July 21

SARDORLIKDAN REKTORLIKGACHA...

BOLALIK KUNLARIMDA...

Sahifamiz mehmoni – O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, O‘zbekiston Milliy media birlashmasi Boshqaruvi raisi, jurnalist, teleboshlovchi, siyosatshunos, siyosiy fanlar doktori, professor Sherzodxon QUDRATXO‘JAning bolalik olamiga sayohat qilamiz.

– 1974-yil 26-may kuni Toshkentning Eski shaharida, ziyolilar oilasida tug‘ilganman. Bolaligim Ko‘kcha-Oqlon mahallasida o‘tgan. Men onam tarafdan buvimning otasi – Abdulaziz bobom vafot etganlarida dunyoga kelgan ekanman. Buvim, otamning o‘rniga Alloh menga o‘g‘il nabira hadya etdi, deb men bilan ovungan ekan. Otam tarafdan bobom va buvimning eng katta nabirasi edim. Ularning erkatoyi bo‘lganman. Juda erkalab suyardilar. Shu bilan birga, onamning volidasi ham meni qo‘yib yuborgisi kelmas edi. Bobo-buvilarimning tarbiyasini olib ulg‘aydim. Esimni tanishni boshlabmanki, bobo-buvimning bergan o‘gitlariga, ota-onamning tarbiyasiga amal qilib yashaganman. Buni hali-hanuz unutganim yo‘q. Chunki oilamizda ta’lim-tarbiya masalasiga juda katta e’tibor qaratilardi. Yoshlikdan ilmga intilishimiz, odobli, madaniyatli bo‘lishimiz, birovning haqqiga xiyonat qilmasligimiz, kattalarning oldida o‘zimizni qanday tutishimiz kerakligi bot-bot uqtirilardi.

Bolaligimni eslasam, bog‘chadagi davrlarim ko‘z oldimga keladi. Avvaliga meni xususiy bog‘chaga joylashtirishgan, lekin u bog‘chaning sharoitlari to‘g‘ri kelmaganligi bois, Vazirlar Mahkamasiga tegishli 3-bog‘chaga o‘tganman. Qachonki, bog‘chaga qarab yo‘l olsam, albatta, o‘zimning sumkacham bilan borardim: ichida o‘zim uchun kerakli sochiq, sovun va shunga o‘xshash narsalar bo‘lardi. Bog‘cha hovlisidagi xo‘roz hali-hanuz yodimda. Bolalik paytlarimda sho‘ro tuzumi tufayli sumalak faqatgina bir mavsumda yashirincha tayyorlanardi. Men esa sumalakning shaydosi edim. O‘shanda yegim kelgani uchun buvim holvaytar qilib berganlar, yosh bo‘lganim uchun holvaytar bilan sumalakning farqiga bormagan ekanman. Buvim juda pazanda edi-da! Qachon uylariga borsam, sergo‘sht qilib palov yoki mening sevimli taomim – bulg‘or qalampiridan tayyorlanadigan do‘lmani o‘z qo‘llari bilan tayyorlab berardilar. Yana eng qiziqarli mashg‘ulotlarimdan biri, katta tog‘orani yerga teskari holda cho‘pga suyab, unga arqon bog‘lab, don sepib, musicha ovlash edi. Bu bizga zavq bag‘ishlardi. Musichani obdon tomosha qilib, erkalab-erkalab, keyin qo‘yib yuborar edik. Ba’zan chumchuq ham tutmoqchi bo‘lardik. Lekin u olg‘ir bo‘lib, darrov uchib ketardi...

