March 3

Maqomga mehr qo‘yib...

Alisher Navoiyning «Kelmadi» radifli gʻazali asosida «Munojat» qo‘shig‘i yaratilgan edi. Bu qo‘shiqni Berta Davidova, Muhammadjon Karimov, Naima Poʻlatova singari san’atkorlarimiz goʻzal tarzda ijro etishgan.

Ismi jismiga monand yana bir san’atkorimiz borki, mazkur ashulani mahorat bilan ijro eta olgan. Oʻzbek maqom san’ati malikasi, Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq artisti, qator davlat mukofotlari sohibasi Munojat YOʻLCHIYEVA sahifamiz mehmoni. Bahorning ilk kunlaridanoq siz oʻquvchilarga hofizamiz oʻzining bolalik xotiralari, umr yoʻlini soʻzlab berdi.

– Andijon viloyati, Buloqboshi tumanidagi Shirmonbuloq qishlogʻida dunyoga kelganman. Bolaligimni doimo yorqin xotiralar bilan eslayman. O‘quvchilik chogʻlarimdan san’atga qiziqqanman. Maktabimizdagi radiouzelda har bir sinf oʻquvchilari haftada bir marta chiqish qilardi. Bizning sinfdan dugonam Ra’no she’r yozib, she’rlarini oʻqisa, boshqa sinfdoshlarim hikoya oʻqir, cholgʻu chalib berardi. Men esa ashula aytardim. Toʻgaraklarda faol edim, qolaversa, maktab yetakchisi boʻlganman. Yetakchilik ham qaysidir ma’noda rahbarlik singari edi. Oʻziga yarasha mas’uliyat yuklangandi. Doʻstlarim, tengdoshlarim bilan ishlash zavqli edi. Musiqa oʻqituvchimiz ashula aytganimizda gʻijjak chalib, joʻrnavo boʻlardi.

Maktabda oʻtkaziladigan barcha tadbirlarda faol ishtirok etganmiz. Undan tashqari, kolxozimiz klubida ham ansambl tuzgandik. Kolxozimizda Gʻanijon aka degan san’at ixlosmandi doira chalardi. Tengqurlarimiz bilan kolxozda nimaiki tadbir boʻlsa, konsert qoʻyib berardik. Maktabga 8 yoshimda borganman. 1978-yil oʻrta maktabni bitirganman. O‘quvchilik davrimda ogʻir-bosiq, oʻz xayollari bilan yuradigan qiz boʻlganman. Musiqalarni xirgoyi qilib, orzularim ogʻushida yashardim. Adabiyot, tarix, jismoniy tarbiya fanlariga qiziqardim. Olimpiadada geografiya, tarix fanlari, sportdan basketbol, yengil atletikadan tuman miqyosida gʻoliblikni qoʻlga kiritgandim.

Singillarim Sabohatxon, Manzuraxon va men.

Maktabda adabiyot fanidan zamondosh yozuvchilarimiz asarlari asosida sahna koʻrinishlari qilardik. Oybekning «Qutlugʻ qon» romanining bir qismini ijro qilganmiz. Romanda berilgan she’rlarni kuyga solganman. Televizorda koʻrganimizdek, oʻsha paytdagi koʻhna liboslarni kiyib, rol ijro qilganmiz. Hatto buni suratga tushirtirganmiz. Suratkashimiz, «Apparat buzilib qoldi», dedi-yu, suratlarimiz qolib ketdi...

Otam Abduvali Yoʻlchiyev kolxozda haydovchi, onam Muborakxon uy bekasi boʻlishgan. Olti qiz, ikki oʻgʻilni dunyoga keltirib, voyaga yetkazishgan. Onam juda chiroyli ovoz sohibasi boʻlib, ashulalarni xirgoyi qilib turardilar. Onamning aytishlaricha, bobomiz ularning san’atkor boʻlishlariga ruxsat bermagan ekanlar. Shu bois, san’at onam uchun bir umrlik armon boʻlib qolgan ekan. Otam qishloqda yaxshi nom olib, hurmatga sazovor inson boʻlgan. Biz farzandlarni ilmli boʻlishimizda otamizning hissasi katta. Otam maktabda yaxshi oʻqigan, oliygohga oʻqishga kirgan. Lekin otalari bevaqt vafot etib, opa-singillari, ukalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻqishni toʻxtatib, ishlagan ekanlar. Otam aniq fanlarni yaxshi oʻzlashtirgan, mental arifmetikani bilganlar. Matematika fanidan qiynalib qolsak, darrov choʻtni olib, bizga misollarni ishlashga yordam berardilar. Qoʻlda tez-tez hisoblar edilar. Buni o‘zlashtirib olgan singillarim hozir ham qoʻlda tez hisoblashadi.

