July 7

MAKTAB DAVRIDAN ARMONLARIM BOR...

Suhbatdoshimiz – nafaqat O‘zbekistonda, balki Islom olamida tanilgan olim Shayx Abdulaziz MANSUR. Hazrat 1944-yili Farg‘onaning Mindon qishlog‘ida tug‘ilgan. 1975–1979-yillari Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom oliy ma’hadida, 1980–1981-yillari Sudan Respublikasi Islom universitetida tahsil oladi. 1982–2006-yillarda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada diniy tashkilotlar bilan ishlash bo‘limi mudiri, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Din ishlari bo‘yicha maslahatchisi, Toshkent Islom universiteti prorektori va o‘qituvchisi kabi turli mas’ul lavozimlarda xizmat qilgan. Bugungi kunda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida katta ilmiy xodim va O‘zbekiston Musulmonlari idorasida Faxriylar Kengashining raisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Shayx Abdulaziz Mansur o‘zbek va rus tilidagi Qur’oni Karim ma’nolari tarjimasi hamda ko‘plab risola va qo‘llanmalar muallifidir.

– Mening bolaligim Farg‘ona tumanidagi Mindon qishlog‘ida kechgan. Hazrat Huvaydo: «Bir doning ming don bo‘lsin», deb qishloqqa shunday nom bergan ekanlar. Rosti, Mindonimiz dunyoning bir chekkasida, Pomir-Oloy tog‘lari ostida joylashgan. Ko‘pgina xalqlar bu qishloq nomini bilishmasa ham men uning bir farzandi ekanligim bilan faxrlanaman. Zero, bu qishlog‘im xalqi soddadil, ixlosli, e’tiqodli, mehnatkash, sabr-toqatli, andishali, mehr-oqibatli, mehnatkash xalq bo‘lgani uchunmi, shu yerda olgan ta’lim-tarbiyamiz bizlarga bir umr asqotib keladi. Rozilik bersangiz, eng avvalo, ota-onam haqida bir-ikki og‘iz gapirib o‘tsam. Otam Dadajon Mansurov 1903-yilda tug‘ilib, traktorchilik qilgan. Mohir dehqon, qo‘li shirin oshpaz, xush tabiat inson bo‘lgan. U 1978-yilda vafot etgan. Onam – Qunduzxon hoji ona qo‘ligul chevar, tarbiyachi, bolalar tabibi bo‘lgan. U 2009-yilda 92 yoshida olamdan o‘tgan. Ilohim, ularni Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin.

Onam ko‘p takrorlar edilar, o‘sha paytlarda Ergashboy do‘stim ikkalamizga bitta belanchak bo‘lgan ekan. Dala shiyponidagi holat-da. U uxlasa, men o‘ynab, kutib turar ekanman, men uxlasam, u kutib turarkan... Belanchakni alohida qilishga qurbilari yetmagan. Hozirgi yoshlar bunga ishonmasligi ham mumkin. Zamon zayli, davr hozir qanchalar rivojlanib ketdi.

Ota-onam savodsiz, ammo kitobga, ilmga mehr-muhabbati juda yuqori odamlar edi. Ular mening boshimni silab, bag‘riga olib: «O‘qinglar, o‘qinglar, bizga o‘xshab «ochiq ko‘r» bo‘lib qolmanglar», der edilar. Otam qayerga bormasin, uyga kitobsiz kelmasdi. Savodim chiqqach esa ota-onamga kitob o‘qib beradigan bo‘ldim. Xalq dostonlarini mazza qilib, zavq bilan tinglashardi. Ko‘zlari yoshlanib, sevinishardi. «Go‘ro‘g‘li», «Ravshan», «Avazxon» dostonlarini qayta-qayta o‘qib berardim. Dostonlar oxiriga yetib: «Shunday qilib, ular murod-maqsadlariga yetibdi», deb tugatishim bilan menga yoshli ko‘zlari bilan termilib turgan ota-onamga ko‘zim tushardi. Keyin birin-ketin duo qilishardi. Men ota-onamning duosini olgan farzandman.

