RAHMAT, USTOZ!
Ingliz tilini oʻrganish menga katta zavq bagʻishlaydi, chunki bu til nafaqat bizning muloqot qilishimizga yordam beradi, balki yangi gʻoyalar va bilimlarni oʻzlashtirishda ham muhim rol oʻynaydi. Ushbu fan oʻqituvchisi, ustozim Sevara QODIROVAning fidoyiliklarini doimo his qilaman.
Sevara opa oʻz ishiga sadoqatli, barcha oʻquvchilarni darsga qiziqtirishni biladigan inson. U har darsda oʻquvchilarning erkin fikrlashiga, iqtidorini namoyish etishiga imkoniyat yaratib beradi. Ustozimning oʻziga xosligi shundaki, u darslarni oʻyin, musobaqa tarzida oʻtadi. Bu nafaqat ingliz tilini oʻrganishimizni osonlashtiradi, balki bizning fanga boʻlgan qiziqishimizni orttiradi. Ustozim har bir oʻquvchining til oʻrganishiga boʻlgan qiziqishini eʼtiborsiz qoldirmaydi. Har birimizdan soʻz va tushunchalarni qanday oʻzlashtirayotganimizni erinmay soʻrab chiqadi.
Shuningdek, har muvaffaqiyat tagida tinimsiz mehnat borligini uqtiradi. Hayotdagi qiyinchiliklarga qarshi turish va maqsadimizga erishish haqida doimo dono maslahatlar beradi. Uning hikoyalari va shaxsiy tajribasi bizga koʻplab saboqlarni oʻrgatadi. U, shuningdek, adabiyot va sanʼatni qadrlaydi, bu esa bizga yangi orzular va ilhom beradi.
Sevara opadek ustozlar jamiyatimizni yanada rivojlanishiga xizmat qiladi. Ularning yordami bilan biz yanada muvaffaqiyatli va baxtli insonlar boʻlamiz. Ilm olish, hayotda oʻz oʻrnimizni topishda katta yordam berayotganingiz uchun rahmat. Fursatdan foydalanib, sizni yaqinlashib kelayotgan bahor ayyomi bilan qutlayman, aziz ustozim!
Buxoro viloyati, Romitan tumanidagi 15-umumtaʼlim maktabining 5-«A» sinf oʻquvchisi