KITOB... QO‘LIMGA QALAM TUTQAZDI
Sahifamizning navbatdagi mehmoni – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, «Do‘stlik» ordeni sohibi Ro‘zimboy HASAN bolaligi, ilk maqolasini qanday yozgani haqida so‘zlab beradi. Keling, ustoz jurnalistning bolalik sahifalarini birgalikda varaqlaymiz.
1964-yil kuzida 1-sinfga borganman. Bu paytda katta opalarim o‘rgatishgani uchun barcha harflarni tanir, matnlarni ravon o‘qirdim, ammo yoza olmasdim. Yozishga muallimimiz Matyoqub aka Quryozov o‘rgatgan. U kishining o‘ng qo‘lim barmoqlari ustiga kaftlarini qo‘yib, oq qog‘oz uzra chiroyli yozishga hafsala bilan o‘rgatganlarini, yanada ko‘proq o‘sha taftli barmoqlarini hali-hamon his qilaman.
Maktabimiz to‘rt yillik bo‘lib, qishlog‘imizning «To‘qay» va «Mesit» elati bolalari o‘qishlari uchun omonat loydan tiklangan to‘rt xonali bino edi (bu ikki elat qishloq markazidan ancha uzoqligi sabab, shu maktabni jamoa xo‘jaligi tiklagandi).
Ilk bora qo‘limga olgan gazeta – hozirgi «Tong yulduzi» bo‘lgan. Maktabimizga bor-yo‘g‘i ikki dona gazeta va oyda bir marta bir dona «Gulxan» jurnali kelardi. Matyoqub aka a’lo baholarga o‘qigan o‘quvchilarga gazeta va jurnal sovg‘a qilardi. A’lo o‘qiganim bois, aksar gazetalar menga tegar, ularni boshdan-oyoq bir harfini qoldirmasdan takror va takror o‘qirdim.
Bir kuni onam yomg‘irli havoda o‘choqqa qalagan g‘o‘zapoyalar nam tortgani uchun yoqa olmay, gazetaning birisini yirtib tutatqi qilganida, yig‘laganim bor...
Yana onam eslardiki, haftada ikki marta qishloq pochtachisi Sotim Bektosh degan kishi velosipedda gazeta tarqatganida, sumkasidagi chiroyli suratli jurnallardan berishini so‘rab yig‘laganimda, Sotim aka, «O‘zi bittagina, buning egasi bor», der ekan. Bu vaqtda men to‘rt yoshlarda bo‘lganman.
Aynan shu gazetalar butun umrimni baxshida qiladigan soha – jurnalistikaga qiziqish uyg‘otgan. Gazetadagi kichik-kichik xabarlarni o‘qib, o‘zim ham shunga o‘xshatib nimadir yozishga uringanman. Ammo kichkina maktabimizda respublika matbuoti uchun ahamiyatli biror tadbir, voqea ro‘y bermaganidan nima yozishni bilmasdim.
5-sinfdan qishloq markazidagi o‘rta maktabga qatnab o‘qiy boshladim. Maktabga boraverishda ko‘rimsizgina xonada qishloq pochtasi joylashgandi. Bir kuni o‘qishdan qaytayotganimda pochtaga kirdim, Mahmud aka dasta-dasta gazeta va jurnallarini saralayotganini ko‘rdim va cho‘ntagimdagi yigirma tiyinni uzatib, menga gazeta berishlarini iltimos qildim. Mahmud aka, «Bu gazetalar sotilmaydi, egalariga yetkazib beriladi», dedi, ammo qo‘limni qaytarmay, uch dona gazeta berib yubordi... 6-sinfimda nihoyat jur’at topib, «Tong yulduzi»ga bir xabar jo‘natdim. Xabarim qachon chiqar ekan, deb sinfga kelgan gazetaning har sonini yutoqib qo‘limga olardim. Bir oylardan so‘ng gazetada maqolam emas, nomim chiqdi. O‘sha vaqtda gazetaga yuborilgan maqolalarning foydalanilmay qolganlari haqida ixcham taqrizlar bosilar, ularda tahririyatga yozgan o‘quvchilarning ism-shariflari sanab o‘tilardi.
Ilk bora gazetada ism-sharifim chiqqani men uchun bayramga aylangan. Gazetani olgancha uyga yugurganman. Hovliga kirarkanman, onamga gazetaning ism-sharifim yozilgan joyini ko‘rsatib, maqtanganman...
Ilk xabarim aynan «Tong yulduzi»da 1970-yilda chop etilgan. Bu maktabda Navoiy hazratlari tug‘ilgan sana munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir haqidagi xabar edi...
Ellik besh yildan ortiq jurnalistlik faoliyatimda sakkiz mingdan ortiq maqolalarim o‘zimizda va xorijdagi qirqdan ortiq vaqtli nashrlarda chop etilgan, kitob va to‘plamlarga kirgan. Ammo o‘sha o‘n olti qatorlik ilk xabarim men uchun boshqa maqolalarimdan ming chandon aziz...
...Badiiy adabiyotga boshlang‘ich sinfda o‘qiyotgan vaqtlarimda qiziqdim. Otam men uchun sotib olgan ilk kitob «Ertaklar to‘plami» edi. Ammo 5-sinfdan boshlab ertaklar olamidan boshqa janrlardagi kitoblarga qiziqa boshladim. 6-sinfda maktab kutubxonasidan hindlarning «Mahabharata» epopeyasini olib, bir hafta ichida o‘qib chiqqanman.
O‘zim ilk bora xarid qilgan kitob qaysi, deb o‘ylaysiz? Ertak yoki sarguzashtlar kitobi emas – Alisher Navoiyning «Hayrat ul-abror»asari edi. Kattaligi bolalar boshiga qo‘yib uxlaydigan yostiqchaday keladigan kitobni atigi bir so‘mga oldim – u arzonlashtirilgan narxda sotilayotgan ekan.
Bolaligim qiyin kechgan. Hali 1-sinfga oyoqyalang borganim, o‘zimdan boshqa uch opam maktabda o‘qiyotganlari uchun yolg‘iz o‘zlari kolxozda traktorchilik qiladigan otam ro‘zg‘ordan orttirib bizga ortiqcha kiyim olib berolmagan. Topganlari katta oila qozonini qaynatishga zo‘rg‘a yetgan. Ammo mening kitob o‘qishimga qarshilik qilmay, ba’zida tuman markaziga borganida, bir-ikkita kitoblar keltirib berardi.
Aynan kitobga muhabbat mening qo‘limga qalam tutqazdi. Hayotda nimalarga erishgan bo‘lsam, aynan kitobga bir umr hamkorligim, deb bilaman. Shaxsiy kutubxonamda besh mingdan ortiq kitoblar bor.
Hozirda maktabda o‘qiyotgan bolakaylarning imkonlari keng, qo‘llari uzatgan joyga yetadi, ammo, afsus... kitobdan boshqasiga. O‘qish kerak! Mutolaa inson dunyoqarashini kengaytiradi, zehniyatini toblaydi, hayotda adashmaslikka undaydi, yomon yo‘llarga kirib ketishdan saqlaydi.
Kitob ham tarbiya, ham ta’lim vositasi ekanligini unutmang, nabiralarim!
Azizbek ABDUMALIK suhbatlashdi.