August 13

UNUTILMAS ENG YAXSHI DAVRIM!

BOLALIK KUNLARIMDA...

Sahifamizning bugungi mehmoni – pedagogika fanlari doktori (DSc), Xalqaro professional ta’lim fondining A.G. Nebolsin mukofoti laureati (Rossiya), mahoratli pedagog «Xalq ta’limi» jurnali Bosh muharriri Sarvar MAHMUDOV.

Bolalik – eng ajoyib davr. Inson bolaligining qanday o‘tishi ota-onasiga, oilasiga bog‘liq. Ota-onam menga shunday bolalikni berishdiki, men dunyodagi har bir bolaga o‘zimniki kabi bolalikni tilayman. Ota-onam barcha qiziqishlarimda, urinishlarimda meni doimo qo‘llab-quvvatladilar va to‘g‘ri qaror qabul qilishimga hozir ham yordam berishadi. Men ularning ko‘maklarini doimo his qilganman va bu meni oldinga intilishimda yordam beradi. Mana, o‘zim ham ulg‘aydim, ota bo‘ldim. Men ham ota-onam singari farzandlarimga bolaligini baxtli, ajoyib, unutilmas bo‘lishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga harakat qilayapman.

Bolaligimni daraxtlarning, uzumlarning zich joylashgan shoxlari, barglari orasidan yorib o‘tgan quyosh nuriga qiyoslash mumkin. U yorqin ranglar va jozibali sarguzashtlarga to‘la edi, ularning har biri mening xotiramda o‘ziga xos iz qoldirdi. Erta tongda uyg‘onib, derazadan tashqarida qushlarning quvnoq sayrashi va uchishini kuzatardim (esimda, birinchi o‘qituvchim oyimni chaqirib, o‘g‘lingiz sinf derazasidan qarab qushlarni tomosha qilaveradi, deb shikoyat qilganlar). Bu kuzatishlar, tovushlar meni yangi hayot kashfiyotlarini qilishga undagan jonli qo‘ng‘iroqlar bo‘lgandir?.. Erta tongdan avvalo, rahmatli buvimning nonushta tayyorlab kutib o‘tirishlari, tezroq do‘stlarim bilan uchrashish uchun ko‘chaga yugurib chiqib ketishim ko‘z oldimdan ketmaydi. Bu davrda – ertak qahramonlariga ishonishingiz mumkin bo‘lgan ajoyib davr! Bolalikda hamma narsa oson, sodda, sirli va hayajonlidir. Bu davrda tasavvur cheksizdir, uning yordamida atrofimizdagi dunyo ajoyib va sirli tuyuladi, hamma hodisalardan hayajonlanasiz: kiyimlarga tushgan birinchi qordan, yomg‘irdan, osmondagi kamalakdan, turfa gullardan... Mening bolaligim ham barcha bolalarnikidek muammolardan holi, beparvo, go‘zal o‘tgan.