* * *

Maqom san’atiga kirib kelishimda togʻam Abdullajon Mavlonov menga yoʻl-yoʻriq koʻrsatgan. «Toshkentga borib, Konservatoriyaning akademik xonandalik yoʻnalishiga hujjat topshirsang, ovozing oʻsadi. Yaxshi ustozlarning etagini ushlaysan, oʻzing kabi odobli qizlar bilan dugona boʻlasan», deya maslahat berganlar. Shu yili Toshkentga kelib, Konservatoriyaning tayyorlov kursida 2 yil tahsil olganman. Kursda oʻqiyotgan paytimiz Hazrat Navoiy tavalludining 539 yilligi munosabati bilan televideniyeda «Nazm va navo» koʻrsatuvida chiqish qilganmiz. Bir kun ichida butun respublikada, qolaversa, qoʻshni davlatlarda ham mashhur boʻldik. U vaqtda respublika rahbari Sharof Rashidov bizni televizorda koʻrib, «Shu yoshlarni ish bilan ta’minlanglar», degan ekan. Keyin bizni Yunus Rajabiy nomidagi «Maqom» ansambliga ishga olishgan. Kimligimiz oshkor qilinmagan. Muxlislar orasida: «Bir qiz «Ushshoq», «Munojat»ni chiroyli ijro qilibdi. Kim ekan?», degan savol tugʻilgan. Tayyorlov kursini bitirib, imtihon topshirganimdan soʻng, an’anaviy maqom kursida tahsilni davom ettirdim. Boshqa kasb tanlash haqida oʻylamaganman. San’atga butun vujudim bilan kirishib ketganman. Ishga qabul qilishgandan keyin ham ish, ham oʻqish, ham konsertlar bilan band bo‘ldik. Tarjimonlikka qiziqishim bor edi. Oʻquvchilik yillarim hujjat topshirmasimdan avval otam, «San’atkor boʻlmaysan», deganlarida, tarjimon boʻlaman, deganman. Maktabimiz fransuz tiliga ixtisoslashgan boʻlib, shu tilni chuqur oʻrganganmiz. Boshqa tomondan, yuridik institutga kirib, advokat boʻlishni oʻylaganman. Yuridik sohaga kirish uchun ikki yil malaka talab etilishini eshitganimdan soʻng, bu sohaga kirmaslikka qaror qilganman. Taqdirimga maqom xonandasi boʻlish bitilgan ekan, shu yoʻldan ketdim.

O‘g‘illarim Muzaffar va Shuhrat.

* * *

Bugungi kunda Jon Millerni «Savol ortidagi savol» kitobini oʻqiyapman. Kitobda muallif toʻgʻri tanlangan savollar ishingiz va hayotingizni qanday oʻzgartirishini misollar bilan tushuntirib bergan. Yana Allan Pizning «Tana tili» nomli kitobini ham mutolaa qilyapman.

* * *

Chinakam san’atkor boʻlish uchun, avvalo, fidoyilik, san’atni sevish va unga jonini berish kerak. Yuzaki boʻlish toʻgʻri kelmaydi. Shu yoʻlda izlanmasangiz, ijodga kirishib, yangi qo‘shiqlarni ijro qilib, tinglovchiga bermasangiz, keyingi avlod sizni chetga chiqarib qoʻyadi. Ijodda sogʻlom raqobat boʻlishi kerak. Raqobat tufayli rivojlanish boʻladi, yangi ovozlar, yangi iste’dodlar kashf etiladi. «Tong yulduzi» mushtariylariga tilaklarim, avvalo, sogʻlik-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, yurtimizga omonlik tilayman. Hech kimning koʻzidan qaygʻu yoshlari oqmasin, aksincha, sevinch yoshlari qalqisin. Albatta, maqom san’atini tinglashda davom eting!

Ziyodulla HAMIDULLAYEV yozib oldi.