April 3

O‘SHA YILLARNI QO‘MSAYMAN

Sahifamiz mehmoni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, «Mehnat shuhrati», «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari, Xalqaro TURKSOY tashkilotining «Nizomiy Ganjaviy» medali sohibi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Mamatqul HAZRATQULOV.

Ustozning «Oqqush», «Yorug‘ kun», «Cho‘li iroq», «Hayotning bir parchasi», «Intizor», «Quyosh men tomonda», «Qo‘zichoqning ko‘z yoshlari», «Jur’at», «Eshiklar ochiq», «Chiroq o‘chmagan kecha», «Ko‘kko‘l» «Diydor», «Sevgi sozi», «Ikki sohil», «Kitobim ichra sen borsan»,«Qizil va yashil», «Varaqsiz daftar», «Qirg‘oqsiz daryolar» kabi nasriy kitoblari nashr etilgan. «Mehr ko‘p ko‘rgazdim», «Mehmon», «Qadrim», «Haqso‘z», «Afandining yangi sarguzashtlari» nomli pyesalar, «Ipaklari tillodan», «Non» hujjatli filmlar ssenariysi muallifi. Ustoz Lev Tolstoy, Vasiliy Shukshin singari rus yozuvchilari hamda ozarbayjon, qozoq, tojik, tatar, yapon yozuvchilarining hikoya va qissalarini o‘zbek tiliga o‘girgan. Yozuvchining asarlari rus, ozarbayjon, tatar, qoraqalpoq tillariga tarjima qilingan.

U kishi o‘z asarlari va el-u yurtga fidokorona mehnatlari bilan ko‘plab avlodlarga namuna bo‘lgulikdir. Shu bois, adibning bolalik damlari qanday o‘tganligi bilan qiziqdik.

– Men 1947-yil 1-fevralda Samarqand viloyati, Urgut tumanidagi Mingbuloq qishlog‘ida tug‘ilganman, – deya hikoya qiladi ustoz. – Ko‘pincha uchrashuvlarda sizni jurnalist, yozuvchi bo‘lishingizga nima sabab bo‘lgan, deb so‘rashadi. Men tug‘ilgan joyning bir tomoni bog‘, bir tomoni tog‘, o‘rtada daryo. Shunday joyda tug‘ilgan odam ijodkor bo‘lmay, kim bo‘lsin?! Albatta, go‘zal joylarda tug‘ilganlarning hammasi ham yozuvchi, shoir bo‘lavermaydi. Ijodkor bo‘lish uchun, avvalo, Xudo bergan iste’dod bo‘lmog‘i kerak. Iste’dodni esa mehnat bilan charxlab borish lozim.

Ota-onamning to‘qqiz farzandi orasida ularni eng ko‘p qiynagan men bo‘lsam kerak. Sababi, bolaligimda juda ko‘p kasal bo‘lganman. To‘qqiz kunligimda tomoqdan qolgan ekanman. Tasavvur qilayapsizmi, to‘qqiz kunlik chaqaloq emolmasa, ona sho‘rlik qay ahvolga tushadi... Urushdan keyingi og‘ir yillar, uning ustiga tog‘li joydagi bir qishloq.

U vaqtda qishloq joylarda do‘xtir qayoqda deysiz. Folbinga borgan, mullaga o‘qitgan. Bir mulla og‘ir ot qo‘yibsiz, bola ko‘tarolmapti bu ismni, otini o‘zgartirish kerak, debdi. Va Mamatqul, deb ism qo‘yib beribdi (ismim Sa’dulla bo‘lgan). Mamat emas, Muhammad bo‘lishini, Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning quli emas, ummati bo‘lishini, banda Allohning quli bo‘lishini bilganmi-bilmaganmi – bunisi bizga qorong‘i. Nima bo‘lganda ham, Xudo rahmat qilsin o‘sha domlani, yaxshi niyat bilan o‘zgartirgan ismimni.

Enajonim o‘shanda qanchalar ezilgan, qiynalgan. Sutini sog‘ib, kichkina qoshiqcha bilan og‘zimni ochib quyar ekanlar. Bu hol qancha davom etgan – bir oymi, ikki oymi yoki undan ham ko‘pmi – bilmayman. Enamdan bir so‘raganimda, «Esimda yo‘q, bolam... Qo‘y, u kunlarni eslatma. Xudoga shukur, hammasi o‘tib ketdi. Xudoyim umringni uzun qilsin. O‘zi mehribon», degandilar.Bilamanki, hammasi eslarida bor, ammo eslagilari kelmaydi. Shundan keyin bu haqda boshqa gap ochmadim...

