February 11

BOLALIGIM JILDIRAGAN JILG‘ALARDA OQIB KETDI 

Bolalik kunlarimda...

Yorqin tuygʻularga, ifodalarga boy, joʻshqin va jozibadorligi, goh shodon, goh mahzun ohanglarga yoʻgʻrilgan sheʼrlari bilan xalqimizning sevimli ijodkoriga aylangan Oʻzbekiston xalq shoiri, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin SAYYID sahifamiz mehmoni.

Oʻz asarlari ila xalqining mehrini qozongan ijodkorning bolalik damlari, oʻquvchilik, talabalik yillari qanday oʻtganligi bilan qiziqdik va bu maʼlumotlarni siz aziz oʻquvchilarga ham ilindik!

O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Oliy Majlis Senatori Sirojiddin Sayyid.

– Bolalik – biz hammamiz bir marta oʻtiradigan podsholik taxti. Bolalik – hammamiz bir marta va manguga yoʻqotadigan toza va begʻubor davronimiz. Bu saltanatda gʻaraz-u gʻirromlik boʻlmaydi, bunda nayrang va hasad yoʻq. Bu davron jildiragan jilgʻalarda oqib ketdimi, qaldirgʻochlar qanotidami va yoki adir ortida qulunlarning bezovta vidoli kishnashlari ila ketdimi – bilmay qolibmiz.

Men Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida, kengliklarga tutashib ketgan adirlar va togʻlar etagida tugʻilganman. Inson bolasiga zamin – tugʻilgan tuprogʻi taft beradi, osmondagi oy, quyoshi esa boshi uzra kecha-kunduz mehr nurlarini sochadi. Bejiz, mumtoz tilimizda quyoshning yana bir nomi «Mehr», deb aytilmagan. Qoʻy-qoʻzilarni boqib, yashil maysazor, chimzorlarda chalqancha yotgan koʻyi tubsiz, cheksiz osmonlarni; uyum-uyum boʻlib qaylargadir men koʻrmagan, bilmagan zangor olamlarga ketayotgan oppoq bulutlarni tomosha qilishni yaxshi koʻrardim. Oʻsha – bulutlar ketayotgan sirli makonlarni, sogʻinib yashardim. Birdan momaqaldiroq guldiraydi, olisdagi Xoʻjapiryax choʻqqilariga chaqinlar qilich soladi. Keyin adirlar tepaliklarni oldiga solib quvgandayin osmon chavandozining yuz millionlab suyuq qamchilari borliq olamini savalashga tushadi. Hammamiz uy-uyga qochamiz...

SHOIRLIK ASLI ONAMDAN O‘TGAN

Albatta, «Xudo yuqtirmasa...» degan hukm-hikmatlar ham bekorga kelmagani rost. Ulgʻaygandan keyin bolaligim haqida yozganim «shoir boʻlib ketsam gar, bunga shu dasht-u qirlar, osmonlarning qoʻli bor», degan gaplarimda ham maʼlum maʼnoda jon boʻlsa bordir. Biroq men shu onaning farzandi, onam boʻlmaganlarida menga bundayin saodat ikki dunyoda ham nasib etmasligini komil ishonch bilan ayta olaman.

Men shoirlikni oʻchoqlaridagi oʻtlardan, tandirlariga yoqqan olovlari, ulardagi choʻgʻlar-u qoʻrlardan yuqtirdim, desam aslo hayron boʻlmang. «Bu noningizni yemayman!» deganimda, qiyin, qabohat zamonlarning taxir zogʻora nonlarini urib-urib yedirganlari koʻzimga yosh, koʻnglimga soʻz bergan boʻlsa, ajabmas...

