirlar o‘z yurtining ta’rif-u tasnifi uchun bisotlaridagi barcha so‘zdan foydalanadilar. Xonandalar esa bu she’rlardan diltortar taronalar ijro etishadi. Shu tariqa qo‘shiqlar orqali satrlar tilimizga, dilimizga o‘rnashib qoladi.

Vatan haqidagi «Tiniq tonglar», «Ona tuproq», «Agar jannat ko‘kda bo‘lsa…» nomli mashhur qo‘shiqlarning she’rlari muallifi sizga yaxshi tanish bo‘lgan sevimli ijodkorimiz, O‘zbekiston xalq shoiri – Iqbol MIRZO sahifamiz mehmoni.

– Iqbol aka, bolalik – inson umrining bahori, deyishadi. Sizning bolalik davringiz qanday o‘tgan?

– Bolalik nimaligini bilish uchun, odam avvalo, farzandli bo‘lib, ularni o‘stirib, tarbiyalab ko‘rishi kerak. Shunda bolalarning yurush-turishi, xulq-atvori, voyaga yetishi, dunyoqarashiga qarab baho berar ekansiz. Chunki o‘zingiz bola bo‘lganingizda esingiz bo‘lmaydi-da, o‘yin-kulgi bo‘lsa, vaqt o‘tsa, «Tezroq maktabni bitirsam», «Tezroq katta bo‘lsam», degan o‘ylar, tezroq shanba kelsa-yu yakshanbada maza qilib dam olsam, degan to‘s-to‘polonlar bilan vaqt o‘tadi.

Bizning bolaligimiz qiyinchilik davrlariga to‘g‘ri kelgan. Chunki asosan, paxta terish bilan vaqtimiz o‘tib ketardi. Hozir tasavvur qilolmayman, 1-sinf o‘quvchilari qanday qilib dalaga chiqib paxta terishi, ertalabdan kechgacha o‘qish o‘rniga shu ish bilan mashg‘ul bo‘lishi mumkin? Lekin haqiqatan shunday edi, dalani to qor bosib qolmagunicha tizza bo‘yi loy kechib bo‘lsa ham paxta terardik. O‘sha vaqtda tuzum shunday bo‘lgan. Butunittifoq miqyosida o‘zbekdek ezilgan, yo‘qchilikka duch kelgan xalq bo‘lmasa kerak. Bunga soddaligimiz, «kunim o‘tsa bo‘ldi» qabilida yashaganimiz, birlashmaganimiz sabab bo‘ladi. Lekin biz bola bo‘lib, bu fojia ekanligini bilmaganmiz.

Do‘stlar bilan futbol, «quloq cho‘zma», «eshak mindi» kabi o‘yinlar o‘ynab, bolalik zavqini tuyganmiz. Bolalikning yana bir esda qolarli jihati bu – kitob edi. Men oilada kenja farzand bo‘lganman. Akalarim universitetda o‘qishar, kitoblar olib kelishardi. Yosh bolaman, kitoblarni o‘qib, yod olardim.

Birinchi she’rim tuman gazetasi «Avangard»da chiqqan. Keyinchalik hozirgi «Tong yulduzi», «Gulxan» jurnallarida ham she’rlarim chop etilgan. Akalarim, opamga qarab mening tez savodim chiqdi. Maktabga chiqqunimgacha yozuv-chizuvni, o‘tiladigan darslarni bilib olgandim. 1-sinfdanoq she’r yoza boshlaganman. She’rlarim jo‘n, sodda bo‘lardi. Ko‘p she’rlarni yod olardim.

Rahmatli dadam Mirzakarim domla maktabda ona tili va adabiyot fanidan o‘qituvchilik qilgan. Juda qattiqqo‘l edi. Qattiqqo‘llik qaysi ma’noda, shafqatsizlik emas, balki talabchanlik nuqtayi nazaridan kerak. O‘zi chizgan chizig‘idan bolalarini chiqarmasligi kerak. Ular Umarali Normatov, Xudoyberdi To‘xtaboyev bilan SAGUda birga o‘qigan. Dadamdan kitobni tanlay olishni o‘rganganman. Bolaligimda menga qaysi kitobni o‘qish kerakligini belgilab berardilar. Qaysi kitob saviyali-yu, qaysi kitob saviyasiz ekanligini ajrata olardilar. Yangi chiqsa, misol uchun, Abdulla Oripov, Erkin Vo h i d o v, Hali m a Xudoy berdiyevaning kitoblari chiqishi bilan otam yoki akalarim birinchilardan olib kelib berishardi. Qolaversa, Navoiy, Fuzuliy, Ogahiyning kitoblarini tavsiya qilardilar. Dadamiz bilan ayamiz bizga katta maktab vazifasini o‘tashgan. Ularning mehnatkashliklari, chidam-bardoshlari, o‘ylab gapirib, o‘ylab ish qilishlari, hech qachon hech kimni yomonlamaganliklari biz uchun dars edi. Tog‘am Gʻulom Abdulla shoir bo‘lgan. Tog‘amga havas qilib she’r yozishni boshlagan bo‘lsam kerak, bunga ancha vaqt bo‘lib ketdi. 8 yoshimdan berishe’r yozsam, qariyb 50 yillik tajribam bor ekan-da.

