«JANNAT»DAN UZOQLASHMANG, BOLALAR!
Sahifamizning bu galgi mehmoni – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, «Shuhrat» medali sohibi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, shoir Minhojiddin MIRZO.
Har bir insonning bolaligi turfa voqealarga, sarguzashtlarga to‘la. Kimdadir quvonchli, kimdadir iztirobli yo‘qotishlar bilan, yana kimdadir kutilgan-kutilmagan hodisalar bilan o‘tgandir... Biroq, bolalik kishilar xotirasiga eng go‘zal, beg‘ubor kunlar sifatida muhrlangan. Bolalik qanday o‘tishidan qat’iy nazar, u davr baribir insonning umr kitobida eng pokiza, eng yorqin, hamisha sog‘inib eslaydigan sahifalari bo‘lib qolaveradi. Inson bolaligiga qaytgisi keladi-yu, buning imkoni yo‘qdek tuyuladi. Lekin bu davr farzandlaring, nabiralaring bolaligida bir-bir takrorlanadi, go‘yo. Bolalikning chiroyli jihatlaridan biri bu uning olamlari, ya’ni oiladagi, siz ulg‘aygan ko‘chadagi, yana biri – siz o‘qigan maktabdagi olam bo‘ladi.Ijodkor sifatida shakllanishdagi ta’sirlar haqida gap ketganda, ijod ko‘ngil ishi. Ko‘nglimning tarbiyachilari, avvalo, onam, qolaversa, otam. Negaki, onam (rahmatli) Ergashxon Yo‘ldoshboy qizi o‘quvchilik paytlarida juda chiroyli she’rlar yozgan. Maktabni oltin medalga tugatib, ikkita oliygohga o‘qishga kirgan. Lekin ikkala institutda ham oilaviy sabablar, sharoit taqozosi bilan o‘qiy olmagan ekan. Shu bilan turmushi, farzandlariga o‘zini bag‘ishlagan. O‘ylab qarasam, bir tomondan, Andijon shahridagi 30-maktabda, ikkinchi tomondan, uyda – onamning maktabida o‘qidim. Otamning, buvi, bobolarimning maktabida o‘qidim, deb o‘ylayman. Ularning ta’siri juda katta bo‘lgan.
Birinchi she’rimni bolalikda 6-sinfda yozganman. Uni birinchi bo‘lib onamga, keyin adabiyot o‘qituvchimiz Matlubaxon aya Husanovaga ko‘rsatganman. Keyinchalik radioda ishlagan paytimda ham «Subhidam» eshittirishida har bitta yozilgan narsani o‘qisam, onam (rahmatli) eshitib, menga birinchilardan munosabati va bahosini berardi. Har gal judayam xursand bo‘lgan. Yana bir narsani aytgim keladi, onamning husnixati nihoyatda chiroyli edi. Men bolalikda husnixatimning andozasini har bitta harfini yozib chiqib, onamdan o‘rganganman. Onamning kitoblari orasida «O‘tkan kunlar», «Choliqushi», Asqad Muxtorning «Opa-singillar»i bo‘lardi. Dadamning kitoblari ichida to‘qqiz jildli «Ming bir kecha», Mir Ammon Dehlaviyning «Bog‘i bahor» kitobi, mashhur Ibrohim Adhamning qissalari bo‘lardi. Yana qancha-qancha kitoblar. Ular hammasi yod bo‘lib ketgan. Chunki u kitoblarni boshidan oxirigacha bot-bot o‘qirdim. O‘ylab qarasam, men yaxshi ko‘rgan kitoblar otam, onamning ham yaxshi ko‘rgan kitoblari ekan. Ayniqsa, «Choliqushi» onamning eng yoqtirgan kitobi edi. Men ham uni sevib o‘qiganman. Yoddan bilaman, desam, hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Harbiy xizmatda butun o‘zbek yigitlarini to‘plab olib, shu romanni boshidan oxirigacha aytib berardim. Men bu gaplarni aytayotganimning sababi – bolalarimiz kitob o‘qimayapti deymiz-u, ularga o‘rnak bo‘lmaymiz. Bola ko‘p narsani ota-onadan o‘rganadi. Onamiz, otamiz saxiy, tanti odamlar bo‘lishgan. Qo‘shniga bir kosa ovqat ilinmasa, tomog‘idan luqma o‘tmasdi. Onamga bir ro‘mol olib borsam, uni biror kimga hadya qilar, uch-to‘rt kunda o‘sha ro‘mol biror keksa xolaning boshiga o‘ralardi. Onam saxiylikda o‘rnak bo‘lardi.