Besh yoshlarda boʻlsam kerak – opam, akam va men oʻchoq atrofida gʻuj boʻlishib, choʻgʻning ostidan chiqadigan moʻjizani kutyapmiz. «Hozir pishib qoladi...» deya onam nihoyat yarmi kuyib qorayib ketgan gazit-qogʻozga oʻralgan bir nimani qoʻr tagidan kovlab oladilar. Tozalab, puflab, katta toltovoqqa soladilar-da, bir boʻlak, bir boʻlak kesib hammamizga taqsimlab beradilar. Bolalikdagi qancha matallar-u ertaklar esimdan chiqib ketdi, «Koʻmoch» deb atalmish u sehr-u sinoatning taʼmi bilan tafti, uning quvonchlari-yu iztiroblari hamon men bilan. Bu mening shoirlik qismatimdagi onamning mehri bilan muhtojliklari qoʻrida pishgan, goʻdak chogʻlarimdayoq maʼnisiga yetganim, anglaganim, fahmiga borib ong va qalbimga joylaganim ilk soʻzim edi, deb oʻylayman.

Yomg‘irlar yig‘lashib sel bo‘ldi, ona,

Sog‘inchlar birlashib yil bo‘ldi, ona.

To‘planib-to‘planib barcha og‘riqlar,

Mening ko‘kragimda dil bo‘ldi, ona…

Onamning pechkagami, oʻchoq yo tandirgami oʻtin qalab, oʻt yoqishlarini juda yaxshi koʻrardim. Buning boisi, birinchidan, sovuqni, sovqotishni yomon koʻrganligimdan boʻlsa, ikkinchi sababi, bolaligimizning eng tansiq neʼmati – imkoni boʻldi deguncha onam bizga pishirib beradigan koʻmma qoʻrkaboblari edi. Tandir qoʻriga ham, oʻchoq qoʻriga ham bunday totli kaboblarni Oybibi momom bilan onamdan boshqa hech kim ularday mazali qilib pishirolmasdi. Goʻshtni tuzlay boshlaganlari barobarida soʻlaklarimiz ham yoppasiga ishga tushar, betlarimiz choʻgʻ rangida, oʻchoq ichi lolarangida qizib tovlangani sayin biz ham jonsarak tamshanib turardik. Haqiqiy tomosha goʻsht qoʻr tagiga koʻmilgandan keyin boshlanardi. Qoʻr ostidan, chirs-chirs choʻgʻlar orasidan chiqayotgan kabob isi bilan «jiz-jiz» «biz-biz» tovushlar, choʻgʻning dambadam jizillashlari-yu bizzillashlari chinakamiga mazamizni qochirardi. Endi kabobni chiqarmasdan iloji yoʻq edi. Onam ahvolimizni tushungandek «Ay, bolalarim-ay!..» deydilar-da, qoʻrni kovlab, kabobni bir-ikki agʻdargandan soʻng, tovoqqa oladilar. Bu – bolaligimizning juda tez tugaydigan, biz toʻyib-toʻymay qoladigan katta bayramlaridan eng totlisi edi. «Toʻymadinglarmi? – derdilar onam bir pasda boʻshab qolgan laganni koʻrib va nima uchundir menga qarab: – Parvo qilma, bolam, otang yaqinda qora qoʻchqorni soʻyadi, nasib boʻlsa, hammang mazza qilib toʻyasan», deya qoʻshib qoʻyadilar.

QOR YOQQAN KECHALAR

«Turinglar, turinglar, qor yogʻibdi, turinglar!», rahmatli otam har qor yoqqanda bizni shunday uygʻotardilar. Yana bir tong «Turinglar, sizlarga bir narsa olib keldim», – deb uygʻotdilar. Opam, akam va men koʻrpalardan bosh koʻtardik, ne koʻz bilan qaraylikki, issiq pechning yonida uchta buzoq hurkib, hayratlanib, moʻltirab bizga qarab turibdi. Tashqarida qahraton qarsillaydi, buzoqlar bizga, biz buzoqlarga qaraymiz. Uch sigirimiz bir kechada baravariga bolalagan, ogʻilxona sovuqligi uchun, otam buzoqlarni eski choponga oʻrab, quritgani uyga olib kelgan ekanlar.

