July 14

MEN VA KUTUBXONA

BOLALIK KUNLARIMDA...

Sahifamizning bu galgi mehmoni O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibasi, Tarix fanlari bo‘yicha PhD doktori Umida TESHABOYEVA. Kamtarlik va vazminlikda katta-yu kichikka o‘rnak bo‘lib kelayotgan mamlakatimizning birinchi raqamli kitobxonining bolalik xotiralari sizga ulkan hayotiy saboq bo‘lishiga ishonamiz. Biz ustoz bilan ularning bolalik xotiralari, maktab davri hamda kamolotga yetishda kitob mutolaasining o‘rni haqida suhbatlashdik.

– Ziyolilar oilasida tug‘ilganman. Dadam Olimjon Alimov va onam Rahimaxon Alimova o‘qituvchi. Biri biologiya, biri esa ona tili va adabiyot fanidan dars berganlar. Oilada ikki qiz, bir o‘g‘il katta bo‘ldik. Kamina 1975-yilning bahorida, 22-mart kuni tug‘ilganman, Navro‘zoyman. Uch o‘g‘lim bor, o‘g‘illarni ortidan ikki qiz uyimizga kirib keldi, bitta nevaram, Gulgunam oilamiz quvonchi. Uyimizda katta kutubxona bo‘lgan va mening kitob bilan do‘stligim bolaligimdan boshlangan. Maktabga borgunimga qadar alifboni tanirdim, akamning darsliklarini talashib o‘qirdim. «Berib tursin kitoblaridan», deya ayamni holi-joniga qo‘ymasdim. Keling, hikoyamni boshidan boshlay.

MENING QAHRAMONLARIM

Onamning aytishlaricha, juda sho‘x, qaysar, aytganidan qolmaydigan, biroq ishonuvchan,yig‘loqi va qiziquvchan qizaloq bo‘lganman. Maktabda a’lo baholarga o‘qidim, eng sevimli fanim esa adabiyot edi. Ayniqsa, onam bu fandan dars berganlari bois, unga bo‘lgan mehrim boshqacha edi. Maktabga borishni orziqib kutganim kabi undan ketishni ham istamaganman. Chunki o‘qituvchilar men uchun qahramonlar edi. Ko‘pchilik qahramon deganda, biron-bir jangovor yurishlarni yoki favqulodda vaziyatlarda jasorat ko‘rsatganlarni yoki Everest tog‘ini zabt etgan-u, yana dengizni tubida uzoq muddat nafas olmasdan turgan kishilarni tushunadi. Mening qahramonlarim esa – o‘qituvchilar. Ular har kuni mashaqqatli, mas’uliyatli va tinimsiz izlanishni talab qiluvchi mehnatni uddalashadi. Bu qahramonlikni esa onam va dadam misolida ko‘rib ulg‘ayganman.

Bir voqea yodimga tushdi. Onam ko‘zi ojizlar maxsus maktab-internatida dars berar edi. Bir kuni bayram munosabati bilan internatga bordim. Bayramdan so‘ng ayam: «Bir soat darsim bor, o‘tiraver, birga qaytamiz», dedi. Ayamni o‘quvchilari darsni tugashini shunday betoqatlik bilan kutishayotganini sezdim, vaholanki, ayajonim darsni shunday qiziqarli o‘tdilar...

Qo‘ng‘iroq yangragan, uyga vazifalar berilgan bo‘lsa-da, hech kim o‘rnidan jilmasdi. Keyin bildimki, onam ularga Xudoyberdi To‘xtaboyevning «Shirin qovunlar mamlakatida» asarini o‘qib berishni boshlagan ekanlar. O‘quvchilar esa bu asarning davomini intiqlik bilan kutisharkan. O‘sha kuni ayam bilan uyga qaytayotib, xuddi o‘sha darsni o‘zim o‘tgandek xursand bo‘lganman. Onam internatda ham o‘qituvchilik, ham onalik mehrini ulashar, uyda esa biz farzandlarga uyda, «Charchadim, qizim, ertaga o‘qiymiz, bugun shu ishingni qo‘ya tur», deyishlari tabiiy ekan, ammo yosh ekanmiz, tushunmas ekanmiz-da...

HAYOTIMNING AJRALMAS QISMI

Qiz bolaning shakllanishida onaning o‘rni beqiyos. Onamning so‘zlari, muomalasi, tutum-tarzi, kiyinishi – barchasi menga katta ta’sir qilgan. Husnixatning chiroyli bo‘lishi, shoshmasdan o‘qish kerakligi, tushunmasang, qayta-qayta mutolaa qilish, so‘rashdan uyalmaslik, boshlagan har qanday ishni yakuniga yetkazishni uqtirib katta qildilar.

