February 26

BOLALAR ADABIYOTI: KECHA VA BUGUN

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori Mansur YUNUS bilan suhbat.

– Assalomu alaykum, Mansur aka! Yaqinda bolalar nashrlari bilan ilmiy ish qilibsiz. Keling, bugun bolalar nashrlari, bolalar adabiyoti haqida gaplashsak. Undan avval tadqiqotingiz haqida bizga maʼlumot bersangiz…

– Vaalaykum assalom, aziz gazetxonlar! Millatimizning ertasi boʻlgan bunyodkor yoshlar. Qalbimiz dur-u marjonlarining nashri boʻlmish «Tong yulduzi» gazetasiga suhbatga chorlaganin‑ gizdan behad minnatdorman. Bu mavzu osondek tuyuladi, aslida – mashaqqat. Bola boʻlib yozish, bolalar qalbini oʻqish, bolalar psixologiyasini anglash. Bu masʼuliyat... Mamlakatimizda ilk bora bolalar jurnalistikasiga qoʻl urildi. Birinchi marta bolalar jurnalistikasi ilmiy tahlil qilindi, desam, mubolagʻa boʻlmaydi. Bu mavzuni oʻrganganimdan quvonaman. 10 yil deganda ilmiy ishni yakunladim. Shu yillar mobaynida tarixini oʻrgandim, qiyosiy tahlillar qildim. Qozogʻiston, Rossiya, Germaniya davlatlarida boʻldim. Ilmiy solishtirmalar qildim. Ilmiy rahbarim, olim Xurshid Doʻstmuhammad rahbarligida muvaffaqiyatli himoya qildim.

– Bolalar adabiyotini ilmiy jihatdan oʻrganish zarurligini qachon anglar ekanmiz?

– Bolalar adabiyoti, bugungi davr bolalar qahramonlarini yaratish, texnika taraqqiyoti va axborot asri bilan hamnafas bolalarga aqlli va davr mohiyatini ochib beradigan kreativ va oʻqimishli, mushohadaga chorlaydigan asarlar muhim. Internetdagi qahramonlardan yaxshiroq, tarbiyaliroq, urf-odatlar, milliy qadriyatlar va bugungi zamon nafasini beradigan bestseller asarlar muhim. Nanotexnologiya rivojlanayotgan bir pallada, robototexnika biz bermoqchi boʻlgan mafkurani shular orqali ham singdirib borishni oʻylash kerak. Psixologiya muhim. Yapon bugun bolalariga navbatda turishni, salom berishni, iqtisodni, mediasavodxonlikni oʻrgatyapti. Asarlarida ham shularni aks ettiryapti. Ulardan oʻrganadigan va oʻrgatadigan jihatlarimiz bor. Oʻzimning ham «Valijonning sarguzashtlari», «Sirli sandiq javohirlari», «Bolalar kundaligi»,«Seni kuylayman, Vatan!» nomli sheʼriy kitoblarim, «Bolalarda tarbiya madaniyati» risolam nashr etilib, bolajonlar hukmiga havola qilingan. Bu kam, hali koʻp yozishim kerak. Qarzim koʻp. Tafakkur qilib yuribman, yaxshi asarlarni rejalashtiryapman. Ilmiy va ijodiy tajribalarim asnosida nasib qilsa, yaxshi asarlar tuhfa qilaman tez orada.

– Oʻzbek bolalar adabiyotida koʻngil toʻlmaydigan tomonlar koʻp. Bizda chindanam bolalarga atab kitob yozilmayaptimi yoki Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Anvar Obidjondan keyin zanjir halqasi uzildimi?

– Bolalar haqida yozilyapti, yoʻq desak, xato boʻlar. Ustozlar maktabidek joʻshqinlik kamdek, nazarimda. Hayrat kam. Shijoatni kuchaytirish kerak. Hoshimjon obrazidek bugun ham transformerlar zamoni yaqinlashayotgani uchun kerak. Garri Potter nega eskirmaydi, nega aktualligi ortib boraveradi? Shunday janrda asarlar yaralishi kerak. Bolalardan dunyoni qizgʻanmaslik, ularning orzularini oʻylash, tasavvurlarini boyitishga xizmat qiladigan, maʼnan yuksaltiradigan kitoblar koʻpayishi kerak. Kerak deymiz, kim qiladi shu ishlarni?! Bugundan boshlamasak, kech qolamiz! Nasihatdan u yogʻiga ham oʻtishimiz kerak. Xudoyberdi boboning kitoblari muxlislari Markaziy Osiyo boʻyicha 50 mln kishini tashkil etgan. Qoʻlma-qoʻl boʻlib oʻqilgan. Anvar Obidjon, Tursunboy Adashboyev, Kavsar Turdiyeva, Umida Abduazimova kabi ustozlarning ijod namunalari bilan ulgʻaydik. Bu estafetani bugungi zamonaviy ijodkorlar tutish kerak. Davom ettirish kerak. Bolalar gazetalari har bir bolaning qoʻliga yetib borishini istardim. Ishonchli maʼlumotni, muhim axborotni, eng avvalo, gazeta beradi. Gazetada tahrir bor, ijodiy muhit bor, tanqid bor.