Keyin – rahmatli momomning oʻrikzor, olmazor bogʻlari... Bizning butun dunyomiz shu bogʻning ichida edi. Biz – momomning 15-20 chogʻli nevaralari bogʻni talash bilan, kenja oʻgʻli – Sadriddin togʻam esa bizni oldiga solib quvish, haydash bilan ovora edi. Qoʻshni qizaloqlar, bolakaylar qoʻshilib, baʼzan butun boshli shumtakalar, zumrashalar lashkariga aylanib qolardik. Bunday paytda katta bir bogʻni ostin-ustun qilib tashlash biz uchun hech gap emas edi. Men ana shu – bir bogʻ qizaloqlar ari-yu qoʻngʻizlarning podshosi edim.

KO‘P ERTAK ESHITGANDIM...

Mening birinchi muallimam onam desam toʻgʻri aytgan boʻlaman. Onam tarbiya masalasida biroz qattiqqoʻl edilar. Aqlimni taniganimdan boshlab 6-sinfgacha boʻlgan vaqt oraligʻida menga kitob oʻqitish mushkul ish boʻlgan edi. Ammo 7-sinfdan boshlab kitobni qoʻlimdan olib qoʻyish ogʻir ish boʻlib qoldi. Shoʻxligim uchun onamdan koʻp dakki eshitardim. Onamning ukalarimni beshigini tebratayotib aytayotgan allasining maʼnosini yaxshi tushunmasam-da, ichida qandaydir dard, armon borligini his qilib turardim. Uyimizdagi dostonxonlig-u matalgoʻyliklar mening uchun oʻz qadrdon dunyom edi. Rahmatli otam Maʼmurjon Uzoqov, Komiljon Otaniyozovlarning qoʻshiqlarini Goʻroʻgʻli va Avazxon dostoni-yu Furqat gʻazallarini yaxshi koʻrardilar. Saidumar amakim, Islomiddin togʻamdan Xaziniy, Xoʻja Hofiz gʻazallari-yu, koʻp qismli tuganmas xalq afsonalarini tinglar edik. 41-yilgi urushning barcha azob-u mashaqqatlarini tortgan, yetti marta yaralanib, sogʻ-omon qaytib kelgan otam fashistlar bilan boʻlgan koʻp janglarning tafsilotlarini juda qiziqarli qilib aytib berardilar. Ilk yozgan sheʼrimni eslay olmayman-u, lekin aytgan sheʼrim yodimda: Bu – Zokirjon Xolmuhammad oʻgʻli Furqatning «Figʻonkim, gardishi davron...» satri bilan boshlanguvchi maʼlum va mashhur gʻazali edi. Rahmatli otam Furqatdan koʻp oʻqirdilar, ovoz chiqarib hammamizga – opa-singillarimga, akamga, menga oʻqib berardilar. Ayniqsa, shu gʻazalni yaxshi koʻrardilar. Koʻp marotaba takrorlanganligi uchun yodimizda qolgan.

Haqiqiy mutolaa – muttasil kitob oʻqish har bir shoir uchun nihoyatda zarur deb oʻylayman. Tongotar mutolaalar – mening uchun haqiqiy orzu, armon. Hayotimda kitob oʻqilgan, sheʼr yozilgan tonglarim koʻp boʻlgan. Biroq koʻpincha kech uxlaganim uchun bu borada qatʼiy, metin tartib-qoidaga erisholmadim. Misol uchun, Hazrat Navoiyni tong pallasida turib mutolaa qilmoqqa ne yetsin...