Onam Saodat Qobulovaning ashulalarini aytardi. Fuzuliy, Navoiyning g‘azallarini xirgoyi qilardi, menga ham barisi yod bo‘lib ketgan. O‘zimiz oilada maqom qo‘ymasak, to‘rtta ashulani bolamizga xirgoyi qilib bermasak bo‘lmaydi. Negaki, bolaligimiz qanday o‘tishida bizni qurshab turgan muhitning juda katta o‘rni bor. Masalan, bolaligimda Komil qori aka degan odam bo‘lardi. Biz ko‘chada o‘ynab yurib ba’zan u kelayotganini bilmay qolardik. Shunda u kishi yoshi bizdan ancha katta bo‘lsa-da, chiroyli ohangda: «Assalomu alaykum», deb salom berar edi. Bir kuni uzoqdan u kishi kelayotganini ko‘rib, o‘yinimizni to‘xtatib, hamma bolalar qator bo‘lib turdik-da, yonimizga kelganda, barchamiz barobar salom berdik. U kishining ikkita ko‘zida ikkita quyosh porlab ketdi… Men hozir shu odatni qilib, o‘zimdan kichiklarga ham salom beraman. Lekin negadir pisandaga o‘xshab qoladi. Ammo doim farzandlarimga, tanigan-bilgan yoshlarga aytaman: har doim eng avval salom ber. Nafaqat kattalarga, kichiklarga ham salom berishni kanda qilma, deyman. Salom bu duo. Salom berish chiroyli odat. Buni bolalikdan o‘rganish kerak, bolalarga o‘rgatish kerak. Chunki eng chiroyli xulq-atvorlar ham bolalikdan shakllanadi.Men 1972-yilda Andijon shahridagi Saida Zunnunova, E’tibor Oxunovalar o‘qigan 30-maktabga borganman. Maktabning adabiyot darsligini qo‘limga olishim bilan undagi hamma she’rlarni yodlab qo‘yardim. Va darsni o‘qituvchi endi o‘tadigan kuni men undagi she’rni yoddan aytib berardim. 6-sinfdan to maktabni tugatgunimcha Muslimaxon aya Muhammedova rahbarligidagi adabiyot to‘garagiga a’zo bo‘lganman. Juda qiziq davr edi. Maktabda bir o‘zim devoriy gazeta chiqarardim. Rassomi ham, yozuvchisi ham, shoiri ham o‘zim edim. Shunday berilib tayyorlashimni ko‘rgan dadam Toshkentdan o‘sha kezlarda noyob bo‘lgan rangli flomasterlar olib kelib bergan. Uni ehtiyot qilayotsam, dadam: «Ishlataver, chizaver, tugasa, yana olib kelib beraman», degani yodimda. Rasmlarni chindan ham chiroyli chizar, devoriy gazetani qunt bilan bezar edim.