Boshlang‘ich sinfda o‘qib yurgan paytim, darsga amaliyotchi talabalar kelishgan. Bir kuni darsdan so‘ng onamga: «Bugun o‘qituvchi qiz kelmadi, darsni o‘zim o‘tdim», debman. Ayam ajablanib, nima qilding, deb so‘rasalar: «Uyga vazifani bajarmaganlarga yordam berdim, keyin kitob o‘qidik», degan ekanman. O‘shandan beri o‘qituvchilik, ilm tarqatish, kitob – hayotimning ajralmas qismi bo‘lib kelmoqda.

Maktabda ona tili va adabiyot fanidan olimpiadalarda qatnashib, tuman, viloyat bosqichlarida g‘olib bo‘lganman. Uy kutubxonamiz ikkiga bo‘lingan, biri dadamniki, ikkinchisi onamniki edi. Onamning kitob javoni badiiy adabiyot va tilshunoslikka oid kitoblar, izohli lug‘atlar, ensiklopediyalar bilan to‘lgan bo‘lsa, dadamning javonlari biologiya sohasiga oid: ko‘proq paxtachilik, uzum va meva sabzavotchilikka oid ilmiy nashrlar va ilmiy-ommabop kitob va jurnallardan iborat bo‘lgan. Har kuni ularning mutolaa qilib o‘tirganlarini ko‘rardim. Kutubxonamizdagi kitoblar o‘zbek va rus tillarida, asosan, o‘zbek tilidagi o‘zbek va jahon mumtoz adabiyoti va mening «favorit kitoblarim» zamonaviy o‘zbek adabiyoti namunalaridan iborat edi.

Meni kitob mutolaasiga oshno qilgan insonlar otam va onam. Badiiy adabiyotga qiziqishimni aytganimdek, onam shakllantirgan. Yangi-yangi asarlarni mutolaa qilishimiz singlim va men uchun voqealarni qiziqarli qilib so‘zlashni boshlab, qolganini o‘qib olasizlar, deb tugallardilar. Yuqori sinflarda Asqad Muxtor, Ibrohim Rahim, Hamid G‘ulom, Said Ahmad, Odil Yoqubov, Sa’dulla Karamatov, Pirimqul Qodirov, Mirmuhsin, O‘tkir Hoshimov, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov va boshqa adiblar bilan tanishganman. Alisher Navoiy, Dehlaviy, Fuzuliy, Mashrab, Hamza kabi ulug‘ mutafakkirlarning asarlari kitob javonimizning eng yuqori qismida saqlanardi. Chunki onam bu kitoblarga hurmat belgisi sifatida shunday tartibda joylashtirar edilar. Keyinchalik kutubxonachi kasbini egallaganimda, «Ayajon, bu kitoblarni biron-bir tizimlashtirish qoidalari bo‘yicha joylash kerak», deb aytsam, «Yo‘q, kattalar doim yuqorida, xuddi ularning asarlari kabi «salobat» bilan ko‘ngillarni yoritib, ko‘zingga yaqin joyda turishi kerak», der edilar.

HUNARGA AYLANGAN ISHTIYOQ

Mutolaa jon-u dilim bo‘lsa-da, barcha bolalar kabi men ham ko‘chada dugonalarim bilan o‘ynashni yaxshi ko‘rardim. Biroq sabrsizligim, betoqatligim sababli, ehtimol, o‘rtoqlarim bilan tez-tez urishib qolsam kerakki, bo‘sh vaqtlarimni ko‘proq qo‘shimcha to‘garaklarda o‘tkazardim. Rasm chizish, to‘qish, suxandonlik kabi to‘garaklarga muntazam qatnashardim. Dadamning opasi – Muyassarxon ammam mendagi qo‘lda to‘qishga bo‘lgan qiziqishni birinchi bo‘lib ilg‘agan inson bo‘ldi. U: «Qiz bola biron hunar egallasa kam bo‘lmaydi, bir kun kelib, bu kasbning foydasi tegadi», deb ko‘p nasihat qilardi. Aynan u meni to‘qishga bo‘lgan muhabbatimni mustahkamlab bergan birinchi ustozim bo‘lgan. Maktabdan so‘ng haftasiga to‘rt marta to‘qish to‘garagiga oshiqardim. To‘qish anjomlarini o‘rganish uchun esa dadam bilan onamdan to‘qishga oid kitoblar olib berishlarini iltimos qilardim. Hatto tug‘ilgan kunlarimda ham eng katta quvonchim – yangi kitob sovg‘asi bo‘lardi.