– Yozilayotgan asarda bolaga nimani oʻrgatish muhim va qanday mavzularda yozish kerak, deb oʻylaysiz?

– Milliy kontent yaratish muhim. Pand-nasihat bilan, bugungi axborot bilan oʻzini ovutib yashash fojia. Yozuvchi va shoirlar bolalar qalbini oʻqishi, psixologiyasini anglashi, koʻproq muloqotlar orqali qanday asarlar yozishga qoʻl urishni rejalab olish kerak. Bolalarcha fikrlaydigan yozuvchilar, bolalarning ong-u tafakkurini boyitib boradigan real voqelik, qahramonlarning dadilligi, internetdagi oʻyinlardan yoshlarni band qilayotgan, vaqtini olayotgan axborotlardan asrash uchun milliy oʻyinlar, kontentlar o‘ylab topish, oʻsha oʻyinlardan ham kuchliroq milliy ruhda analogini yaratib borish kerak.

– Toʻgʻri, bugun bolalarni ertaklar bilan rom etish mushkul. Zero, kompyuter texnologiyalari asrida voyaga yetayotgan jajji avlod gʻayritabiiy, mubolagʻaviy voqealarga unchalik ishonmaydi. Aytingchi, kitobga munosabat, kitobxonlik madaniyati targʻiboti masalasida fikringiz qanday?

– Bugun bolaga, kitob oʻqi, deb uqtirib oʻqitib boʻlmaydi. Oʻqiydi, maʼlum bir qismi. Oʻqitish uchun motivatsiya kerak. Bolaligimda ota-onam, mollarga yaxshi qarasang, kitob oberaman, der edi. Qoʻylarni boqib kelsang, ishlarni qilsang, qiziqtirgan kitobingni sovgʻa qilaman, deb talab qoʻyardi. Uyda kitob mutolaasi kuchaysa, jamiyatda kuchayadi. Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan turli loyihalar asosida millionlab yoshlar kitob mutolaa qilmoqda. Bu yaxshi, albatta. Buni avvalo, oila masʼul ekanligini oʻrgatib borish kerak. Oilajamiyat birgalikda kitobsevarlikni targʻibotini oshirib borsa, natija ham shunga yarasha boʻladi. Azaldan ota-bobolarimiz kitobsevar boʻlgan. Bu anʼanani asrab qolish va kelgusi avlodlarga nes-nobudsiz yetkazish oliy burchimiz boʻlishi kerak.

– Mansur aka, mazmunli suhbatingiz uchun minglab mushtariylarimiz nomidan Sizga tashakkur bildirish barobarida, soʻnggi soʻzni oʻzingizga bersam. Gazeta‑ miz orqali keng ommaga aytadigan dildagi gaplaringiz, ayniqsa, yoshlarga bildiradigan tilaklaringiz bordir...

– Men «Tong yulduzi»ning ashaddiy muxlisiman. Bolaligimda orziqib kutardim. Talashib oʻqir edik doʻstlar bilan. Bugun esa farzandlarim oʻqiydi. Hammamizga quchogʻini ochgan bagʻrikeng nashrimiz yoʻli bardavom boʻlsin. Ijodkorlariga barakali ijod zavqini tilayman. Yillar oʻtadi, asrlar oʻtadi. Bu kunlar tarixga aylanadi. Oʻsha tarixda ham oltin sahifalarida «Tong yulduzi» oʻzbek degan millatimiz bolalarining yoʻlchi yulduzi boʻlib qolaveradi. Aziz ko‘zmunchoqlarimiz – bolajonlar. Vaqtni, daqiqalarni gʻanimat bilib, oltinga teng vaqtlarni mutolaa bilan boyitib, bolalik davridagi oltinlarni yigʻib qolishga shoshiling! Bu ilm tafakkurdan yigʻilgan oltinlar sandiqchasidagi zeb-u zarlarni umr boʻyi sarflab yurasiz. Bunga ishoning!

O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi Shoxruhbek AXTAMOV suhbatlashdi.