BIRINCHI MAQOLAM «TONG YULDUZI»DA CHIQQAN
7-sinfda o‘qiyotgan paytlarimda sizning «Tong yulduzi» gazetasida birinchi maqolam chiqqandi. Shundan keyin men bu gazetaning deyarli muxbiriga aylanganman. Adashmasam, 1980-yilda gazetaning 50 yilligiga Andijondan «delegat» bo‘lib kelganman. Eng qizig‘i, birinchi maqolalarimni tahrir qilib, shu gazetaga chiqargan Yoqut Rahimova mening shoir sifatida chiqargan birinchi kitobimga muharrir bo‘lgandi. Keyin radio eshittirishlarda ham chiqish qilardim. Mening xabarim yoki she’rim radioning dasturida chiqqan kuni maktabda shov-shuv bo‘lardi. O‘sha kezlar u eshittirishlar shu qadar mashhur edi-da. Kishiga juda katta zavq berardi. Jurnalistika sohasida o‘qishga poytaxtga kelganimda shu gazetalar, radiolar menga tavsiyanoma bergan. Ular bilan yaqin yillargacha ko‘p hamkorlik qildik. Dog‘istonga safar qilib qaytganimda, Maxachqal’adagi Rasul Hamzatov va Hamzatov nomidagi ijod maktabi haqida sizning gazetangizga maqola qilib bergandim...Bolalikda rosa gul parvarishlashga qiziqardim. Ellik-oltmishtalab tuvakda gulim bo‘lardi. Undan tashqari, 5- yo 6-sinf paytim, dadamga «hiqillab» yurib, ikkita qo‘zichoq oldirganman. «Qashqavoy» degan hikoyamni o‘shanda yozganman. Keyin ular qo‘y bo‘lib, avlodidan, eh-he, nechta qo‘y bo‘lib ketdi. Qo‘y, tovuq, kaptar, quyon, baliq, toshbaqa, hatto burgut ham boqqanman. Keyin yana bir narsa: akamlarga uy quradigan bo‘ldik. O‘sha paytlar chiroyli «Ural» velosipedi chiqqandi. Uy uchun uch mingta guvalak quyaman, deb uch mingta guvalani quyib tugatganimda, dadam menga yangi «yog‘i artilmagan» qora velosiped olib bergan. O‘ylashimcha, uni shundoq ham olib berishi mumkin edi. Menimcha, mehnatda chiniqishimni xohlagan. Haqiqatda mehnatdan qochmaydigan qilib tarbiyaladi. Dadam, kishi fahm-farosatli bo‘lishi kerak, deb juda ko‘p aytardi. Bu katta tarbiya bo‘ldi…Eslasam, aytarli xotiralar juda ko‘p. U paytlar deyarli har bir xonadonga «Tong yulduzi» gazetasi, «Gulxan», «G‘uncha» jurnallari kelardi. Aksariyat xonadonlarga «Sharq yulduzi», «Fan va turmush» jurnallari yetib borardi… Hech qachon hech narsa gazeta va jurnalning o‘rnini bosmaydi. Bugun biz kitobxonlikni rivojlantirishga katta e’tibor beryapmiz. Lekin kitobxonlikning poydevori gazeta-jurnal bilan qo‘yiladi. Men gazeta-jurnallarimiz xonadonlarga qaytishini orzu qilaman. Chin – adabiyot gazetalarda sayqallanadi. Adabiyotning o‘zagi – adab. Hamonki, adabiyotsiz tom ma’nodagi insonni tarbiyalab bo‘lmaydi.Bolalarimizga, birinchi bo‘lib, maqsadni shakllantiring, deyman. Bolalikdan kishida maqsad shakllansa, shuning o‘zi uni boshlab ketadi. O‘qishga, izlanishga, yuksalishga undaydi. Mehnatsevar bo‘ling! O‘qing, izlaning. Hamma noxushlik ilmsizlikdan. Ilm izlang, bilimli bo‘lmaslikning oqibati yomon. Mashhur yozuvchi Luis Borxesning men yoqtirgan «Men doim jannat kutubxonaga o‘xshagan joy bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman», iborasi bor. Kutubxonadan – «jannat»dan uzoqlashib ketmang, bolalar!