O‘yinqaroqlik bilan birga mehnat ham qilar edik. Tog‘amning uyida qurilish bo‘lganda, hasharga borganmiz. Usta mardikorlar beshta g‘isht ko‘tarsa, men ham shuncha ko‘targim kelardi. Jismonan qiynalsam-da, baribir eplardim. Yoshlikda mehnat qilishga qiziqishimiz boshqacha edi. Yangalarimga sharbat uchun gilos, olcha terib berardim. Negadir katta bo‘lishga, ulg‘ayishga bo‘lgan ishtiyoq yuqori edi. Sho‘ro paytida orzularga erishish qiyin bo‘lgan. «Arzonchilik edi» deyiladigan gaplar, aslida, cho‘pchak. Masalan, «Elektronika-21» degan soat yigirma bir so‘m turardi. Shuni olish orzum edi. Unga yetishish maqsadida mardikorlik qilganman. Yozda butilka yuvib topshirganman, zavodda ishlaganman, novvoyga yordamlashganman. Nimagadir qo‘limda soat, ko‘zimda qora ko‘zoynak bo‘lishini xohlaganman. U paytda bunday narsalar anqoni urug‘i edi. Lekin bularning barchasiga mehnatim orqali erishganman.

Quvonch-u tashvishli kunlarimda yonimda suyanchim, inim Fazliddinxon.

Yana bir yodimda qolgan oltin davr – maktab davri. Men 186-ta’lim maskaniga borganimda, maktabning ishga tushirilganiga endi bir yil bo‘lgan edi. Yangi ta’mirdan chiqqan uch qavatli maktabda o‘qishni boshlaganman. Mening bolalik davrim shahar sharoitida o‘tganligi sababli, adib, yozuvchi va shoirlarimizning bolaligi haqidagi asarlarni o‘qiganimda, ayniqsa, ularning bolaligi qishloqda, qir-adirlar orasida o‘tganligini tasavvur qilsam, beixtiyor menda havas hissi uyg‘onadi. Bu tabiiy hol, negaki, shahar sharoitida yam-yashil qir-adirlar, bepoyon dala-dashtlar, zilol suvlar muntazam oqib turadigan ariqlar yoki viqorli tog‘larni uchratmaymiz. Lekin mahallamiz juda obod edi, odamlar bir-birini yaxshi biladigan, ahil va bir-biriga yordam beradigan edi. Ko‘pchilikda kichik-kichik ariqlar, hali ham o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lgan bog‘lar bor edi. Seniki, meniki, degan gap bo‘lmagan, kimningdir yong‘oq daraxti, kimningdir olma va boshqa daraxtlari bor edi, bemalol mahalladoshlar ham o‘sha mevalardan iste’mol qilaverardi. Bir bola uchun yetti mahalla otaona degan gap amalda bo‘lgan paytlar. Buvimning juda ko‘p o‘rtoqlari bor edi. Men odobli bola bo‘lishga harakat qilardim, chunki qandaydir beodoblik yoki ishkal qilsam, buvim bilib qolishidan qo‘rqar edim. Bu bolalarning tarbiyasiga juda katta yordam beradi, deb o‘ylayman. Hozir esa, afsuski, bunday emas. Qo‘shnining bolasiga sal qattiq gapirsa, jiddiy muammo kelib chiqadigan bo‘lib qoldi.

Avvalgi uylarda boloxona bo‘lardi, uning pardasi shamolda hilpirab turardi. Hozirgi yigirmata joyidan qulflanadigan baland, baquvvat eshiklar o‘rnida bir tepsa sinib ketadigan yog‘och eshiklar bo‘lardi. Haligacha esimda, tut yoki boshqa bir soya-salqin daraxtlarining tagida odamlar yakandoz tashlab, bemalol gaplashib o‘tirishardi. Bugun esa, bu narsalarning ko‘pini uchratish qiyin. Yoz keldi deguncha biz bobo va buvimiznikiga shoshardik va ta’tilda ko‘pincha ular bilan birga turardik. Uyimiz orasida ikki ko‘cha bo‘lardi. Bobom bilan bozorga borardik, bobomning bozor qilish uchun aravachasi bo‘lardi. Hamma bozorlikni qilganidan so‘ng, oxirida, albatta, bizga muzqaymoq olib berardilar va aravachaga bizni ham o‘tqazib, uyga qaytardilar. Yozda maktab bolalarini guruh-guruh qilib oromgohga olib borishardi, lekin menga bunday guruh bo‘lib yurishlar yoqmasdi, ko‘pincha oromgohdan qochib uyda o‘tirardim. Bo‘sh qolsam, kitob o‘qirdim. Ozgina qotgan non, shokolad va kofe menga hamrohlik qilardi. Chunki ovqatlanishga ham vaqt qizg‘anardim.

