October 20

#Kelajak_soati

Bugun Poytaxtimizning Chilonzor tumanida joylashgan 195-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchilari uchun «21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni» munosabаti bilan taniqli adabiyotshunos, pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy YO‘LDOSH «Kelajak soati» darsini o‘tib berdi.

“21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni” munosabаti bilan o‘tkazilgan ushbu dars davomida o‘quvchilarga ona tilimizni asrab-avaylash, adabiy til me’yorlariga rioya qilish, ona tiliga hurmat va faxr tuyg‘ularini shakllantirish bo‘yicha qimmatli ma’lumotlar berildi.

Ustoz o‘z ma’ruzasida o‘zbek tilining boy tarixi, betakror go‘zalligi va ma’naviy qudrati haqida so‘z yuritdi. Tarixiy dalillar, hayotiy misollar va obrazli ifodalar orqali professor o‘quvchilarning qalbida ona tiliga nisbatan faxr, mehr va sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

«Tilga munosabat bu – avvalo, odamning o‘ziga munosabatini belgilaydi. U, hatto, millatiga munosabati ham emas, o‘ziga hurmatni va o‘ziga muhabbatni belgilaydigan omil. Hazrat Navoiy shunday aytganlar “Tilga ixtiyorsiz, elga e’tiborsiz”. Buni o‘nlab ma’nolari bor. Shulardan biri, ya’ni sen og‘zingga kelganidek va odamlarga yoqadiganidek, tushunarli bo‘ladiganidek gapiraversang, bu elni mensimading degani. O‘zining tilini bilmasdan turib, Aflotun bo‘lgan taqdirda ham u odam o‘zi o‘ylagan, o‘zi hisoblagan millatga mansub emas. Yana bir narsa, chet tilini, ya’ni o‘zga tilni bilishni insonning saviyasini ko‘rsatadigan yagona bir ko‘rsatkich deb qarash kerak emas. U birinchi navbatda – odamlikni, ikkinchi navbatda – mutaxassislikni va kasbni shakllantirishdan keyingi o‘rinda turadigan narsa.

Oʻzingizning oʻzbek ekaningizni, faqat ota-onangizni emas, balki oʻzbek degan millatning, Oʻzbekiston degan yurtning ham farzandi ekaningizni esingizdan chiqarmang!»

Qozoqboy Yo‘ldosh ona tili – bu oddiy aloqa vositasi emas, balki millatning ruhi, tafakkuri, or-nomusi va g‘ururi ekanini alohida urg‘uladi. Ishtirokchilarning fikricha, dars jarayoni juda qiziqarli va samarali o‘tdi. O‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

Suratlar muallifi Azizbek Abdumalik