MOBIL AVTOBUSLAR YO‘LGA CHIQDI
Kuni kecha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan mobil malaka oshirish xizmatlari negizida tashkil etilgan avtobuslarni hududlarga tarqatish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentyabrdagi Farmoniga muvofiq, joriy yilning 1-mart sanasidan boshlab tajriba-sinov tariqasida respublikaning uzoq va chekka hududlarida joylashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish xizmatlarini joriy etish belgilangan.
Mazkur Farmonga asosan, pedagog kadrlarga qulaylik yaratish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlarida mobil malaka oshirish xizmatlari yo‘lga qo‘yilmoqda.
Mobil malaka oshirish xizmatlari 4 ta auditoriya ko‘rinishidagi qayta jihozlangan avtobuslar negizida tashkil etildi. Avtobuslar 10 ta noutbuk, interaktiv monitor, yozuv doskasi, internet tarqatuv qurilmasi (Wi-Fi router) bilan jihozlangan.