Maktabimdan juda ham minnatdorman. Kamolga yetishimda ota-onamning o‘rni qanday bo‘lsa, maktabdagi ustozlarimning ham hissasi shuncha, deb ayta olaman. Men maktab kutubxonasini juda yaxshi ko‘rardim, uyimizda ham istagan kitoblarim jamlanmasi mavjud edi. Buning uchun ota-onamga rahmat! Investitsiya kitobga qaratilgan bo‘lsa, pul ayashmasdi. Javonimda men sevgan asarlar – Xans Kristian Andersen ertaklari, akauka Grimm ertaklari, Daniyel Defoning «Robinzon Kruzoning sarguzashtlari», Artur Konan Doylning «Sherlok Xoms», Jyul Vernning «Kapitan Grant bolalari» asarlarini sevib mutolaa qilganman. U paytda bunaqa kitoblarni topish mushkul edi. Menga bu kitoblar Moskvadan pochta orqali yetib kelardi. Bu kitoblarni yoz bo‘yi ukam Fazliddinxon bilan talashib o‘qib chiqardik. Uning ustiga, ota-onamiz har kuni uy ishlarini buyurib ketishardi. Ular ishdan kelgunlaricha, uylar pokiza turishi, bog‘ga qaralgan bo‘lishi lozim bo‘lardi. Shuning uchun ishlarni erta tongdan bajarib, televizor ko‘rish va kitob o‘qishga ulgurardik. Asardagi qahramonlarning hayotiga shu qadar qiziqar edimki, bu menga uyqu bermas edi. Misol uchun, Tomas Mayn Ridning «Boshsiz chavandoz» romanini o‘qib tugatgunimcha, «Kim boshi yo‘q bo‘la turib, qanday chavandoz bo‘la oladi?!», degan savol qiynardi.

BUVIMNING SABOQLARI

Kechalari buvim urushmasin, elektrni tejay, deb sham yoki kerosinli lampa yorug‘ida kitob o‘qib chiqardim. Bu esa mening ko‘rish qobiliyatimga ta’sir qilmay qolmadi. Ayniqsa, pandemiyadan so‘ng ko‘zim yanada xiralashdi. Lekin kitoblarni hech qachon chetga sura olmayman. Menda bir odat shakllangan: bir vaqtning o‘zida har xil kitob mutolaa qilaman. Ular uyimda ham, ishxonamda ham, har yerda menga hamroh.

Ma’sumaxon buvijonimning o‘gitlari qalbimga muhirlangan dasturilamaldir.

Yoshim ulg‘aygani sari ta’tilda uyda tengdoshlarim bilan birga detektiv filmlarini ko‘rishni yaxshi ko‘rardik. Shuning ortidan buvimizdan ham gap eshitardik. Buvimning «Televizorni kuni bo‘yi ko‘rdinglar, lampasi kuyadi», degan gaplari hanuz qulog‘imda jaranglab turadi. Shu tariqa, televizordan bo‘shab, kechki ovqat tayyorlash uchun buvimizga qarashardik va sabzavotlarning po‘choqlarini paqirga yig‘ib, qo‘ylarga berardik. Hovlimizda mo‘jazgina hovuzcha bo‘lardi, shunda mazza qilib cho‘milardik. Biz kinolarga oshiq edik, ammo kechga borib, kinolar soni barmoq bilan sanarli darajada kam bo‘lardi. Kuni bo‘yi yugurib, charchab, kechga borib hovlida uxlardik. Ertalabgacha, onda-sonda chivin yoki pashsha chaqishini hisobga olmasak, mazza qilib uxlardik…