Hali maktabga bormasdan turib savodim chiqqan. Tog‘am bizning uyda turib maktabga qatnardi. Tog‘amning kitob o‘qishiga, daftarning oppoq qog‘oziga bir nimalar yozishiga havasim kelardi. O‘zimcha mashq qilib, tog‘amga o‘xshatib yozaverardim. Harflarning biri tepaga, bir pastga qarab yozilishiga havasim kelardi. Menga ham yozishni o‘rgating, deb qo‘ymasdim. Lekin menga eng katta madadni ota-onam bergan. Ularning o‘zlari o‘qish, yozishni bilmasalar ham, meni o‘qishga undar, dars qildingizmi, nega tez bo‘ldingiz, qani, boshqatdan kitobni olib, dars qiling, deb meni ko‘proq bilim olishga undardi. Men ham darslarimni tayyorlab bo‘lgan bo‘lsam ham, ota-onam xafa bo‘lmasin, deb daftarimni olib, boshqa narsalarni ko‘chirib o‘tirardim. Ularni xafa qilgim kelmasdi. Bir kuni shunchalik kitob o‘qishga qiziqib ketibmanki, allamahal bo‘lganini ham unutibman. Shunda dadam xavotirlanib chiqdi, menga, uxla endi, deb chiroqni o‘chirdi. Lekin xayolim o‘sha kitobdaligi uchun uxlolmadim. Axiyri, fonusni olib, ko‘rpaning ostida kitobni o‘qib tugatganman. Husnixatim a’lo bo‘lishiga sabab, yozuvim chiroyli chiqmaguncha qayta-qayta mashq qilaverardim. Shu sabab, adabiyotga ham mehr qo‘yganman. 4-5 sinfda o‘qirdim. Alisher Navoiyning ijodiga qiziqishim baland edi. Bunga adabiyot fani ustozimning ta’siri katta bo‘lgan. U kishi Navoiyni shunchalik mehr bilan, samimiylik bilan tushuntirardiki, ustoz Navoiy deyishlari bilan ko‘zlarimga yosh kelardi. Kutubxonada Alisher Navoiyning kitoblari ko‘p edi.

Navoiy asarlarida arabcha va forscha so‘zlar ham uchragani hamda o‘sha paytlarda bu tillarni bilmaganim uchun «Xamsa»ni uncha tushunmasam ham, hammasini o‘qib chiqdim. Keyin o‘sha paytlarda «Muhokamat ul-lug‘atayn» asari qo‘limga tushdi. Bu kitob orqali fors tiliga, uning jarangiga qiziqib ketdim. O‘sha kitobning ortida izoh uchun kirill alifbosiga hamohang arab alifbosini keltirishgan ekan. Qiziqishim balandligidan arab alifbosini shu kitobning o‘zidan o‘rganib oldim. Shunda bilganmanki, ishtiyoq, intilish, qiziqish bo‘lsa, inson ko‘p narsani o‘rganishi mumkin ekan.

Bir narsaga mehr qo‘yib intilsangiz, zehningizni o‘zi ochib qo‘yarkan. Mana, o‘z tajribamdan yana bir misol. Men 10-sinfgacha fors tilini mukammal o‘rgandim. Qanday qilib?! O‘sha paytlarda «Qizil O‘zbekiston» gazetasi hamda tojik tilida «O‘zbekistoni surx» degan gazeta chiqardi. Maqolalari bir xil, men ularni taqqoslab o‘qib, so‘zlarini yodlab, tojik-fors tilini o‘rganib olganman. Hozir fors tilini ona tilim kabi bilaman. Tojik tili fors tili bilan faqat ohangdagina farq qiladi. Eronliklar ohang bilan gapiradi, tojiklar esa so‘zlarni tez-tez talaffuz qiladi. Bu tillarni o‘rganishimda menga Navoiy asarlari ilhom bergan.

Men radio tufayli arab tilini ham o‘rganganman. Bunga ishonish qiyindir, lekin intilishim, qiziqishim bunga sabab bo‘lgan. Men radiodan suxandonlarday tiniq arab tilida so‘zlashga harakat qilardim. Mustaqillikdan so‘ng arab mamlakatlaridan biriga qilgan safarimiz davomida qohiralik birodarlar bilan tanishib qoldik. Ular mening arabcha gapirishimni ko‘rib: «Siz Qohirada tug‘ilganmisiz?», deb hayrat bilan so‘rashgandi.

Aslida, yoshlikda yaxshi o‘qish, yaxshi orzu-niyatlar qilish kerak ekan. Kelajak ilm-u fan, ma’rifat bilan bo‘ladi. O‘tmishda ham odamlar olim, ulamolarga suyanib yashashgan. Hayotda ilm-u fan, ma’rifat hech qachon o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Kechirasiz-u, hozirgi kunda ba’zi bir yoshlar ilmning qadrini bilmay majburiy o‘qib yurishibdi. Ularga achinasan, kishi.