Mahallamizdagi tengqurlarim bilan birga futbol oʻynardik, Ramazon oyida ramazon aytardik va koʻcha changitib, har xil oʻyinlar oʻynardik. Bizni 5-sinflarda boshqa yangi maktabga koʻchirishadi va darsda oʻtirganimizda bir ustoz kirib, jurnalini stolni ustiga qoʻydi-da, «Men sizlarga bugundan e’tiboran adabiyotdan dars beraman», dedi va Alisher Navoiyning ijodidan bir bayt bilan darsni boshladi. Bu yovqur kishi – adabiyot muallimi Ibrohim Safarov edi. Ana oʻsha paytlardan mening she’rga, sheʼriyatga boʻlgan qiziqishim boshlandi. Sakkizinchi sinfga oʻtganimda, akam oʻqishdan yiqilib, armiyaga ketdi, oʻsha pallalarda bir nimalar yoza boshlagan paytlarim edi. Hali hamon esimda, «koʻp kitob oʻqing, koʻp mashq qiling, koʻp yozishni mashq qiling, hurmat bilan T. Hobilov», degan xatlar ola boshladim. Keyinchalik Toshkentga kelib bilsam, T. Hobilov bu Tohir aka, Tohir Malik ekan. U kishi erinmay juda koʻp xat yozganlar men ham erinmasdan har bir xatlarini oʻqib javob qaytarar edim. Kunlarning birida hozirgi «Tong yulduzi» gazetasida mening «Xayrullaning komandasi» nomli kichkinagina oʻz futbol jamoamiz haqidagi maqolam chop etildi. «Olapar» degan kuchugim boʻlar edi, u chimzor stadionda meni yoʻlimga chiqqan raqibni talardi, men bundan foydalanib borib bemalol gol urib kelardim. Bolaligimda futbolchi boʻlishni xohlagan edim. Lekin 7–8-sinfdagi boshlangan kitobga boʻlgan muhabbat meni sheʼriyat yoʻliga olib kirdi. Oʻsha kezlari onam xonamga kechqurun soat 1-2 larda kirganda ham kitob oʻqib oʻtirgan boʻlar edim. Buni koʻrgan onam jahllari chiqib, «Koʻzlaring koʻr boʻladi, sen bolani...», derdilar. Qiziq-a?.. Lekin kitob oʻqiyverib aksincha, koʻzlarimiz ochildi. Qani edi, oʻsha kunlarning bir kechasi qaytib kelsa-yu, bir kitobni qoʻlimga olib mazza qilib oʻqib yotsam, lekin endi unday imkon yoʻq...

USTOZLARNING SABOQLARI

1974-yilning 15-iyulida oʻrta maktabni bitirib oʻqishga kelganimda Toshkent temir yoʻl vokzalida odamning koʻpligi-yu, gʻala-gʻovurdan gangib qolganman, dashtdan kelgan bir maysaday his qilganman oʻzimni. Dorulfunun – hozirgi Milliy universitetimizning juda ham baland tuyulgan bosh binosini koʻrganimda, judayam hayratlanganman. Qanchalik baland tuyulmasin, men bu yuksak choʻqqini baribir zabt etmogʻim shart, degan bir qatʼiy qaror ham, ishonch ham bor edi. Keyin oʻsha yili dorulfununning jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirdim. Bu voqea mening hayotimdagi eng goʻzal, eng aziz bayramlardan biri boʻlib qoldi. Bu tomoni – hayot, sheʼrlar, kitoblar, diydorlar-u ayriliqlar. Bu yillar davomida Toshkent – erkaliklarimiz, injiqliklarimizni birdek koʻtargan bu bagʻrikeng, qadrdon shahar sogʻinchlarim poytaxtiga aylandi desam, lof boʻlmas. Hamid Olimjon va Abdulla Oripovning sheʼrlarini bolaligimda yod olgan boʻlishimga qaramay, kecha yodlaganimdek hali-hamon esimda turibdi. Olloh meni juda ulug‘ va benazir ustozlar bilan siyladi. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Shukur Xolmirzayev, O‘tkir Hoshimov, «axborot qiroli» – Abdulla Po‘latov, Erkin Aʼzam, Usmon Azim va Sa’dulla Karamatov. «Toshkent oqshomi» gazetasida ishlagan paytimiz Muhammad Yusuf ikkimiz gazeta Bosh muharriri Sharof Ubaydullayevdan koʻp narsa oʻrgandik va u kishi bizga har doim toʻgʻri yoʻl koʻrsatib turdilar.

Oʻzining bolalik xotiralari haqida samimiy suhbat qilganligi uchun Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, shoir Sirojiddin Sayyidga tahririyatimiz tomonidan oʻz minnatdorligimizni bildiramiz.

Aziz ABDUMALIK,

Husniddin GʻULOMJONOV suhbatlashdi.

«Tong yulduzi» gazetasining 2025-yil 6-sonidan