Darhaqiqat, bu hunar keyinchalik menga juda asqotdi. Farzandlarim bilan uyda o‘tirgan chog‘larimda to‘qishni davom ettirib, bir tomondan rohat topsam, bir tomondan oilamizga foyda ham keltirdim. Farzandlarimni o‘zim to‘qib bergan kiyimlarda katta qildim, yaqinlarimga to‘qilgan sovg‘alar taqdim etdim. Eh-he... bu qiziqishim orqali yana qancha ishlar, qancha yaxshiliklar ulashdim... Hozirda ham to‘qiyman, ayniqsa, Koronovirus pandemiyasi davrida yoshligimni eslab qizim Diyoraxonga jempir to‘qib berdim. Endilikda Diyoraxonning o‘zi ham to‘quvchi, nabiram Gulgunaga sharf, shapkalar to‘qigan. Qo‘l mehnatini qadrlayman, chunki u yagona nusxada, mehr-muhabbating mahsuli, shu bilan birga, sog‘liqqa ham foyda, asabni tinchlantiradi, qilayotgan ishingdan ko‘ngling ko‘tariladi, bu esa kayfiyatning yaxshi degani, umuman olganda, koni foyda.

Kutubxonachilikka ilk qadamim oilamizda qo‘yilgan, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. 1992-yilda Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent davlat madaniyat instituti kutubxonashunoslik fakultetiga o‘qishga kirdim. Talabalik paytim «Abdulla Qodiriy stipendiyasi» sohibasi bo‘lganman. Chunki Abdulla Qodiriy jamg‘armasi tomonidan ta’sis etilgan, 1994-yillar Mustaqil O‘zbekistonda bunday stipendiyalar hali yo‘q edi va bizni institut uchun bu katta e’tibor, talabalar uchun katta imkoniyat sanalgan. 3-4 kurs davomida ustozlarimizning oylik maoshlari bilan teng stipendiya olardim va uning 70-80 foizini kitobga sarflardim. Onamning kitob javonlari, aytganimdek, o‘zbek adabiyoti vakillari asarlaridan iborat bo‘lsa, endilikda men jahon adabiyoti namunalarini izlardim va kutubxonamizni kitob fondini to‘ldirardim. Tolstoy, Jek London, Teodor Drayzer, Aleksandr Dyuma, Viktor Gyugo, An va Serj Golon, Chingiz Aytmatov – mening kutubxonam boyligiga aylangan. Bilasizmi, Viktor Gyugo, Aleksandr Dyuma, An va Serj Golonlarning asarlari orqali men Parij shahrini shunday yaxshi bilardimki, birinchi marta Parijga borganimda, bir o‘zim borganman, shaharning markazida yashadim va umuman notanish shahardan «qo‘rqmadim». Shahar ko‘chalari, Sena daryosini asarlarda o‘qib tasavvur qilganim, o‘rganganim menda tasavvurimdagi shaharni sevib qolishimga sabab bo‘lgan. Uni ko‘rib, unda yashab, shahar ruhiyatini sezish, bu viqor va qadimiylikni ko‘rish umuman boshqa... Mana badiiy adabiyotning kuchi, sehri, yaxshi ma’nodagi karomati, men Uni adabiyotdan sevdim, adabiyot mening orzularimni tug‘ilishiga sabab bo‘ldi (Parijni ko‘rish orzum edi) va orzum ushaldi, adabiyot meni go‘zallikni sevishga o‘rgatdi (Parij shaharsozligi alohida mavzu), hozir qaysi mamlakatda bo‘lmay, birinchi navbatda, muzeylarga yuguraman (albatta, kutubxonalardan so‘ng), shaharni yayov kezishni, uni his qilishni istayman!

Institutni a’lo baholar bilan tamomlab, «Toshkent viloyati o‘qituvchilar malakasini oshirish instituti» kutubxonasiga ishga kirdim. Faoliyatim 3-kursda o‘qib yurgan kezlarimda ustozlarim tavsiyasi bilan boshlangan edi. Ana o‘shandan beri «Men va kutubxona» tushunchasi yagona va 2025-yil kutubxonadagi faoliyatimga 30 yil to‘ldi.