Men barcha bolalar qatori o‘quvchilik davrimni o‘zgacha bir havas bilan eslayman. 1951-yili 7 yoshimda qishlog‘imizdagi 22-maktabga o‘qishga bordim. Hech esimdan chiqmaydi, jildi sarg‘aygan, yirtilib ketgan 1-2 ta kitob-daftar, matodan tikilgan xalta... U paytda «Prezident sumkasi» degan gapning o‘zi yo‘q. Siyohli ruchka, rasm qalam, hammaga yetarli kitoblar bir orzu edi. Bu yil, ya’ni 2025-yili maktabni bitirganimizga roppa-rosa 65 yil bo‘lyapti. Chunonchi, o‘sha maktab, qadrdon maskanim va suyukli qishlog‘im sog‘inchi men kabi barcha sinfdoshlarim qalbini, yuragini larzaga soladi, entiktiradi. Har besh-o‘n yilda bir yig‘ilamiz. Zero, maktabni 1961-yil bitiruvchilari 32 nafar bo‘lsak, hozir 21 nafari hayot ekan. Qolganlari foniy dunyoga rixlat qilishgan. Ularni eslash, xotirlash, oshnaog‘ayni, bir partada o‘tirib, talashib-tortishib katta bo‘lgan eng yaqinlaringni yo‘qotish bir armon bo‘lib qolar ekan. Ko‘ngil ololmay, hol-ahvol so‘rolmay, dardlasholmay qolganing bir armon bo‘lib qolarkan-da.

Biz maktabda o‘qib yurgan davrimizdayoq yosh bo‘lsak-da, mehnat qilishni o‘rgandik. Ustozlarimiz ilm-fan olishni o‘rgatgan bo‘lsa, xalqimiz mehnatsevarlikni o‘rgatdi. Iqror etamanki, ozgina diniy bilim darajasiga yetgan bo‘lsam-da, bu ota-onam va mana shu maktabda olgan bilimim samarasi, bu ustozlarimning yurak qo‘ri, qalb gavhari, ko‘z nuri, deb takror-takror aytishdan charchamayman. Ko‘p joylarda yoshlarga nasihat qilaman nimani, bilasizlarmi? Bu insonning kamol topishi, kelajakdagi butun baxt-saodati, qo‘lga kiritadigan yutuqlari, kasb-u hunari, odamiy-­­ ligi mana shular maktabdan boshlanadi. Ha, ha, maktabdan, birinchi sinf o‘qituvchingizni alifbo o‘rgatishidan boshlanadi. Shu lahzada, shu davrdan boshlab, inson kamolotga qadam qo‘yadi.

Xulosa shuki, maktabda yaxshi o‘qish kerak, puxta bilim olish lozim. Maktabni bitirib oliy o‘quv yurtlarida o‘qib yurganingizda ham, ijod qilib yurganingizda ham mana shu maskanning, o‘qituvchilarning qadrini bilar ekansiz.

Bir armonim bor... Maktabda o‘qib yurganimizda, o‘qituvchilarimizni o‘tayotgan darslarini qadriga unchalik yetmas ekanmiz. Yoshlik, o‘quvchilik, o‘t-olov, g‘o‘rlik davri judayam tez o‘tib ketarkan-da. Tajriba shuni ko‘rsatyaptiki, yoshlik, sho‘xlik, to‘porilik asridanmi, xayolimizda tezroq dars tugasa-yu, to‘yib o‘yin o‘ynasak. Iloji bo‘lsa, shu o‘qituvchi bugun kelmasa, dars bo‘lmasa, o‘qimasak... Yoshlikda shunaqa o‘y-xayollar ko‘p bo‘larkan. Aslida-chi, maktabdagi o‘qishga, ilm-fanga shunday qiziqishimiz kerakki, agar biror soat darsimiz qolib ketsa, o‘sha kuni uxlamasdan bo‘lsa ham o‘tilmagan darslarni o‘zimiz mustaqil o‘zlashtirib, bilib olaylik. A’lochi, o‘quvchidan qoldirilgan to‘rtta darsni qaysi fan bo‘lishidan qat’iy nazar, surishtirib bilib, o‘rganib olsak bo‘ladi. Ayniqsa, rus va ingliz tilini, matematika, tarix, fizika bo‘ladimi, hammasi kerak. Yoshlikda bularni bilmagan ekanmiz.