Men rus sinfda o‘qiganman, ona tili, tarix, jo‘g‘rofiya, adabiyot fanlariga qiziqishim o‘zgacha edi. 5-sinfda o‘qiyotganimizda, Mo‘tabar opa degan ustozning darslarini intiqib kutardim, sababi, ustoz ona tilini haqiqiy jozibasini ko‘rsatib dars o‘tardi. Tashkiliy ishlarda ham faollik ko‘rsatardim. Qog‘oz yig‘ish, temir topshirish yoki tuman miqyosidagi festival, tadbir va tanlovlarda qatnashish menga bir olam zavq bag‘ishlar edi. Respublika bosqichiga ham chiqqan paytlarim bo‘lgan. Yozda «Semurg‘» oromgohiga borardim. U yerda ham tumanimiz obro‘sini, sharafini himoya qilganman.

Sinfdoshlarim bilan juda inoq edik. Ayniqsa, 8-mart bayramiga qizlarimiz uchun sovg‘a olish juda quvnoq kechardi. Ota-onamizdan olgan yoki o‘zimiz yig‘ib yurgan puldan qizlarga sovg‘a olardik. U paytda Toshkentda SUM (markaziy univermag), GUM (bosh univermag) degan joylar bo‘lardi. Lekin ko‘z ko‘rsa quvonadigan esdaliklari kam edi. O‘sha yerdan to‘plagan pulimizga pirojniylar sotib olardik. Uydan kompot keltirib, dasturxon bezatardik...

Bundan tashqari, Navro‘z bayramini nishonlaganmiz. Qaysidir sinfdoshimizning uyida sumalak pishirib, magnitofonda Muhriddin Xoliqov, Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlarini, o‘zbek xalq laparlarini qo‘yib raqsga tushganmiz. Hozir hamma yoshlarning qo‘lida telefon. Istagan vaqtda xohlagan qo‘shiqchisini eshitishi, klipini ko‘rishi mumkin. Nazarimda, biz baxtli ekanmiz. Biz doimo xonada muqim turadigan, faqat uzoqdagi yaqiningiz bilan gaplashsa bo‘ladigan, internetsiz sim bilan ulangan telefon davrida katta bo‘lganmiz.

Siz-la munavvardir bu olam, Mehribonim, munisim, onam!
Meni yengolmaydi biror tashvish, g‘am, Yonimda bo‘lsangiz, tojdorim otam!

MENGA TINCHLIK BERMAGAN SAVOL

U paytlarda kimdir boy-badavlat bo‘lsa ham buni ko‘z-ko‘z qilmasdi. Do‘stlik, sadoqat tushunchalari kuchli edi. Hammamiz teng edik. Xoh ishoning, xoh ishonmang, bobom maktabga soat taqib borishimga ijozat bermagan. Chunki o‘rtoqlarim orasida ajralib turishimni, darsda soatimga mahliyo bo‘lishimni xohlamagan. Hozirgi bolalar maqtangani-maqtangan: «Buni brend «Zara»dan oldingmi?», «Sani «Iphone»ing nechchi?», «Telefoningning g‘ilofi qanaqa?». Afsus, bugungi ba’zi yoshlarimizning ahvoli shu! Bu chin do‘stlik emas, manfaatlar do‘stligi.

