February 24

SAKKIZOYOQ QAYERDA YASHAYDI?

Birinchi marta maktabga juda hayajon bilan borganman. Oʻqituvchilardan biri safda tizilishib turgan oʻquvchilarni eshigiga 1-«B» deb yozilgan sinfga olib kirdi. Men oxirgi partaga borib oʻtirdim. Boshida maktabga borgim kelmagandi. Juda oʻyinqaroq edim-da. Ustozimiz oʻzini tanishtirdi. Oliya Joʻrayeva ustoz juda shirinsoʻz, mehribon ekan. Qaysidir jihatlarini onamga oʻxshatdim. Birinchi kuni ustozimiz bilim olish uchun tarbiyali boʻlishimiz kerakligini, ustozlarning gapiga quloq solishimiz, partada oʻtirish, gapirmoqchi boʻlsak, qoʻl koʻtarib, ruxsat soʻrashimiz, doim kattalarga salom berish kerakligini, sinfdoshlarimiz bilan xushmuomalada boʻlishimiz zarurligini tushuntirib berdilar. Soʻng: «Nima savolingiz boʻlsa, berishingiz mumkin», dedi. Kimdir zilzila qanday paydo boʻlishi haqida, yana kimdir dunyodagi eng kuchli narsa nima ekanligini soʻradi. Ustozimizning har bir savolni diqqat bilan tinglab, javob berayotganini koʻrib, mening ham qaysidir bir multfilmdagi bahaybat hayvon sakkizoyoq haqida soʻragim keldi.

– Ustoz, sakkizoyoq qayerda yashaydi? Bizning joylardayam uchraydimi? – deb savol berdim.

Shunda dono muallimim:

– Sakkizoyoq dunyoda bor, ular dengizda yashaydi. Sakkizoyoq sakkizta soʻrgʻichi bor dengiz hayvoni. Ularning orqa qismida suv kiradigan, girdobsimon shakldagi kamera mavjud. Sakkizoyoq baliq kabi undan kislorod oladi. Bu kamera yordamida sakkizoyoq tez harakatlana oladi. Sakkizoyoq bu kameradan suvni katta kuch bilan chiqara olishi natijasida uning tanasi juda tez surʼatda harakatlanadi.

Ustozning bu qadar koʻp narsa bilishidan hayratlanib:

– Siz ham multfilmni koʻrganmisiz, – dedim.

– Ha, multfilmniyam koʻrganman. Keyin kitoblardan bu dengiz hayvoni haqida oʻqib bilganman. Demak, oʻqish, yozishni bilsangiz, koʻp narsalarni bilib olasiz, – deb javob berdilar.

Toʻrt yil mobaynida shu ustozim bilan qiziqarli voqealarni boshimizdan kechirdik. Ustozimni xuddi onamizdek yaxshi koʻrib qoldik. Men hozirda 5-sinfda oʻqiyapman. Bu voqealarni shirin xotiralar bilan eslayman. Chunki jajji qoʻlimga qalam tutqazib, yozishdan tortib oʻqishgacha barchasini oʻrgatgan ustozimni qanday qilib unutish mumkin? Birinchi muallim barchaning hayotida oʻchmas iz qoldiradi. Ustoz bizning aʼlo baholarda oʻqib, kelajakda yaxshi kasb egasi boʻlishimizni taʼminlaydigan buyuk zotdir.

Munisa SOLIHOVA,

Buxoro viloyati, Romitan tumanidagi 34-umumtaʼlim maktabining 5-sinf oʻquvchisi