Kitobga bo‘lgan mehrim, kitobning sehri, mutolaa zavqi, yangilikka intiluvchanligim meni kelajagimni va kasbimni belgilab bergan. Ko‘p uchrashuvlarda qaysi davlatlarda bo‘lgansiz, kutubxonachi kasbi yoshlar orasida mashhur deymizmi, talabgir kasb emas va attang qilmaysizmi, degan savollarni ko‘p berishadi. Kasbim orqali dunyo kezdim,kezyapman. Germaniya, Gollandiya, Belgiya, Fransiya, Italiya, Eron, AQSH, Koreya, Xitoy, Rossiya, Tailand, Dubay, Qatar kabi 30 dan ortiq mamlakatda «kutubxonam» haqida so‘z yuritdim. Konferensiyalar, treninglar, tajriba almashish loyihalari orqali xalqaro hamkorlikda ishtirok etdim. Shu o‘rinda eslatib o‘tmoqchiman, bu yil Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonaning tashkil topganiga 155 yil to‘lmoqda.

Bugun kutubxonamizga kelayotgan nashrlarning ko‘pligidan kitobxonlarga, yoshlarga havasim keladi. Kitoblar bizning bolaligimizdagi kabi faqat bosma ko‘rinishda emas, balki audio, elektron ko‘rinishlarga ega. Xohlang mutolaa qiling, xohlang tinglang. Shuningdek, yangi-yangi nashrlarning targ‘iboti ham ancha faollashgan. Turli yoshdagi kitobxon uchun mo‘ljallangan videoroliklar, animatsion ko‘rinishdagi taqdimotlar, chop etilgan yangi asarlar reklamalari televideniye orqali ommalashdi. Internetda ham kitoblar targ‘ibotiga qaratilgan roliklar, podkastlar, tezkor savol-javoblar, bookblogerlar tomonidan muntazam yoritilyapti. Aytmoqchi bo‘lganim, axborot asrida, raqamli dunyoda kitoblar haqidagi ma’lumotlar ko‘p, turli ko‘rinishda, turli formatda, turli konteksda (professionallar tomonidan, oddiy kitobxonlar) taqdim etilyapti.

KITOB – QALB OBIDASI

Gazetxonlarga bir so‘zni aytmoqchiman: oldingizga maqsad qo‘ying va unga qarab intiling. Kichik qadamlardan boshlang, u sizni sehrlab, buyuk ishlarga yetaklaydi. Mening ilk odimlarim – «O‘zbek xalq ertaklari» va Chingiz Aytmatovning «Birinchi muallim» asaridan boshlanib, bugun 8 milliondan ziyod fondga ega Milliy kutubxonaga yetakladi.

Eng muhimi – mutolaadan maqsad bo‘lishi kerak! Kitobni axloq tarbiyasi, adabiy dunyo bilan tanishish, eng muhimi, zavq olish uchun o‘qish kerak. Kitobga zarurat bilan emas, mehr bilan, qalb bilan murojaat qilinsa, u umrboqiy do‘stga aylanadi. Mutolaadan maqsad, mumtoz adib bilan tanishish, axloqni tarbiyalash va albatta, zavq olish uchundir! Mutolaaga zarurat, zarur bo‘lgani uchun emas, zavq olish, zavqlanish hissini tuyish uchun «kirasiz»!

Fikr – bola, bola esa o‘suvchan. Bugungi yosh kitobxon yon-atrofida, dunyoda kechayotgan turfa jarayonlarni tiyrak nigoh bilan kuzatish imkoniga ega. Shu sababli ularning kitob o‘qish ko‘nikmasi, tanlovi va uslubida kreativ yondashuv bor. Milliy adabiyotimiz durdonalari bilan birga, jahon adabiyotining mashhur asarlarini ham katta ishtiyoq bilan o‘qishmoqda. Sarguzasht va tarjima kitoblar, ilmiy-uslubiy, psixologik, tadbirkorlik yo‘nalishlaridagi biografik asarlarga qiziqish kuchli.

Bugungi yoshlarning qahramonlari, ideallari boshqa ekanligini unutmaslik lozim. Shunchaki o‘zimiznikini ma’qullash emas, farzandlarimizni shaxs sifatida tan olish, shaxsiy fikri va qarashlarini hurmat qilishni o‘rgansak, foydadan xoli bo‘lmaydi.

Dunyoda har bir narsa eskiradi, ohorini yo‘qotadi. Ammo kitoblardan olingan taassurotlar qalbimizning abadiy obidasiga aylanadi. Bu obidalar hech qachon nuramaydi, qulamaydi. Kitob bizga zulmatda mash’ala, yolg‘izlikda hamroh, dard-alam chekkanimizda malham, yo‘l ko‘rsatuvchi ustoz, hayotning mislsiz ne’matidir!

Azizbek ABDUMALIK suhbatlashdi.