July 3

Pedagog ayollar voleybol maydonida bellashmoqda

Mamlakatimizda ilk bor maktabgacha va maktab ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar o‘rtasida voleybol bo‘yicha “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri kubogi” respublika musobaqasi tashkil etildi. Mazkur sport loyihasi pedagoglar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, jismoniy faollikni oshirish hamda ta’lim jamoalarida birdamlik va hamkorlik muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Musobaqada yurtimizning barcha hududlaridagi 14 mingdan ortiq maktabgacha va umumta’lim muassasalarida mehnat qilayotgan 110 mingdan ziyod pedagog xotin-qizlar ishtirok etdi. Hududiy va mintaqaviy bosqichlarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar esa bugun Namangan shahrida o‘tayotgan respublika final bahslarida chempionlik uchun kurash olib bormoqda.

Final uchrashuvlari nafaqat sport mahoratini namoyish etish, balki turli hududlardan kelgan pedagoglarning tajriba almashishi, o‘zaro do‘stlik rishtalarini mustahkamlashi va ta’lim tizimida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirishga ham xizmat qilmoqda.

Final bahslarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan saralangan 14 ta jamoa tarkibidagi 112 nafar ayol pedagog g‘oliblik uchun bellashmoqda.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra:

1-o‘rin sohiblariga – 150 million so‘m;

2-o‘rin sohiblariga – 100 million so‘m;

3-o‘rin sohiblariga – 70 million so‘m miqdorida pul mukofoti topshiriladi.

Bundan tashqari, g‘olib jamoalarning har biriga “Damas” avtomobili tantanali ravishda topshiriladi.

Mazkur musobaqa pedagoglar o‘rtasida sportni ommalashtirish, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish hamda ta’lim tizimi xodimlarining jismoniy faolligini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi muhim tashabbus sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.

«Tong yulduzi» gazetasi