MEN O‘QIYDIGAN MAKTAB
Men oʻqiydigan Iogann Volfgang fon Gyote nomidagi 60-IDUM boy tarixga ega. Ushbu taʼlim muassasasi Oʻzbekistonda nemis tili taʼlimini rivojlantirishda katta hissa qoʻshmoqda. Dastlab, 1962-yildan boshlab maktabda bir qator fanlar nemis tilida oʻqitila boshlagan. 1995-yilda maktab sertifikatlanib, lingvistik gimnaziya maqomini olgan. 1996-yilda esa chet el maktablari markaziy boshqarmasi (ZfA) bilan hamkorlikda gimnaziya bazasida nemis tili boʻyicha «Nemis tili diplomi» (DSD) imtihoniga tayyorgarlik markazi tashkil etilgan.
2019-yil 15-yanvarda maxsus 60-IDUMga buyuk nemis shoiri va faylasufi Iogann Volfgang fon Gyote nomi rasmiy ravishda berildi. Ushbu marosim Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germa niyaga rasmiy tashrifi arafasida boʻlib oʻtgan va Oʻzbekiston bilan Germaniya oʻrtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash hamda nemis tilini targʻib qilishga qaratildi. 2024-yil holatiga koʻra, maktabda 2371 nafar oʻquvchi tahsil oladi va 125 nafar pedagog faoliyat olib boradi. Maktab nemis tili va madaniyatini chuqur oʻrganish imkonini beruvchi muhim taʼlim maskani boʻlib qolmoqda. 60- IDUM nemis taʼlim muassasalari va tashkilotlari bilan faol hamkorlik qiladi. Ushbu hamkorlik doirasida oʻquvchilar xalqaro til diplomini olishga tayyorgarlik koʻrishadi, bu esa Germaniyada oliy taʼlim olish uchun yetarli darajada nemis tilini egallash imkonini beradi. Shuningdek, maktab oʻqituvchilari Germaniyada tashkil etiladigan malaka oshirish kurslari va seminarlarida muntazam ishtirok etib, oʻqitish sifatini yuqori darajada saqlashga erishishadi.
Maktab turli tashkilotlar va muassasalar bilan aloqalarni qoʻllab-quvvatlaydi, xalqaro loyihalar va almashinuv dasturlarida qatnashib, oʻquvchilarning dunyoqarashini kengaytirishga va xalqaro aloqalarni mustahkamlashga hissa qoʻshadi.
Men tahsil olayotgan Gyote nomidagi 60-IDUM nemis tili taʼlimini rivojlantirish va Oʻzbekiston hamda Germaniya oʻrtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashda katta ahamiyatga ega boʻlgan taʼlim muassasasidir. Siz-chi, siz maktabingiz tarixi haqida nimalarni bilasiz?
poytaxtimiz ning Mirobod tumanidagi 60-IDUMning 7-«G» sinf oʻquvchisi