MANGU QOLGAN TABASSUM
Hayotda shunday insonlar bo‘ladiki, ularning o‘z kasbiga bo‘lgan mehri, kasbiy mahorati bilan millionlab insonlar qalbini zabt etishga ulgurishadi. Ana shunday insonlardan biri, umri davomida o‘zining ichakuzdi, samimiy hazil-u hangomalari bilan tomoshabin qalbidan joy olgan asl san’atkorlardan biri Obid Asomov edi. Sevimli san’atkorimizning bolalik xotiralaridan ba’zi lavhalarni e’tiboringizga havola qilmoqchimiz.
– 1963-yil 22-oktyabrda Toshkentda tug‘ilganman. Bobom Abbosxon Eshon bir necha tillarni bilgan, ziyoli inson bo‘lgan. Poytaxtimizning Kamolon mahallasida yashardik. Oiladagi to‘rt farzandning ikkinchisi edim. Otam rahmatli oilani boqaman, deb 10-sinfni bitiriboq, ishga kirgan ekan. U temiryo‘lda ishlab, besh kun yo‘lda, besh kun uyda bo‘lardi. Toshkent–Moskva–Toshkent poyezdida kuzatuvchi bo‘lib, vagonlarda tashlab ketilgan gazeta-jurnallarni uyimizga olib kelardi. Ishonasizmi, o‘sha gazetalarni qo‘lma-qo‘l qilib o‘qirdik.
O‘quvchilik yillarimda qiziqarli voqealar ko‘p bo‘lgan. Bir kuni Jahongir degan sinfdoshim biologiya darsida kislota solingan idishni polni tesharmikan, deb o‘qituvchi yo‘q payti kislotani polga to‘kib ko‘rdi. Pol vishillab ketdi: ikkinchi qavatdan birinchi qavatgacha teshib oqib tushdi. Ana to‘polon! Eng qizig‘i, vaqtlar o‘tib Jahongir Farmatsevtika institutiga o‘qishga kirib, dorixona ochdi.
Bir kunda o‘n ikkita besh olgan paytlarim ham bo‘lgan: og‘zaki javob uchun, daftarga, uyga vazifa uchun... Gulchehra opam bilan kim ko‘p besh baho olish bo‘yicha musobaqa o‘ynardik. Birinchi o‘qituvchim Sharifa opa Turdiyeva ota-onalar majlisida, «Asomov hamma fanlardan a’lo baholarga o‘qiydi, faqat og‘zi tinmaydi, juda sergap», deb arz qilardi.
4-sinfda o‘qib yurgan kezlarimda rassomlik to‘garagiga qatnaganman. Maktabni bitirgach, Benkov nomli san’at maktabiga o‘qishga kirdim... 2018-yil may oyida ijodkor «Multiplikatsion filmlar studiyasi»ga direktor etib tayinlandi. So‘z ustasi ko‘p multfilmlarga ovoz berdi. U rahbarlik davrida milliy multqahramonlarni yaratishga kirishildi. Obid aka hamisha: «Masha va Ayiq», «Tom va Jerri» o‘ziga xos brend bo‘lib qolgan. Yoki «Mikki Maus»ni ayting. Bizning bolalarimiz uchun o‘zimizning shunday qahramonlarimiz yo‘q», derdi kuyunib.
Mahoratli so‘z ustasi Obid Asomov 2018-yilning so‘nggi oyida – 55 yoshda vafot etdi. Qiziqchi vafotidan keyin 2021-yilda «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi. Sevimli san’akorimizning o‘chmas mangu xotirasi qalbimizda hamisha barhayot.