February 13

MUVAFFAQIYAT – IZLANISH VA QAT’IYATDA

Bilamizki, bir necha oy oldin respublikamiz boʻylab bolalar harakati sardorlarining saylovlari oʻtkazildi. Bolalar harakati qanday tashkilot? Sardor kim? Bu savollar koʻpchiligimizni qiziqtirayotgani, tabiiy. Bugun Oʻzbekiston bolalar tashkilotining Bolalar harakati Respublika bosh sardori – Jasurbek Yusufjonov bilan boʻlgan suhbatimizni oʻqish orqali barcha savollaringizga javob topishingiz mumkin.

Muhammad Ali ROʻZIBOYEV

– Jasurbek, Oʻzbekiston Bolalar tashkiloti haqida qisqacha maʼlumot bersangiz...

– Ushbu tashkilotning asosiy maqsadi bolalarni Vatanga muhabbatli, intellektual, ijodiy, jismoniy va maʼnaviy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi, ularning taʼlim olishi va dam olishiga boʻlgan huquqlarini roʻyobga chiqarish uchun zarur shart-sharoit yaratishdan iborat. O‘tgan yili Muhtaram Prezidentimizning Andijon viloyatiga tashrifi davomida viloyat yoshlari bilan boʻlib oʻtgan ochiq muloqotda bolalar bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ilgari surilgan edi. Prezidentimizning tashabbusi bilan bolalarning huquq va manfaatlarini himoyalash, ularning isteʼdod va qobiliyatlarini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish, Vatanga muhabbat va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida 2024-yilning 16-aprel sanasida Oʻzbekiston bolalar tashkiloti tashkil etildi.

– Ayting-chi, jamoaning rivojlanishida sizningcha birdamlik qanchalik muhim rol oʻynaydi?

– Jamoaning rivojlanishida birdamlik asosiy rol oʻynaydi, chunki u hamkorlikni kuchaytiradi va umumiy maqsadga tezroq erishishni taʼminlaydi. Birdamlik tufayli jamoa aʼzolari bir-birini qoʻllab-quvvatlaydi, muammolarni birgalikda hal qiladi va samaradorlikni oshiradi. Aksincha, birdamlik boʻlmagan jamoada nizolar va kelishmovchiliklar koʻpayib, maqsadga erishish jarayoni sekinlashadi.

– Hozirgacha erishgan yutuqlaringizga oʻzingizdagi qaysi qobiliyatlar sababchi, deb hisoblaysiz?

– Bunga har bir ishni yarim yoʻlda tashlab ketmaslik, qayta takrorlab koʻrib, oldimga qoʻygan maqsadga erishishim. Maqsad qoʻydimmi, unga yetmasdan qoʻymayman. Agar yutqizsam, keyingi safar yanada yaxshiroq tayyorlanib harakat qilaman. Bugungi kungacha erishgan yutuqlarimning ortida juda katta mehnat yotibdi. Faqatgina mehnat qilgan inson, o‘z mehnatining hosilini yig‘ib oladi.

– Oʻzbekiston Bolalar harakati bugungi kunga qadar qaysi yirik yutuqlarga erishdi?

– Respublikamiz boʻylab uch yuz mingdan ortiq bolalarni yetakchilik qobiliyatiga jalb qilindi Respublikamizda: 369 487 nafar sardorlar bor va bularning barchasi oʻz maktabining, tumanining, viloyatining yetakchilari. Tashkilotimizning eng katta yutugʻi Oʻzbekiston bolalarida yetakchilik qobiliyatini shakllantira olayotgani, deb oʻylayman.

– «Tong yulduzi» gazetasi mushtariylariga tilaklaringiz...

– Mamlakatimiz oʻquvchilarining sevimli nashri mushtariylari, har bir kuningiz yangi imkoniyatlarga boy, maqsadlaringizga erishish yoʻlidagi harakatlaringiz samarali boʻlsin. Oldingizda turgan barcha sinovlarni dadillik va sabr bilan yengib oʻtishingizni tilayman. Harakatdan aslo toʻxtamang, chunki muvaffaqiyat doimo izlanish va qatʼiyat bilan birga keladi!

Buxoro viloyati, Romitan tumanidagi 1-kasb-hunar maktabi oʻquvchisi

Muhammad Ali ROʻZIBOYEV suhbatlashdi.