Talabalik, albatta, oltin davr. Chunki inson navqiron, muhabbat yoshida bo‘ladi. Biz uchun oq oltin davri ham bo‘lgan. Sababi, yuqorida ta’kidlaganimdek, paxta yakkahokimligiga to‘g‘ri kelgan. Lekin, shunday bo‘lsa-da, unutilmas davr bo‘lgan. Ustoz Erkin Vohidov ta’biri bilan aytganda, «Yoshlik o‘zi – baxt»! She’riyatda har ijodkordan ayrim jihatlarini olganman. Kimdandir ko‘proq, kimdandir ozroq. Ijodimga asosan, Muhammad Yusuf she’riyati ta’sir qilgan. Ularning she’rlarini juda yaxshi ko‘rganimdan qalbimga singib ketgan.

– Sizning she’rlaringiz xonandalarimiz tomonidan chiroyli qilib qo‘shiqqa solingan. Ayniqsa, Vatanni madh etuvchi she’rlaringiz asosida yaralgan qo‘shiqlarni hanuzgacha xalqimiz sevib tinglaydi va kuylaydi. Ayting-chi, Vatanni madh etmoq qanchalik murakkab?

– Vatan haqida she’r yozish juda qiyin. Chunki, umumiy ta’riflarga, qolipga tushib qolgandek manzarani ta’riflagan sari geografik tushuncha singari tuyuladi. Vatanning yangi otini, yangi munosabatni topish qiyin. Sevgi-muhabbat haqida bo‘lsa, yaxshi ko‘rgan qizning ismiga atab ham she’r yozish mumkin. Lekin Vatan haqida yozish juda-juda murakkab. Vatan haqidagi zo‘r she’rlarni ustozlarimiz yozib bo‘lishgan.

Biz buning ustida ishlayapmiz, xolos. Vatan haqida yangi, o‘lmas qo‘shiqlar yozishimiz kerak. Qo‘shiq qanday yoziladi, buni bastakor ham, shoir ham bilmaydi. Odamlar tinglaganda, «voh» deb yuboradigan, yuragi jo‘shib ketadigan qo‘shiqlarga ehtiyoj sezmoqdamiz. Bu jarayonda hozircha izlanishdamiz.

– Kitobxon sifatida kimlarning kitoblarini mutolaa qilasiz?

– Yoshlikda Gulxaniyning «Zarbulmasal»i, «Kalila va Dimna» kabi majoziy va ramzlarga boy asarlarni yaxshi ko‘rib o‘qirdim. Adabiyot ham ramz, timsol degani, aslida. Keyin «Boburnoma» asarini sevib mutolaa qildim. Mahmud Qoshg‘ariyning «Devoni lug‘otit turk» asariga mehr qo‘ya boshladim. Keyingi o‘n-yigirma yillikda Chexov asarlarini miriqib o‘qiganman. Bugungi kunda Tolstoyning «Anna Karenina», «Urush va tinchlik» asarlarini takror mutolaa qilyapman. Tolstoy asarlarining epik qamrovining kengligi, ifodalarining aniqligi, falsafasi insonni zavqlantiradi. «Urush» va «tinchlik» so‘zlarini oling. Bir-biriga zid bo‘lgan bu tushunchalar bir insonning qonida, butun jamiyatning hayotida ikkilasi ham kam bo‘lmagan qiymatga egaligini yozuvchi mahorat bilan ko‘rsatib berolgan. Ya’ni, urushning ham o‘z o‘rni bor. Zero, Fransiya va Rossiya urushi butun boshli tamaddunni yetaklab keldi. Yevropa bilan Rossiyani o‘zgartirdi. Turli inqiloblarga sabab bo‘ldi. Buni Tolstoy realizm va romantizm asosida ko‘rsatib berdi.

– «Tong yulduzi» mushtariylariga tilaklaringiz…

– Nashrimizga juda chiroyli nom berilgan-da. «Tong» bu yangi davr, yangi nafas, umidlar mujdasini beruvchi degani. Bolalikning oldida hayot mavj uradi. «Tong yulduzi» bu – yorug‘ yulduz Cho‘lpon. Ardoqli shoirimizning nomini ham eslatadi. Farzandlarimizning kelajagiga yo‘llanma beradi. Bu nashrni bolalikda o‘qib, adabiyotga mehr qo‘yganmiz. Agar gazetadan xat kelsa, boshimiz osmonga yetgan. O‘ylaymanki, farzandlarimiz, o‘quvchilarimizga ham biz tuygan zavqni beradi. Adabiyotdan ayrilmaydigan, Vatanni yaxshi ko‘radigan, unga xizmat qiladigan yoshlarni gazetamiz tarbiyalaydi. Bir paytlar orzu qilganiga erishishi qiyin edi, hozir orzu qildimi, albatta, yetishish mumkin. Bugun axborot texnologiyalari dunyoga eshik ochdi. Biz hozir Toshkentda turib, Kuala-Lumpur, Barselona yoki Madrid bilan bemalol aloqa o‘rnata olamiz. Baribir har qaysi zamonda, hozir ham matbuotning o‘rni beqiyos. «Tong yulduzi»ni o‘zingizga do‘st tuting!

Ziyodulla HAMIDULLAYEV suhbatlashdi.