U, ALBATTA,JAHON CHEMPIONI BO‘LADI!
Kunlarning birida tumanimizdagi bolalar sport maktabidan murabbiy Batir To‘rebayev maktabimiz rahbari Gulnara Xudaybergenovaning yaratib bergan sharoitlaridan quvonib, dzyudo to‘garagini ochdi. Shu kunning o‘zida 4-sinfda o‘qiydigan Esbol Abdirasuliyev to‘garakka a’zo bo‘ldi. U paytlarda nimjon bo‘lgan bolakay har kuni mashg‘ulotlarga qatnab, tumanda o‘tkazilgan musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egallay boshladi. Murabbiyning ishongan shogirdlaridan biriga aylandi. Mashg‘ulotga kelishi bilan tozalik ishlarini bajarar, qatnashuvchi o‘quvchilar davomatini qilardi.
8-sinfligida Esbol Qoraqalpog‘iston Respublikasi chempioni bo‘ldi. Uning oldiga qo‘ygan maqsadi akasiga o‘xshab Osiyo chempioni bo‘lib, oliy o‘quv yurtlarida o‘qish edi. Yoz-u qishda ham mashg‘ulotlarni to‘xtatmadi. Sportchini maktabimizda barcha birdek yaxshi ko‘radi, chunki u mehribon, fidoyi va mehnatsevar o‘quvchilardan biri.
Bir kuni Esbol tumanimizda o‘tkazilgan musobaqaning final bosqichida 1-o‘rinni olish uchun kurashga tushganida, uning raqibi yaqin qarindoshi ekanligini bildi va ataylab yutqazib berdi. Musobaqadan kelgach, nega g‘olib bo‘lmading, sen kuchli eding-ku, deb so‘radim. U, o‘z qarindoshimni mag‘lub etib, quvona olmayman, hali ko‘p musobaqalar bo‘ladi, o‘z kuchimga ishonaman, ustoz, men, albatta, chempion bo‘laman, deb va’da bergandi. Esbol maktabimizning sport yo‘nalishi bo‘yicha maktab sardori. U hozirgi kunda o‘zidan kichik bolalarga dzyudo sirlarini o‘rgatishda murabbiyning eng yaqin ko‘makchisi.
Yaqinda Buxoro viloyatida sport maktablari orasida o‘tkazilgan musobaqada barcha raqiblaridan tengsiz ekanligini isbotladi va O‘zbekiston chempioni bo‘ldi. Esbolning g‘alabasi maktabimizning g‘alabasi edi. Maktab jamoasining chempionni kutib olishlarini ko‘rib, xursand bo‘lidi va barchamizga, «Men hali jahon chempioni bo‘laman!», deya va’da berdi. Uning chempion bo‘lishiga ishonamiz!
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qo‘ng‘irot tumanidagi 41-umumta’lim maktabining MMIBDO‘