February 26

ORZULARGA ELTGAN MAKON

Kuni kecha Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Xolmurod Salimov o‘zi ta’lim olgan Navoiy viloyati, Xatirchi tumanida joylashgan 27-umumtaʼlim maktabiga bordi. Unga Uyushmaning Navoiy viloyati boʻlimi raisi Otabek Aslonov, Navoiy viloyati hokimligining «Doʻstlik bayrogʻi» va «Znamya drujbi» gazetalari tahririyati Bosh muharriri Boboqand Umarov hamda bir guruh OAV vakillari hamrohlik qilishdi. Buyuk shoir va mutafakkir bobolarimiz Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi munosabati bilan tashkil etilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda oʻquvchilar bor mahoratlarini koʻrsatishdi. Allomalar asarlari asosida tayyorlangan sahna koʻrinishlari namoyish etildi, gʻazallardan namunalar oʻqildi.

Tadbir soʻngida soʻzga chiqqan Xolmurod Salimov oʻquvchilik davriga biroz toʻxtalib oʻtdi:

– Oʻquvchilik davrimizda har oyda sinfimiz devoriy gazetasi chiqarilardi. Oʻshanda 6-sinfda oʻqirdim. Devoriy gazetada me‑ ning kichkinagina maqola-xabarim chiqqandi. Har safar tanaffusga chiqqanimda, uni tomosha qilardim, oʻsha kichkinagina xabarimdan ruhlanardim. Mendagi jurnalistikaga qiziqish oʻsha davrlarda boshlangan, desam, xato qilmayman. Bolaligim oʻtgan ushbu maktab kutubxonasiga Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan «Dunyo daholari» seriyasi ostida chiqarilgan hamda «Kitobxon bolalar» seriyasi ostida chop etilgan 200 nomdan ortiq 500 ga yaqin kitoblarni tortiq qildik. Ushbu kitoblar maktabdagi har bir oʻquvchining kitob oʻqishga boʻlgan qiziqishini orttirishi, shubhasiz.

Mehmonlar oʻquvchilarga maktabda yaratilgan shart-sharoitlar, dars jarayonlari, toʻgarak mashgʻulotlari bilan yaqindan tanishib, oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Oʻziga xos tarzda boʻlib oʻtgan ushbu uchrashuvdan mehmonlar bir zum bolalik davriga xayolan qaytishgan boʻlsa, yosh avlod esa bilim olish va ilm choʻqqilarini egallash orzular sari yetaklashiga amin boʻldilar.

Shoxruhbek AXTAMOV,

O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi