July 15

SAMO LOCHINI

BOLALIK KUNLARIMDA...

Ko‘pchilik bolaligida uchuvchi bo‘lishni orzu qiladi. Ammo kamdan kam insonlargina bu orzusiga erishib, el-yurt faxriga aylanadi. Sahifamizning bugungi mehmoni O‘zbekiston Qahramoni Zarxo‘ja Saidazimov ana shunday insonlardan biridir. Bolalikdagi orzulari ni qanotga aylantirib, umrini osmon bilan bog‘lagan Zarxo‘ja Saidazimov nafaqat mohir uchuvchi, balki matonat va jasorat timsoliga aylangan.

Qahramonimizning nomi 2001-yil 11-sentyabr voqealari bilan bog‘liq tarixiy hodisa orqali ko‘pchilikka tanish. O‘sha kuni Toshkentdan Nyu-York sari parvoz qilgan samolyot bortidagi 180 nafar yo‘lovchining hayoti kutilmagan xavf ostida qoladi. Murakkab va tahlikali vaziyatda ekipaj kapitani sifatida qabul qilgan oqilona qarori, vazminligi va yuksak mahorati tufayli samolyot yerga xavfsiz qo‘ndiriladi hamda yuzlab insonlarning hayoti saqlab qolinadi. Ana shu jasorati uchun u Vatanimizning eng yuksak mukofoti – «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni bilan taqdirlangan. Osmoni falakda o‘tkazgan qariyb yarim asrlik faoliyati davomida mohir uchuvchi minglab parvozlarni amalga oshirdi, ko‘plab shogirdlar yetishtirdi va uchuvchilik kasbining naqadar sharafli, ayni paytda mas’uliyatli ekanini amalda namoyon etdi.

Bugun biz afsonaviy uchuvchi bilan uning bolalik xotiralari, kasb tanlashdagi ilk qadamlari, sinovlarga boy parvozlari, hayot falsafasi haqida suhbatlashamiz.

«SAMOLYOT, SAMOLYOT, QANOTINGNI PASTLAB O‘T»

– 1956-yil 26-aprelda ishchilar oilasida tug‘ilganman. Onam – uy bekasi, otam esa haydovchi edi. Hozirgi «Xalqlar do‘stligi» san’at saroyining o‘rni oldin dodalarimizning mahallasi bo‘lgan. Bizning hovlimiz avvalgi «Komsomol ko‘li», hozirgi «Milliy bog‘» atrofida edi. Shu hududdagi 128-maktabda o‘qiganman. Ko‘pchilik qarindoshlarimiz shahar chetida yashashardi. Taqdirni qarangki, homilador onam To‘ytepaga qarindoshinikiga mehmonga borgan kuni dard tutib, men o‘sha yerda dunyoga kelgan ekanman. Aslida, Toshkentda yashaganmiz, uyimiz, mahallamiz, maktabim poytaxtda edi. 1966-yil zilziladan keyin mahallamiz o‘rniga yo‘l tushgan va biz Arnasoy ko‘chasiga ko‘chib o‘tganmiz. Qo‘shnilar, hozir hovlini poydevoridan boshlab qurib bitkazguncha qancha mehnat bor, yaxshisi, «dom»ga chiqamiz, deyishgan. Buning ustiga, Do‘mbirobodda yashaydigan tog‘am, bizning mahallaga kelinglar, degach, o‘sha yerga ko‘chganmiz. Shunday qilib, maktabim 128-dan 138-ga ko‘chgan. Bolaligimdan uchuvchi bo‘lishni orzu qilganman. Osmonda samolyot uchib ketsa, «Samolyot, samolyot, qanotingni pastlab o‘t», deb osmonga qarab baqirardik. O‘sha paytda uchuvchilikka qiziqish uyg‘ongandi. Men turli samolyotlarni yasab, uchirib yurardim. Inson taqdiri uning fe’l-atvoriga ham bog‘liq. Bizga onamiz, buni o‘qing, mana bu fanni o‘rganing, demaganlar, o‘zimiz harakat qilardik. Alloh taolo menga bergan imkoniyati – yangi mahalladagi qo‘shnimiz aviatsiya sohasida ishlar ekan. U bilan tanishib, ko‘p maslahatlar olib, uchuvchi bo‘lish uchun nimalar qilish kerakligini o‘rganganman. U kishi menga qaysi shaharlarda uchuvchilar tayyorlanishi, qachon, qanday hujjatlar topshirishni tushuntirganlar. Uchuvchi mutlaqo sog‘lom bo‘lishi kerak, shuning uchun sog‘lig‘ingga e’tibor ber, matematika, fizika fanlarini qunt bilan o‘rgan, deb maslahatlar berganlar. Qo‘shnimizning hamma aytganlarini qilib, jidd-u jahd bilan yoshlikdan harakat qildim. Akrobatika bilan shug‘ullandim. Chunki boks, kurash kabi sport turlari uchuvchilik kasbiga to‘g‘ri kelmas ekan. Bunday sport turlarida jarohat olish, qo‘l-oyoq yoki bosh qismiga shikast yetkazish xavfi yuqori bo‘ladi.

ILK PARVOZ

U paytlarda harbiy tayyorgarlik kurslari bo‘lardi. Uchuvchi bo‘laman, desam, Orenburg harbiy kursiga yozib qo‘yishgan. Hamma imtihonlardan, komissiya suhbatlaridan o‘tganman, ammo yuqorida aytgan qo‘shnim uydagilarga: «Harbiy bo‘lib nima qiladi, uyga deyarli kelmaydi, bir umr kutib yashaysiz», degach, hujjatlarimni qaytarib olishga majbur qilishgan. Maktabni bitirganman, ammo uchuvchilikka topshirishga biroz kech qolganman. Shunday bo‘lsa ham bir yil aeroklubda uchganman. 1973-yilda «DOSAAF» degan tashkilot bo‘lardi, u yerda harbiy gospital ko‘riklaridan o‘tib, sentyabr oxirlaridan to bahorgacha o‘qiganmiz. Imtihonlarni topshirib, keyin «Arancha» aerodromida parashyut sporti, samolyot modellarini o‘rganib, Yak-12 samolyotini boshqarganman. Kuzda Buguruslan fuqaro aviatsiyasi bilim yurtiga o‘qishga kirganman. Sobiq ittifoq paytida Buguruslanda, Krasnakut, Sasov degan o‘quv yurtlari bo‘lardi. O‘quv yurtida darslarni yaxshi o‘zlashtirib, faol bo‘lib, o‘z ustimda astoydil ishladim. 6-7 otryad bor edi. Har bittasida 100 tadan odam bo‘lsa, o‘quv yurtida birinchi bo‘lib mustaqil o‘zim uchganman. Parvozimni kuzatgan o‘quv yurti rahbari, sen faqat uchish uchun yaralgansan, deb oq yo‘l tilagan.

O‘qishni bitirayotganimda, bilim yurtida instruktor bo‘lib qolishni taklif qilishgan. Uyga bormasam bo‘lmaydi, ukalarim bor, deb Toshkentga qaytib kelganman. Birinchi mehnat faoliyatimni Sergeli aeroportida AN-2, M-4, M-2, M-8larda ishlashdan boshlaganman. Boshqa bilim yurtlaridan kelgan uchuvchilar ham bor edi. 7 nafar uchuvchi orasidan meni komandirlikka tayinlashdi. Qolaversa, instruktorlik ham qila boshladim. Shu joyda 8 yil tajriba orttirdim. «Sovet Ittifoqining eng yaxshi uchuvchisi» nominatsiyasida bir necha bor g‘olib bo‘ldim.

1987-yil TU-154 samolyotida parvoz qilish ko‘nikmasini shakllantirish uchun Ulyanovskda o‘qidim. 1995-yil Berlin Aerobus «A-310»da uchdim. 1996-yil Amerikadan «Boeing» samolyotini xarid qilish bo‘yicha kelishuv bo‘lgan. 16 ta respublika orasidan faqat O‘zbekiston xorijiy samolyotlarni xarid qilgandi. Men birinchi bo‘lib Boeing V767da Amerika, Yevropa, Yaponiya kabi davlatlarga uchdim. Eng muhimi, kerakli vaqtda sotib olganmiz. Chunki ko‘pgina davlatlarda texnik talab yuqori edi. Bunday samolyotlarda dvigatel kuchli, shovqini past va qulay. Eski samolyotlarning ovozi juda baland, ustiga ustak, kuchsiz edi.

45 yillik faoliyatim davomida 26 000 soat samoda parvoz qildim. Avvaliga 60 yoshdan nafaqaga chiqilardi. Kadrlar yetishmasligi tufayli 65 yoshgacha uzaytirildi. Nafaqada bo‘lsam-da, tajribamni yoshlarga o‘rgatib kelyapman. Toshkentda uchuvchilar o‘quv mashg‘ulot markazini ochganmiz. Bakalavrni tamomlaganlarni maxsus imtihon bilan qabul qilib o‘qityapman. Yoshlarning bilimi kuchli-da, kompyuter bilan yaxshi ishlaydi. Samolyotda parvoz qilish amaliyotidan 125 ta kompyuter bor. Bizning paytda, avvaliga kichik samolyotda uchib, keyin kattasiga o‘tkazilardi. Men avvaliga katta samolyotda uchishga qarshi edim. Lekin yoshlardagi kuchli salohiyat hamda qobiliyatni ko‘rgach, bunga rozi bo‘ldim.

Prezidentimiz AQSH davlatidan «Dream Line» samolyotlarini olib kelish bo‘yicha shartnoma imzoladilar. Ushbu samolyotlar orqali Amerikaga to‘g‘ridan to‘g‘ri 12 soatda yetib borish mumkin.

TUSHLARIMDA HAM UCHARDIM…

Uchuvchilikka azbaroyi qiziqqanimdan, hattoki tushlarimda ham uchardim. «Oylik to‘lamasa ham mayli, parvoz qilsam bo‘ldi», derdim. Sinfdoshlarim, «Qanaqasiga uchuvchi bo‘lasan», deyishardi. «Men, Xudo xohlasa, zo‘r uchuvchi bo‘laman», deganman. Sinfdoshlarimning aksariyati o‘zi tanlagan kasbni egallagan. Biri radio-televizorlarni tuzatuvchi bo‘lsa, biri universitetda rektor muovini. 70-yillarda yoshlar aviatsiyaga unchalik qiziqmasdi. Ota-onalar ham buni xohlashmasdi. O‘zbekistonga zamonaviy TU-104, TU-134 kabi aerobuslar kirib kela boshlagach, ularning bu kasbga qiziqishi ortdi.

Uchuvchi bo‘laman, desangiz, sport bilan muntazam shug‘ullanish kerak. Chunki salomatligim joyida, deb bilgan inson ham parvoz vaqtida yuqori bosim va nurlanish ta’sirida o‘zini yomon his qilishi mumkin. Uchuvchilarga asosan, gimnastika bilan shug‘ullanish tavsiya etiladi. Qirq to‘rt yillik faoliyatim davomida biror marta kasallik sabab ishdan ozod etilmaganman. Hamma parvozlarim ko‘ngildagidek yengil o‘tgan. Yo‘lovchi tashish samolyotlarini boshqarish uchuvchidan katta tajriba va malakani talab etadi. Birinchilardan bo‘lib Berlinga borib malaka oshirgach, Airbus A 310 samolyotini boshqarishni o‘rgandim. Boeing samolyotlari xarid qilinganda esa Amerikaga borib, malaka oshirdik.

ENG MUHIM FAZILAT

Kasbimiz faqat uchish emas, sohamizda yuzaga kelgan turli vaziyatlarda yechim topishni ham talab qiladi. Mana, 2001-yil 101-reysda uchganimda, 180 ta odam bilan muomala qilish zarurati tug‘ilgan. 180 nafar yo‘lovchining fe’l-atvori turlicha, ularning savollariga batafsil, xotirjam javob berib, vaziyatni barqaror ushlab turish oson kechmagan. «Men shu yerda qolishim kerak, ishim zarur», degan kishilarga ham ahvolni tushuntirib, 180 nafar yo‘lovchi bilan qayta uchib ketishga ko‘ndirolganmiz. O‘zbekiston qonunlariga muvofiq, samolyot belgilanmagan yerda qo‘nsa, komandir yo‘lovchilarning joy va oziq-ovqat bilan ta’minlanishiga mas’ul bo‘ladi. Teraktdan so‘ng aeroportga qo‘nishga ruxsat berishmagani uchun harbiy aerodromga qo‘nganmiz. Avvaliga ba’zi yo‘lovchilar yo‘nalishning o‘zgarganini tushunmay, vaziyatni noto‘g‘ri baholashgan. Harbiy aerodromda televizor va telefon kabi aloqa vositalari bilan ta’minlanishganidan keyingina nega bunday qilishga majbur bo‘lganimizni anglashgan.

Kutilmagan vaziyatlar hamisha bo‘ladi. Bundan hech bir uchuvchi holi bo‘lmaydi. Qirq to‘rt yillik faoliyatimda ko‘pgina kutilmagan holatlarga uchraganman. Dvigatelga qush kirib ketganda,yo‘lovchining tobi qochib qolganda, ekipajni tinchlantirib, o‘zimni qo‘lga ola bilganman. 11-sentyabrdagi kabi holatlar har doim ham bo‘lavermaydi. Bu voqea butun dunyoni larzaga keltirgan. O‘sha kuni osmonda 700 dan ortiq samolyot harakatlanayotgan bo‘lgan. Uchuvchilar orasida vahimaga tushib qolganlari ham bor. Bunday paytlarda uchuvchi o‘zini xotirjam tutib, ortiqcha vahimaga berilmasligi kerak. Chunki undagi his atrofdagilar hayajonini ikki barobar oshiradi. Haqiqatan ham AQSHdagi teraktdan so‘ng birorta samolyotni mamlakat hududiga kiritmaslik bo‘yicha topshiriq berilgan. Ammo birorta yo‘lovchi tashuvchi samolyot urib tushirilmagan.

Uchuvchi parvoz paytida adashishi, chalg‘ishi mumkin emas. Parvoz va ko‘zlangan maqsadga eson-omon yetib olishdan boshqa narsani o‘ylashi ham mumkin emas, deb bilaman. Chunki insonlar taqdiriga daxldor ekanimizni unutmagan holda, el-yurt ishonchini ham oqlashimiz kerak.

Kasbim tufayli ko‘p yurtlarni kezdim, turli insonlar, ming xil taqdirlarni ko‘rdim. Yer-osmon, havo, quyosh bir bo‘lgani bilan bizning millatimizga xos bo‘lgan qadr boshqa joylarda yo‘q. O‘zga yurt tuprog‘iga qadam bosgan onimdan boshlab, O‘zbekistonni qo‘msay boshlardim… Osmonimiz musaffo, tuprog‘imiz serhosil, xalqimiz tozadil bo‘lgani uchun ham, boshimiz ko‘kka yetadi. Ko‘ksimizni kerib samoda parvoz qilamiz…

* * *

O‘g‘lim maktabni tamomlaganida, uchuvchilikka o‘qitish vaqtincha to‘xtatilgandi. Shu bois, o‘g‘lim boshqa institutga kirib, u yerni tamomlab, magistraturada o‘qiyotganida, uchuvchilikka qabul boshlandi. O‘g‘lim bu sohani tanlashga jiddiy ahd qilgandi. Ammo Rossiyaga borib, yana besh yil o‘qishi kerakligini va ancha yil yo‘qotib qo‘yishini tushuntirdim. Keyin Toshkentdagi Aviatsiya institutiga hujjat topshirdi. Hozirgi kunda uchuvchi bo‘lmasa-da, bu sohadan uzoq emas. Qizlarim ham institutni tamomlab, bort kuzatuvchisi bo‘lib ishladi. Farzandlarim ota kasbida ishlab, bu ishning naqadar murakkab ekanligini tushunib yetishdi. Parvoz qilib yurgan paytlarim oilamga va farzandlarimga yetarlicha e’tibor berolmayotganimdan afsuslanardim. Nafaqaga chiqib, bor vaqtimni ularga sarflashni niyat qilgandim. Mana, nafaqaga ham chiqdim, hozirgi kunda nabiralarim tarbiyasi bilan mashg‘ulman. Ularni maktabga olib borish va olib kelish uchun mas’ulman. Agar nabiralarimdan biri uchuvchi bo‘lishni istasa, qo‘llab-quvvatlayman. Ammo bu ularning tanlovi va intilishiga bog‘liq.

Yoshlik bir zumda o‘tib ketadi. Shuning uchun vaqtni zoye ketkazmasdan, biror hunarni egallash kerak. Bugun yoshlar uchun hamma shart-sharoitlar yetarli. Ulardan esa faqat o‘qish talab etiladi. Mustaqil O‘zbekistonning erka bolalarisiz. Fidoyi Prezident bobongiz ne istasangiz, barchasini ortig‘i bilan muhayyo qilib turibdi. Shunday ekan, aziz bolajonlar, sizlar ham o‘qib-o‘rganishdan, maqsadga intilishdan aslo charchamang. Ulg‘ayib, kamolga yetgach, albatta, buning shirin hosilini o‘rasiz.

Azizbek ABDUMALIK suhbatlashdi.