March 24

SO‘ZNING BEBAHO SEHRI

«Buyuk ajdodlarga munosib avlodlar» tanloviga

Shoir bobomiz G‘ulom Shomurod she’rlarida ajdodlarga hurmat, vatanparvarlik va insoniylik kabi mavzular o‘ziga xos o‘rin egallaydi. U o‘z she’rlarida ajdodlarimizning qahramonligi, vatanparvarligi, ma’daniyati va an’analarini iftixor bilan eslaydi. «Buyuklar qadri» kitobidagi she’rlar ajdodlarga munosib avlod bo‘lishga undaydi.

Shoir o‘z she’rlarida ajdodlar xotirasini hurmat qilish, ularning qilgan ishlarini eslab qolish va asrab-avaylashga chaqiradi. Uning so‘zlari bilan aytganda, biz ajdodlarimizning qilgan ishlarini eslab, ularning izidan borib, ularga munosib avlod bo‘lishimiz lozim:

Buyuklarning buyukligi

Ne-ne bahoga sig‘maydir,

Elga mehr-u suyukligi

Hech bir o‘lchovga sig‘maydir

Biz Toshkentdagi «Amir Temur haykali» qoshida she’rlar aytganmiz. Bu haykal muhtasham, to‘rt tomondan yaqqol ko‘rinadi. Shoirning haykal haqidagi she’rini o‘qib, juda ta’sirlandim:

Qirq birida ro‘y berdi, e voh,

O, o‘shanda ochib qabrimni

Tig‘ urishdi tanga besazo.

Maqsad, bilib bo‘lmoq shaklimni –

Chizmoq bo‘lib asl suratim,

Obdan ko‘rdi oyoq-qo‘limni,

Surishtirmay mening siyratim.

Vaholanki, Amir Temur vasiyatiga ko‘ra, qabrini ochish mumkin emas edi.

Shoirning «So‘z va soz sehri» she’ri Oybekni xotirlab yozilgan. Go‘dak kabi qalbi toza suyukli adib, ustoz, she’riyatning osmondagi so‘nmas oy Oybekka bag‘ishlangan she’r e’tiborimni tortdi. Umri so‘ngida kasalligi tufayli so‘zlashishga qiynalgan Oybek shaxsiyati she’rda yaqqol ifodalangan:

Garchi o‘zi so‘zlamadi, so‘zlatdi biroq,

Yerda turib chaqmoq, quyosh, oy-u osmonni.

U so‘zlatdi dunyo uzra baralla yangroq –

Shafaqlarda qanot yozgan O‘zbekistonni.

«Buyuklar qadri» kitobidagi boshqa she’rlarida ham shoir ajdodlarimizning tarixiy xizmatlari, buyukligi hamda jasorati haqida so‘zlaydi. Shoirning «Bobur monoligi» «Mutal Burxonovga», «Abdulla Oripovga», «Ibn Sino», «Muhammad Narshaxiy», «Usta Baqo», «Mahmud Torobiy», «Ahmad Donish», «Abdurauf Fitrat», «Fayzulla Xo‘jayev», «Sadriddin Ayniy», «Domla Halim», «Olim Xo‘jayev» kabi she’rlari buyuk shoirlarimiz fuzalolarimiz, olimlarimiz, san’atkorlarimiz, avliyo bobolarimizga bag‘ishlangan. Vatan uchun jon fido etgan tarixiy qahramonlarimiz, tabib-u olimlarimiz hayoti va faoliyatiga oid bu she’rlar katta ahamiyatga ega. Biz ulardan sinfdan tashqari tadbirlarda, bayramlarda keng foydalanishimiz mumkin. Bu she’rlar ajdodlarimizga yanada mehr-muhabbatni orttiradi. Biz har kuni madhiyamizni kuylab darsni boshlaymiz. Mutal Burxonov musiqasi bilan bastalangan madhiyamizga shoir eng yuqori bahoni bergan:

Shu vajdan kuyingiz tinglagan har qalb

Junbushga kelar va yuksakka uchar.

Qarshingizda tog‘lar qoladi pastlab,

Oy-u yulduzlarni navongiz quchar.

Biz ajdodlarimizning qadriyatlarini asrab-avaylab, bizdan keyingi avlodga yetkazishimiz zarurligini, G‘ulom Shomurod she’rlaridan anglab olsak, ulardan dars jarayonida foydalansak, ayni muddao bo‘lardi.

Farzona BAHODIROVA,

poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 274-umumta’lim maktabining 7-«E» sinf o‘quvchisi