Ota-onam, buvim tufayli yaxshi nima-yu, yomon nima, muomala, do‘stlik, mehr qanday bo‘lishini o‘rgandim. Men uchun ota-onam eng yaxshi namuna bo‘lishdi. Ko‘p bolalar qatori men ham katta bo‘lganimda otam kabi bo‘lishni orzu qilardim. Barcha bolalar qatori men ham tezroq katta va mustaqil bo‘lishni xohlar edim. O‘ylardimki, katta odamlarning hayoti ancha qiziqroq, ular har doim xohlagan joylariga borishadi, mashina haydashadi, xohlagan narsalarini sotib olishadi, tushlikda uxlashmaydi, bo‘tqa yeyishmaydi. Shunday vaqtlarda buvim, ota-onam tabassum bilan shoshilishning hojati yo‘qligiga ishontirishardi. Vaqt kelib, ulg‘ayganimda qanchalik shoshganimni tushundim, qaniydi, bolalikni ortga qaytarishning iloji bo‘lsa! Oilamizda yetti nafar farzand bo‘lganmiz, lekin shunga qaramasdan bolalar bog‘chasiga bormaganmiz, buvim va onam bizga birinchi tarbiyachi va birinchi o‘qituvchi bo‘lishgan. Mahalladagi o‘rtoqlarim esa men bilan bir sinfga borishgan. Hozirgacha do‘stligimiz davom etmoqda! Eng hayratlanarlisi, mahalladosh-sinfdosh do‘stlarim bilan muntazam uchrashuvlarimizda bolalik davridagi qiziqarli voqealar esimizga kelaveradi. Bolalik yillari insonning keyingi hayotida o‘z izini abadiy qoldiradi. Aynan shu yoshda muayyan sohaga qiziqish, fe’l-atvor, dunyoqarash, iste’dod va qobiliyat shakllanadi. Yana bir bor ta’kidlayman, ota-onamdan bolaligimni baxtli va unutilmas o‘tkazgani uchun minnatdorman. Esimda, dadam menga har doim u yoki bu narsa qanday ishlashini, nima uchun u yoki bu asbob kerakligini tushuntirib berardi. Dadamning ishlari smenali edi, navbatchilikdan charchab kelgan bo‘lsa ham biz bilan futbol o‘ynar, mahallamizdagi ariqda cho‘milishga, baliq oviga, dalaga, daraxtzorlarga olib borib, kabob tayyorlab berar edi, oilamiz davrasida har xil o‘yinlar tashkil etardi. Yana bir, eng esimda qolgani, o‘zim ham shuni bolalarimga singdirib boraman, bu olamni tark etgan buvam, buvim va qarindosh-urug‘larimizni qabrlarini ziyorat qilib, ular haqida xotirlab, gapirib berar edi.

Bolalik – o‘yin va ijodkorlik uchun ajoyib vaqt! Kechqurun yoki dam olish kunlari butun oila bilan stol o‘yinlarini o‘ynashni yaxshi ko‘rardik. Hozir ham kechqurun yoki dam olish kunlari butun oila bilan stol o‘yinlarini o‘ynaymiz. Mahallamizdagi kutubxonadan qanchadan qancha kitoblarni olib, «Kim ko‘p kitob o‘qish» musobaqasi uyushtirar edik. Qiziqishimiz bo‘yicha to‘garaklarga qatnar edik. Men samolyot, kema modellashtirish bo‘yicha to‘garakka borardim. Futbol, velosiped, varrak uchirish va boks sevimli mashg‘ulotlarim edi. Albatta, hozir bolalik haqida dadil fikr yurita oladigan yoshdamiz. Bolalik yangi narsalarni o‘rganadigan, har kuni kashfiyotlar qiladigan, sizning kichik muvaffaqiyatlaringizga hamma qoyil qoladigan, sizni hamma qo‘llab-quvvatlaydigan, doimo yoningizda bo‘lgan mehribon oila bo‘lgan davr. Dadamning ismi Yo‘ldosh, hayotim davomida, hozir ham dadam biz bilan hamroh. Dadam hayot davrida ham hammaga yordam berishga tayyor inson edi. Juda hazilkash edi. Bolaligimda, hozirgidek esimda, uning har qanday mavzuda hazil qilishi, odamlarning yuzida tabassum paydo bo‘ladigan darajada biror narsaga izoh berish qobiliyatiga qoyil qolardim. Tarixni, sanalarni juda yaxshi bilardi. Ular tufayli men boshqa mamlakatlar tarixi, milliy tariximiz va madaniyatimiz haqida ko‘plab yangi, qiziqarli ma’lumotlarni o‘rgandim. Dadam barcha odamlar bilan umumiy til topishni bilardi.

