QODIRIY QAYTMAGAN UY
1926-yilda ushbu darvoza oldiga hech kim yaqinlashmasdi. Chunki bu xonadonda istiqomat qilayotgan inson «xalq dushmani» deya qamalgan edi. Bu Oʻzbek zamonaviy adabiyotining otasi, millat faxri Abdulla Qodiriyning uyi...
Bugun biz yozuvchi yashab ijod qilgan, farzandlari ulgʻaygan Shayxontohur tumani, Samarqand darvoza koʻchasidagi xonadonda boʻlib, qaysidir maʼnoda tarix bilan yuzlashamiz. Uyda bizni buyuk adibimizning nevaralari yuz-koʻzlari Qodiriyga oʻxshab ketuvchi Sherkon aka kutib oldi. Xonadon boʻylab sayohat qilish haqidagi iltimosimizni u kishi quvonch bilan qabul qildi.
Hovli dastlabki holatidan ancha oʻzgartirilgan. Baland-pastliklar tekislanib, hozirgi koʻrinishga keltirilgan. Darvozadan kirishda sizni 1852-yilga oid odam tashishga moʻljallangan Qoʻqon arava qarshi oladi. Chap qanotda Qodiriy oʻzi qurgan ayvon va xona, oʻng tarafda 2019-yilda hukumat qarori bilan qurilgan yangi xonalar joylashgan. Yangi qurilgan xonalar, zallarga kiraverishdagi devorlarga yozuvchi asarlaridan iqtiboslar, hikmatli soʻzlar, dialoglar, parchalar yozilgan. Hovli oʻrtasiga haykaltarosh Bahrom Norboyev yaratgan adib haykali oʻrnatilgan. Ichki hovlida ayollar va bolalar yashagan, begonalar koʻzidan pana boʻlsin, deb chetroqqa solingan uy ham bor. Uning yuqori qavatida yozuvchi ijodxonasi boʻlgan. 1937-yilning 31-dekabrida adib NKVD tomonidan shu xonada qamoqqa olinadi va qaytib kelmaydi...
Bundan 100 yillar avval mazkur xonadon oila aʼzolari bir tancha atrofida kitoblar oʻqib, bir-biridan hol-ahvol soʻrab, kunning qanday oʻtganligini soʻrashgan. Bundan bir necha yillar oldin Abdulla Qodiriy shu tanchaning atrofida oila aʼzolari bilan jam boʻlgan. Va oʻzining yangi asarlari, romanlarini birinchi boʻlib shu yerda oʻz oila aʼzolariga taqdim etgan. Qodiriy oʻtirib ijod qilgan tut daraxtidan yasalgan tancha, qoʻl yuvgan obdasta, hujjatlar saqlangan temir sandiq uning rafiqasi Rahbarnisa aya kelinlikda olib kelgan sarpo sandigʻi hammasi avlodlari tomonidan tabarruk xazinadek asrab olib qolingan.
– Mana bu surat bobomni 1926-yilda qamalgan vaqtlardagi suratlari. U «Mushtum»da bosilgan «Yigʻindi gaplar» hikoyasidagi tanqidiy mulohazalari uchun «aksilinqilobiy harakat qilganlik»da ayblanib, qamoqqa olingan, turli boʻhtonlar bilan sudlangan. Sudda oʻzlarini mardonavor himoya qilgan. Keyin ozodlikka qaytib ham yana haqiqatparvar boʻlib, yozishda davom etgan. Bobom qoʻrqmaydigan mard odam edilar, – deydi Sherkon aka Qodiriyning suratini qoʻlga olib. Adibdan qolgan asarlar bilan birga unga tegishli barcha buyumlarga qarab oʻylanib qoldik. Axir qachonlardir oʻzbekning shunday buyuk mard oʻgʻloni shu obdastada qoʻl yuvgan, shu kerosin-lampa yorugʻida ijod qilgan shu hovlida yurgan, yashagan...
Bu hovlida Abdulla Qodiriyning ilhom avjida yozgan asarlari-yu, millat gʻamida yonib, iztirobda oʻtkazgan kunlariga guvoh boʻlgan bir qancha buyumlar saqlanadi. Bu yerga nafaqat ekskursiya, balki mutolaa uchun ham kelishingiz mumkin. 2019- yil uy-muzeyiga qoʻshimcha qurilgan kutubxona, konferensiya va koʻrgazma zallari sizga shunday imkoniyat tuhfa qiladi. Moʻjaz kutubxonada 20 mingga yaqin kitob bor.
Muzeyni ziyorat qilar ekanmiz, oʻtmishga qaytgandek boʻldik, muzeyning har bir buyumlari hatto tagsinchidan tortib vassachoʻplarigacha Qodiriyning har bir bosib oʻtgan mashaqqatlaridan soʻzlagandek boʻldi. Yarim gektarcha keladigan hovlida sokinlik hukmron. Bu yerda saqlanayotgan nodir buyumlar hali biz kabi koʻplab qiziquvchilarni tarix bilan yuzlashtiradi. Sherkon aka bilan boʻlgan suhbatimiz juda samimiy va qiziqarli boʻldi, biz bu muzeyga hali koʻp kelishni niyat qilib, safarimizni yakunladik.
«Tong yulduzi» amaliyotchilari