Maktab paytlarida xayolimdan o‘taverib, tinchlik bermagan savol – «Kelajakda kim bo‘lsam ekan?». Men bu haqda juda erta o‘ylashni boshlagandim. Ko‘p hollarda televizorda ko‘rsatuvlarni tomosha qilib, siyosatga qiziqishim ortgan edi va shundan kelib chiqib, jurnalist bo‘lishga qaror qilganman. Maktabda juda sho‘x bo‘lganman. Qaysi ma’nodaki, men erkin bo‘lishga harakat qilardim. Talabalik davrim esa juda qiyin bo‘lgan, chunki u mustaqillik yillariga to‘g‘ri kelgan. Lekin oziq-ovqat xavfsizligi juda og‘ir ahvolda edi. Biz talabalarga kartochka berilardi minimal ovqatlanish uchun. Stipendiya esa juda kam bo‘lardi. Men kurs sardori bo‘lganman. 5 ta kutubxona orasida yurardim. Vazira opa bizni Turon kutubxonasining yerto‘lasiga olib kirib, cho‘yan zinalarini ham ko‘rsatar edi. Aytardiki, mana shu cho‘yan zinalardan Qodiriy, Cho‘lpon, Behbudiy va Fitratlar yurgan desa, bu sehrli muhit bizni o‘ziga tortib olardi. Darslarimiz erkin muhitda o‘tar edi. Talabalik yillarimdagi yana esimda qolgan jihat: kiyinish va shoxona ovqatlanish biz uchun qiziq bo‘lmagan, bizga qiziqarli narsa – bilim olish edi. Balki shuning uchun haligacha kitob o‘qishni juda yaxshi ko‘raman. Chingiz Aytmatov, Dostoyevskiy, Bulgakov, shuningdek, Qodiriy va boshqa yozuvchilar asarlarini o‘qishni yaxshi ko‘raman. Shu bilan bir qatorda, zamonaviy adabiyotlar ham men uchun juda qiziqarli. Kitoblar ko‘p, lekin afsuski, ko‘zimning kuchi yetmasligi va vaqtning kamligi menga pand beradi. Lekin kuchim yetguncha, siyosiy asarlar va badiiy asarlarni o‘qishga harakat qilaman.

Bugungi bolalarni ko‘rib, biz bosib o‘tgan bolalik zavqliroq edi, deya olaman. Sababi, biz bolalikda oyoqyalang tuproqlarda o‘ynab yurdik va ona zamindan kuch oldik. Tabiatga, insonlarga, go‘zallikka oshufta, mehrga limmo-lim qalblarimiz bor edi. Sun’iy narsalar deyarli yo‘q edi-da. Nega hozirgi ota-onalar bolasiga to‘rt yoshdan repetitor qidiryapti? Bolasi hali o‘zligini, Vatanni, rangni, turmushni anglab ulgurmasidan olam-olam axborot berilyapti. Qo‘liga so‘nggi rusumdagi telefon tutqazilyapti. Bu tadbirlarni qilishdan oldin unga ona tilimizni, uning jozibasini, shonli tariximizni o‘rgatishimiz kerak emasmi?

Tilimiz maishiy darajada emas, balki uning boyligi, merosini bilishga intilishimiz kerak. Erkin Vohidovning «So‘z latofati» nomli kitobi bor. Mana shu kitobni bolalarimizga o‘qib berishimiz kerak. Hammamizga ayonki, dunyoning matohlari, yaltir-yulturlariga ishqiboz bo‘lib, yoshlarga e’tibor bermay boryapmiz. Ishonasizmi, haligacha o‘zimda, «O‘zbek kim?», «O‘zbek qanday paydo bo‘lgan?», «O‘zbekning tarixi, jo‘g‘rofiyasi qanday?» degan savollarga chanqoqlik his etaman. Biz bolajonlarimizga dunyo tarixini o‘rgatsag-u, o‘zligimiz, milliy urf-odatlarimiz, an’analarimiz, madaniyatimiz haqida ma’lumot bermasak, bundan yomoni yo‘q.

Bugungi kun bolalariga mening maslahatim: jasur va xalq dardi bilan yashaydigan va xalqiga ustun bo‘luvchi farzandlar bo‘lishlarini tilayman!

Azizbek ABDUMALIK suhbatlashdi.