Ikki-uch yoshimda boshimga yara chiqadi. Bir gap kelganda enam aytib bergan edilar. «Yoz oylari edi. Tiqmachoqday semizgina eding. Oq ko‘ylakchang bo‘lardi. Shuni kiyvolib, tuproqqa belanib o‘ynab yurarding. Yarangga pashsha qo‘nishidan qo‘rqardim. Alloh asrasa, hech narsa qilmas ekan... Xudoga shukur...». Enam bechora bormagan folbin-u tabib, mulla qolmaydi yon-atrofda. Ammo yara tuzalavermaydi. «Kechalari uyqim qochib, dardingga shifo so‘rardim Yaratgan egamdan, – deb eslagandilar. – Bir kuni tush ko‘rdim. Oppoq soqolli bir nuroniy bolangni Shohizindaga olib bor, o‘sha yerda o‘qit, dedi. Uyg‘onib ketdim. Tong otishiga ham sabrim chidamay otangni uyg‘otdim. Ko‘rgan tushimni aytdim. Tong bo‘zarib-bo‘zarmay, otang bilan yo‘lga tushdik».

U paytlarda mashina qayoqda deysiz. Ot yoki eshakda borilgan Samarqand shahriga. Onda-sonda o‘tadigan «polutorka» degan mashinaga ilinsa – omad kelgani. Xullas, otam bilan enam ming bir azobda Shohizindaga boradi. Ziyorat qilib, o‘sha yerdagi domlaga bor gapni aytib, meni o‘qitadi. Shundan keyin Yaratganning qudrati bilan boshimdagi yara tuzala boshlaydi... Ixlosda ham bir hikmat bor ekan-da...

Otam o‘rta bo‘ylidan balandroq, barvasta, keng yelkali, yuzlari go‘shtli, bug‘doyrangga moyil, salobatli edilar. Barmoqlari yo‘g‘on-yo‘g‘on, qo‘llari baquvvat, suyaklari mehnatda qotgani sezilib turardi. Yurishlari ham, gapirishlari ham vazmin edi. Har ishga shoshilmay, mulohaza bilan yondashardilar, biron-bir ish yoki masalada xulosa chiqarishda, qaror qabul qilishda har jihatni o‘ylab ish tutardilar. Garchi o‘zlarining qat’iy fikrlari bo‘lsa-da, boshqalar bilan kengashishdan, ularning fikrini so‘rashdan or qilmasdilar. Nafaqat qarindoshlarimiz, butun qishlog‘imiz ahli to‘y boshlaydimi yoki boshqa tadbir qiladimi, otamning oldilariga kelib maslahat solardi.

QANOATDA GAP KO‘P

Men universitetni bitirib, «O‘zbekiston madaniyati» gazetasida ishlab yurgan kezlarim edi. Otam bilan gurunglarning birida u kishidan so‘radim:

– Ota, qancha nafaqa puli olasiz? Otam soqollarini silab, mayin jilmaydilar.

– Nimaga so‘rayapsan? Pul kerakmi?

– Yo‘g‘-e, ota, nimalar deyapsiz... Bir umr kolxozda ishlagansiz, rais bo‘lgansiz, hosilot, brigadir... Hozir ham tinch qo‘yishmaydi. Shunga yarasha pensiya beryaptimi, demoqchiman-da. Endi astoydil kuldilar.

– Qo‘yaver, o‘g‘lim. Nos puliga yetib turibdi.

– Nima? Nos puli?

– Shunisigayam shukur. Barakasini bersin.

– Ota, – dedim, – xo‘p desangiz, men rayonga borib, nafaqangizni surishtirsam. Sizga pensiya yozishda adolatsizlik bo‘lganga o‘xshaydi. Otam endi istehzoli kuldilar.

– Adolat izlaysanmi? – biroz yerga qarab sukut saqladilar. Choydan bir ho‘pladilar-da, menga qaramay so‘zlarida davom etdilar. – Qo‘y, o‘g‘lim, ovora bo‘lma. Eshikma-eshik sarson bo‘lganing qoladi... Menga shu yetadi. Senlarga bersin Allohim, – menga yuzlandilar. – Sen Toshkani azimda katta o‘qishda o‘qiding. Menga, enangga pensiyaning nima keragi bor? Shunga zormizmi? Akalaring bor, ukang bor, sen borsan. Senlarni umri jonlaringni salomat qilsin, topganlaringga baraka bersin. Boshqasini qo‘yaver, bolam... O‘rni kelganda aytib qo‘yay, hadeb adolat, haqiqat qidiraverma. O‘zing to‘g‘ri bo‘lsang, adolat va haqiqat tarozisiga xiyonat qilmasang, birovning haqqiga, ayniqsa, davlatning narsasiga ko‘z olaytirmasang, adolat-u haqiqat o‘zi keladi oldingga. Odam ularni boshqalardan emas, avvalo, o‘zidan qidirishi, o‘zi amal qilishi kerak. Allohning berganiga shukur qilsang, barakali bo‘ladi. Hech qachon noshukur bo‘lma. Ko‘piga shukur qilib, kamiga qanoat qilishni o‘rgan. Hammalaringni imon-u insofdan ayirmasin Yaratgan egam. Otamning bu gaplari qulog‘imga qo‘rg‘oshinday quyilib qolgan. Biron ishga qo‘l ura boshlasam, ko‘z o‘ngimda otamning muborak siymolari paydo bo‘lib, quloqlarim ostida o‘sha pand-u nasihatlari eshitiladi, go‘yo.