Bolalik, qum soatdagi qum donasidek edi – o‘ziga xos va tez o‘tib, yurakda quvonch izini qoldirdi. Yangi yil bayrami qanchalik quvonch keltirar edi, yangi yil arafasida oilamiz bilan archani qo‘limiz bilan rang-barang o‘yinchoqlar va gulchambarlar bilan bezatardik. Sehrli kechani kutish yurakni iliqlik va sabrsizlik bilan to‘ldirardi. Qorli kunlarda chanada uchardik, qordan odam yasardik va haqiqiy qor janglarini uyushtirardik. Uyga ho‘l bo‘lib qaytganimizda, pechka yonida isinib, issiq shirin choy ichardik, olovni tomosha qilardik. Qalbimda alohida iz qoldirgan maktabni eslab o‘tmasam bo‘lmaydi. Birinchi qo‘ng‘iroq, birinchi darslar, birinchi do‘stlar va o‘qituvchilar – bularning barchasi mening bolaligim ranglarini yanada yorqin qiladi. Biz bayramlarga intiqlik bilan tayyorgarlik ko‘rardik, qiziqarli tanlovlarda qatnashardik va kichik tomoshalar uyushtirardik. Bu voqealarning barchasi menga qimmatli saboqlar va iliq xotiralar berardi. Bolalik – qutilarda yashiringan bebaho xazinaga o‘xshaydi. Bu bebaho xazina meni quvonch, sevgi va mo‘jizalarga ishonch bilan to‘ldirdi. Voyaga yetgan hayotim qanday sinovlarni keltirmagan bo‘lmasin, o‘sha beparvo kunlarning xotiralari men uchun doimo tasalli va ilhom topadigan qal’aga aylanadi. Mening bolaligim juda qiziqarli va yorqin voqealarga boy edi. Bu yoshda men chet elga sayohat qilmadim, ota-onam menga qimmatbaho kiyim sotib olishmadi va meni tez-tez shirinlik bilan erkalashmadi. Biroq, bu davr hayotimdagi eng yaxshisi edi. Aytamizki, hozirgi bolalik bizni bolaligimizdan ancha farq qiladi, deb. To‘g‘ri, haqiqatan ham hozirgi bolalik biznikidan farq qiladi, bugungi kunda o‘yinchoqlar, so‘nggi urfdagi bolalar kiyimlari va turli xil gadjetlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, menga o‘z bolaligim yoqadi. Hozir bolalar juda yoshligidan, deyarli, beshikdan, gadjetlardan foydalanish ko‘nikmalariga ega. Maktab yoshiga kelib ular shaxsiy planshet yoki telefonga ega bo‘lishadi. Va bu, albatta, hozirgi ota-onalarning bosh og‘rig‘i. Ilgari bolalar bir-biri bilan tez-tez muloqot qilishgan va skolioz hamda ko‘rish muammolari kamroq bo‘lgan. Ammo, mening kuzatishimga ko‘ra, bolaligimda kunimiz harakatli o‘yinlar bilan o‘tardi, hozir harakatli o‘yinlarsiz o‘tmoqda, biz televizorda multfilmlarni teztez tomosha qilardik. Hozir esa kamdan kam televizor ko‘rishadi, asosan, telefondagi o‘yinlar va h.k. Ehtimol, bunga biz ota-onalar sababchidirmiz! Endi ota-onalar har qanday bolalar tadbirini o‘tkazish haqida o‘ylashlari shart emas, faqat har xil xizmatlarga buyurtma berishsa, kifoya. Animatorlar, shirinliklar, sharlar barchasi xizmatingizda. Bizning bolaligimizda hamma narsa ancha sodda edi. Birorta bayramga tayyorgarlik ko‘rishda butun oila ishtirok etardi, bu, shubhasiz, oila a’zolarini birlashtirardi. Bayram uchun tayyor ovqat, jumladan, tez tayyorlanadigan taomga buyurtma berish imkoniga ega bo‘lmasdik, lekin onam yoki buvim bayram dasturxoniga jonini bag‘ishlardi. Esimda, tug‘ilgan kunimda ota-onam, opasingillarim, ukalarim mehmonlar uchun turli musobaqalar va o‘yinlar o‘ylab topishardi.

Hozir bolalar ko‘chada do‘stlari bilan kamroq o‘ynashadi. Yo‘q, ular tengdoshlari bilan tez-tez muloqot qilishadi, lekin faqat ijtimoiy tarmoqlarda o‘yin o‘ynashadi. Jonli muloqot, albatta, ancha yaxshi. Kitob – insonning do‘sti. Ammo, afsuski, hozir ayrim bolalar kamdan kam hollarda kitoblarni katta zavq bilan o‘qiydilar, bundan tashqari, elektron kitoblar bosma nashrlarni almashtirmoqda. Bolaligimizda kitobni qo‘limizda ushlab, asarning to‘liq qudratini his qilardik. Aziz bolalarim, har biringizga g‘amxo‘rlik bilan o‘ralgan, baxtli, quvnoq bolalikni tilayman. Har bir kuningiz qiziqarli va xavfsiz bo‘lsin, chunki salomatlik va hayot – eng muhimi!