KITOBDA MA’RIFAT BOR
Maktab ma’rifat tarqatiladigan maskan, kitob esa ma’naviyat sandiqchasi. Kitob mutolaasi, ayniqsa, maktab o‘quvchilari va yoshlar o‘rtasida dolzarb masala.
Buni yaxshi anglagan ustozlar tashabbusi bilan yaqinda poytaxtimizdagi 22-umumta’lim maktabida «Jaholatga qarshi ma’rifat» tadbiri o‘tkazildi. O‘quvchilarning adabiyotga va kitob mutolaasiga qiziqishini yanada oshirish maqsadida maktabga taklif etilgan bolalar shoiri Dilshod Rajab qiziqarli she’rlaridan o‘qib berdi. Adib mutolaa, ijod yo‘llari haqida so‘zlab berdi. O‘quvchilarda kuzatilayotgan diqqatsizlik, smartfonga ovunib qimmatli vaqtni yo‘qotish, kitob o‘qimaslik holatlarini tanqid qildi.
Shuningdek, tadbirda so‘z olgan yosh shoir, «Tong yulduzi» gazetasi xodimi Diyor Rahmon o‘z ijodidan ajoyib she’rlar o‘qib, o‘quvchilar olqishiga sazovor bo‘ldi. Uchrashuv yakunida shoir Dilshod Rajab «Xayrli tong» kitobidan maktab kutubxonasiga sovg‘a qildi.