ILK IJODIM

Bolalik paytimizda kitobga qiziqish kuchliroq edi. U vaqtlarda qishloqlarda televizor, telefon yo‘q edi. Faqat radio, gazeta-jurnal va kitob bor edi. Qishning uzun kechalarida qo‘ni qo‘shnilar, yaqin qarindoshlar biznikiga yig‘ilib kitob o‘qishardi. Xalq dostonlarini, aytaylik, «Alpomish», «Go‘ro‘g‘li»larni birgalashib o‘qirdik. Men tez va ravon o‘qib berardim...

Bizning yon-atrofimizda uchta kutubxona bo‘lar edi: kolxoz, qishloq soveti va maktab kutubxonasi. Qishloq soveti kutubxonasida Marziya opa degan kutubxonachi bor edi. O‘sha kutubxonada boshqalarga nisbatan kitoblar ko‘proq edi. Kutubxonachi Marziya opa bolalarga qaysi kitobni o‘qishni tavsiya qilardi. Kitobni qaytarib olib borib berganimizda, savol-javob qilib o‘qiganimizni tekshirib olardi. Yuqorida aytganim kitobxonlik kechalariga o‘sha opa ham kelardi. Yig‘inlarda dostonlarni kutubxonachi opa va men o‘qib berardik. Odamlar qiziqish bilan eshitardi. Ayniqsa, ayollar qahramonlar taqdiriga achinib, hayratga tushar, hatto yig‘lardi…

Keyinchalik o‘zim ham xabarlar, hikoyalar yozib, gazeta-jurnallarga yubora boshladim. Hozirgi «Tong yulduzi» (avvalgi «Lenin uchquni»), «Yosh leninchi» (hozirgi «Yoshlar ovozi») gazetalari, «Gulxan» jurnalidan javob xatlari kelardi. Bir parcha qatra yozib jo‘natsangiz ham gazetadan javob xati kelardi. Blankali paket va xatda ism-familiyangiz yozilib, maqolangizni o‘qidik, mana bu joylariga e’tibor bering, deb maslahatlar berib, imzolangan xat kelsa ham maktabda katta shov-shuv bo‘lardi. Butun maktabda «Falonchiga redaksiyadan xat kelibdi», degan gap tarqalardi. Qarang, u paytlarda matbuotga e’tibor, qiziqish shu darajada kuchli bo‘lgan. Adashmasam, 7-sinfda o‘qib yurganimda, «Yosh leninchi» gazetasida kichkina bir maqolam chiqqan. Endi butun maktabda gap-so‘z deng, Mamatqulning maqolasi gazetada chiqibdi! Tanqidiy maqola edi. U vaqtlarda pochtachi gazeta-jurnallarni uyma-uy tarqatardi. Yetkazib berishning kamchiliklari, gazeta-jurnallar o‘z vaqtida mushtariy qo‘liga yetib kelmayotgani haqida yozib, pochtachini tanqid qilganman. Pochtachi akamning o‘rtog‘i edi. Bir kuni ko‘chada ko‘rib qoldi. «Sen bola meni tandiq qildingmi?», deb hazil-huzul qilib gap boshladi. «Bir meni oldimga o‘tgin», dedi-da, xayrlashdi. Oldiga borsam, rosa kaltak yesam kerak, deb o‘yladim. Yurak yutib bordim. Borsam: «Yozganingga pul kelgan», deb qoldi. Hayron qoldim, xayolimga ham kelmagan ekan. Esimda, o‘shanda ilk maqolam uchun 1 so‘m-u 40 tiyin qalam haqi olganman. Ungacha bizni uyimizda, qo‘shnilarimiz, maktabimizda hech kim biror nima yozib, unga qalam haqi olmagan edi-da. O‘sha davrning qahramoniga aylanib qoldim. Lekin tanqidiy maqola bo‘lgani uchun hamma har xil fikr bildirardi. Shahardan kelgan Ahmedov degan matematika o‘qituvchimiz bor edi. U kishi juda madaniyatli, bilimli odam edi. Bir kuni darsda hammaning oldida:

– Maqolang gazetada chiqibdi. Lekin nimaga xafa bo‘lgandek yuribsan? – deb so‘radi. Indamadim.