...Jamoliddin ota Qodirov, Abduxalil ota Boborahimov, Abdurahmon ota Otaboyev singari ustozlarimizni ko‘p eslayman. Ular bizga maktabda qanchalik zahmat, mashaqqatlar bilan dars berishgan, o‘qitishgan. O‘sha saboqlari, erinmay, charchamay izlanishlari, chekkan mashaqqatlari biz o‘quvchilarning injiqliklariga, to‘s-to‘polonlariga chidab, ketkazgan asab, sog‘liqlari, endi jiddiy o‘ylab ko‘rsam, bular bizga endi armon ekan, yoshlikda unchalik qadr-qimmatlarini bilmagan ekanmiz. Maktabda bizga dars bergan Umarali aka Ahmedov, Davlatboy aka Qozoqov, Usmonali aka Esonov, To‘raboy aka Jo‘rayev kabi fidoyi, jonkuyar ustozlarimizga Xudoyim ikki dunyo saodatini muyassar qilgan bo‘lsin. Ilm-u fan yo‘lida bizlarga bir umr fidoyi bo‘lgan, harf o‘rgatgan ardoq­ li va kamtarin ustozlarimizdan o‘tganlarini Alloh o‘z rahmatiga olsin, barhayot yurganlariga keksalik gashtini surib, duogo‘y bo‘lib yurishlarini nasib etsin!

Bolaligimdayoq, Xudo xohlasa, butun umrimni ilm-u fanga bag‘ishlayman, diniy bilimni ham puxta egallayman, deb qat’iy azm-u qaror qilganman. Keyinchalik shu ijod asnosida kitoblar targ‘ib qilib yozgan vaqtimda men hammadan ham ko‘ra ko‘proq sezdimki va iqror bo‘ldimki, Qur’oni Karimdagi bir oyatni mukammal tafsir qilish uchun yoki bir hadisi sharifni atroflicha, to‘laqonli sharhlab berish uchun faqat diniy bilimning o‘zi kifoya qilmas ekan. Masalan, Qur’oni Karimda astronomiya fani to‘g‘risida ko‘p oyatlar bor. Falakiyot, osmon-u yulduzlarni, yerning relefini gapiradi, turli mavjudot va hayvonotlarni misol qilib keltiriladi... Shu so‘zlarimni, fikrlarimni yoshlar eshitishar, o‘qib bilib olishar, degan maqsadda aytyapman. Toki yoshlarimiz, farzandlarimiz, dilbandlarimiz shu darslarga, ayniqsa, ma’naviy darslarga, dunyoviy darslarga, aniq fanlarga ham mehr bilan, ixlos bilan qiziqsalar deyman, puxta o‘rgansalar deyman. Ko‘p yoshlarimiz o‘qishdan, ilmdan boshqa narsalarga qiziqib ketishyapti. Hozirgi ayrim bolalar o‘yinqaroqlik qilishib, guldek umrini behuda o‘tkazib qo‘yishyapti. Yoshlik, umr tez o‘tib ketadi. Boshqa narsalar deganim – kompyuter asiri, kafe, bar, diskoteka, ko‘chada sang‘ish... Bularning o‘zi katta bir mavzu. Bolalarimiz qo‘liga kitob olmaydi, telefon-televizor, ko‘p vaqtlarini ekran oldida o‘tkazadilar. Biz shularni tartibga solib turishimiz, nazorat qilishimiz kerak. Farzandimiz qayerda, kim bilan, nima bilan mashg‘ul? To‘g‘ri, farzanddan shirini yo‘q, ammo kezi kelganda rahmdillikni yig‘ishtirib, tanbeh bering, qattiqqo‘llik ham qilib turing, demoqchiman. Bola oilada kimdandir qo‘rqishi, jilovlanib turishi ham kerak-ku! Boz ustiga, bir kun otasi, bir kun onasi farzandiga: «Qani, kitobingni och, darsingni qildingmi?», deb nazorat qilib borgani yaxshi. U dars tayyorlayaptimi, yo‘qmi, bilib turish kerak, yodlagan she’rini o‘qib bersin, to‘qigan, yasagan narsasini ko‘rsatsin, o‘z sevgan kasb-u hunari tomon dadil qadam tashlasin.

Tilaklarimga kelsak, eng avvalo, tinchlik bo‘lsin. Osmonimiz musaffo bo‘lsin. O‘zbekistonimiz bundan-da gullab, yashnasin. Farzandlarimiz, dilbandlarimiz kamolotini, rohatini ko‘rish barchaga nasib etsin. Yoshlardan umidimiz, ishonchimiz juda katta. Muhtaram Prezidentimiz bu haqda shu qadar jon kuydirib, qayg‘uryaptiki, so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Zero, ertangi kunimiz, kelajagimiz ishonchli qo‘llarda bo‘lishiga aminmiz.

Azizbek ABDUMALIK suhbatlashdi.

«Tong yulduzi» gazetasining 2025-yil 27-sonidan