– Yozganlaring to‘g‘rimi? Asosi bormi?

– Ha! – dedim

– Sen xafa bo‘lma! Aksincha, yana yoz. Faqat nima yozsang ham tanqidiy bo‘ladimi, ijobiy bo‘ladimi, asosli bo‘lsin, – qo‘shimcha qildi ustozim. Ustozimning bu gaplari menga katta saboq bo‘ldi. Sinfimizda 27 o‘quvchi edik. Shundan 24 o‘g‘il bola, 3 nafar qiz bola. Shu uch qiz qishloq sharoiti, qiyinchiliklar sabab institutda o‘qiy olmadi. Maktabimiz tarixida bizning sinfdek sinf bo‘lmagan ekan. Hozirgacha ham yo‘q, deyishadi. Sababi, o‘sha yigitlarning hammasi oliy ma’lumotli bo‘ldi! Asad Dilmurodov, Ashur Orziqulov, Ergash Umrzoqov kabi sinfdoshlarim qatori men ham a’lochi edim. To‘rt baho olganim esimda yo‘q. Jamoat ishlarida ham faol edim. Maktabimizda badiiy havaskorlar to‘garagi bo‘lar, turli bayramlar munosabati bilan spektakllar qo‘yar edik. O‘sha spektakllarda har xil rollarni ijro etganman. Shulardan Abdulla Nabiyev roli aniq esimda qolgan.

BUYUK QUDRAT

Maktabni bitirgan yilim (1964-yil) Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdim. Talabalik paytimda gazeta va jurnallarda maqolalarim, hikoyalarim bilan faol qatnashdim.

Sinfdoshlarimiz ichidan fan nomzodi, fan doktori, Oliy Majlis deputati, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi chiqdi. Sinfdoshlarim bunday yutuqlarga qanday qilib erishdi? Tinimsiz o‘qish, o‘rganish, izlanish tufayli. Ilmsiz hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Shuning uchun, aziz bolajonlar, kitobga oshno bo‘ling. Uni o‘zingizga do‘st tuting. Doimiy hamrohingiz bo‘lsin. Zotan, kitobday beminnat do‘stni topolmaysiz. To‘g‘ri, bugun yosh-u keksa – barchamiz internetga kiramiz, turli ijtimoiy tarmoqlarni kuzatamiz. Hatto hayotimizni ularsiz tasavvur qilishimiz qiyin bo‘lib qoldi. Ammo kitobni varaqlab, uning o‘ziga xos hidini hidlab, o‘zimizga yoqqan joylarining tagiga chizib o‘qishning gashti bo‘lakcha, uning o‘rnini hech narsa bosolmaydi, to‘ldira olmaydi...

Beruniy, Ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy, Muhammad Xorazmiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Lutfiy, Atoiy, Bobur kabi ko‘plab buyuk ajdodlarimiz-allomalarimizning ilm-fanning turli sohalariga bag‘ishlangan kitoblarini, g‘azallari va dostonlarini hanuz o‘qiymiz, o‘rganamiz. Insoniyat bor ekan, bu kitoblar o‘qiladi, o‘rganiladi. Yaxshi kitob uchun na siyosatning, na tuzumning, na davrning ahamiyati bor. Umri boqiy kitoblardan har bir zamon kishisi o‘zi uchun kerakli narsalarni olaveradi.

Bolajonlar, ana shunday buyuk qudratga ega kitobni ardoqlaylik, qadriga yetaylik. Uning sahifalari qatida yashirinib yotgan mard, jasur, el-yurt uchun jonidan ham kechgan fidoyi insonlardan o‘rnak olaylik, ular bilan do‘stlashaylik, fikrlashaylik, maslahatlashaylik... «Tong yulduzi»ning aziz o‘quvchilari! Men sizlarga mustahkam sog‘lik tilayman, hamisha fanlardan a’lo baholarga o‘qishingizni istayman. Chanqagan odam suvga qanchalar tashna bo‘ladi?! Siz ham ilmga shunchalar chanqoqlik sezing. Bolalik, o‘smirlik va yoshlikning qadriga yeting. Har bir kun, kerak bo‘lsa, har bir soatdan unumli foydalanishga harakat qiling. Yaxshi kayfiyat hammangizning doimiy yo‘ldoshingiz bo‘lsin!

Azizbek ABDUMALIK suhbatlashdi.