June 9

Suvsiz olam: Sivilizatsiyaning oxirgi tomchisi


Suvsiz hayotni tasavvur qilish qiyin. Bu shunchaki ibora emas, balki hayot haqiqatidir. Inson tanasining katta qismi, tabiatdagi har bir jonzot, har bir o‘simlik suvga muhtoj.

Suv — hayotning nafasi, uning oqimi bor joyda tiriklik, o‘sish va taraqqiyot bor. Ammo bugungi kunda dunyoda millionlab odamlar suv yetishmovchiligi muammosi bilan yuzma-yuz kelmoqda. Bu muammo faqat bir mamlakat yoki bir qit’a bilan cheklanib qolmayapti — u global tahdidga aylandi. Shu nuqtayi nazardan suv yetishmovchiligi nafaqat ekologik, balki ijtimoiy va iqtisodiy muammo sifatida ham o‘rganilishi zarur.

Suv yetishmovchiligining bir qator omillari mavjud. Birinchidan, iqlim o‘zgarishi bu borada muhim rol o‘ynaydi. Global issiqlik tufayli Markaziy Osiyoda yomg‘ir miqdori kamaymoqda, muzliklar eriyapti va daryolar oqimi qisqarmoqda. Masalan, Amudaryoning suv hajmi so‘nggi 30 yilda sezilarli darajada kamaygan. Ikkinchidan, aholi o‘sishi va shaharlarning kengayishi suvga bo‘lgan talabni oshirmoqda. O‘zbekiston aholisi 38 millionga yaqinlashdi, bu esa aholining ichimlik suvi bilan ta’minotli bo‘lishi uchun qo‘shimcha resurslar talab qilmoqda. Uchinchidan, suvdan maqsadsiz yoki me’yoridan ortiq foydalanish muammoni yanada kuchaytirmoqda. Qishloq xo‘jaligida eski irrigatsiya tizimlari qo‘llaniladi, bu esa suvning 40–50% ga yaqinining isrof bo‘lishiga olib keladi. Ayniqsa, Orol dengizining qurishi suv yetishmovchiligining asosiy sabablaridan biri hisoblanadi. XX asrda Amudaryo va Sirdaryo suvlarining katta qismi paxta ekinlari uchun yo‘naltirildi, natijada Orol dengizi 90% ga quridi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida suv resurslarini taqsimlash bo‘yicha kelishmovchiliklar muammoni yanada murakkablashtirmoqda.

Suv yetishmovchiligi O‘zbekistonda ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarmoqda. Qishloq xo‘jaligida sug‘oriladigan yerlar kamaymoqda, bu esa hosildorlikning pasayishiga olib keladi. Masalan, 2022 yilda ayrim mintaqalarda suv tanqisligi tufayli paxta va bug‘doy hosili 20% ga kamaydi. Ichimlik suvi ta’minoti ham jiddiy muammo. Xususan, Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida aholi toza ichimlik suviga muhtoj. Orol dengizining qurishi esa ekologik falokatga aylandi. Sho‘r chang‘ bo‘ronlari nafas olish kasalliklarini kuchayishiga sabab bo‘ldi. Misol uchun mahalliy tilda «oq bo‘ron» deb atalgan ushbu chang bo‘ronlari Nukus va Mo‘ynoqda 1990-yil ko‘rsatkichlariga qaraganda ikki baravarga ko‘paygan. Bu chang, tuz va zararli moddalar nafas olish yo‘llari, xususan, bronxial astma, o‘pka infeksiyalarini kuchayishiga olib keldi. Natijada, Mo‘ynoqda bolalar orasida astma bilan kasallanish darajasi 20% ga oshgan.

Ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar ham jiddiy. Suv tanqisligi fermerlar daromadini kamaytirmoqda, bu esa ishsizlik va migratsiyaga olib keladi.Xorazm va Qoraqalpog‘istonda fermerlar yetarli suvsiz paxta va sholi hosilini kam yig‘ishti, bu ularning daromadini 20-30% ga pasaytirdi. Natijada, ko‘p oilalar ishsizlik tufayli Toshkent yoki xorijga (masalan, Rossiyaga) ish izlab ko‘chib ketdi. Oziq-ovqat narxlarining oshishi esa aholining kam ta’minotlangan qatlamlariga zarar yetkazmoqda. Farg‘ona viloyatida 2023-2024 yillarda suv tanqisligi sababli sabzavot (masalan, pomidor va kartoshka) hosili 30% ga kamaydi. Bu mahalliy bozorlarda ushbu maxsulotlar narxining 40-50% ga oshishiga olib keldi. Misol uchun, Farg‘ona bozorida kartoshka narxi 2022 yilda 1 kg uchun 5,000-6,000 so‘m bo‘lsa, 2024 yilda 8,000-10,000 so‘mga chiqdi. Bu kam ta’minlangan oilalar uchun oziq-ovqat xaridini qiyinlashtirdi Ushbu global muammoni bartaraf etish uchun bizga kompleks choralar kerak. O‘zbekiston bu borada muhim qadamlar tashlamoqda, ammo yana ko‘p ish qilish lozim. Mamlakatimizda tomchilatib sug‘orish tizimlari suv sarfini 50% ga qisqartirishi mumkin. Masalan, Farg‘ona viloyatida tomchilatib sug‘orish loyihalari sabab fermerlar 30% ko‘proq hosil olmoqda. Bundan tashqari, raqamli texnologiyalar suv taqsimotini aniq nazorat qilish imkonini beradi. Bugungi kunda O‘zbekistonda “Suv xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, suvdan oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Suv hisoblagichlarini o‘rnatish va isrofgarlik uchun jarimalar muammoni qisman hal qilmoqda. Maktablarda va ommaviy axborot vositalari orqali suvni tejash bo‘yicha ma’rifat ishlari olib borilmoqda. “Suv – umumiy boyligimiz, uni asrash har bir fuqaroning burchidir” kabi chaqiriqlar fuqarolarni suvdan oqilona foydalanishiga da’vat etmoqda.

Xulosa qilib aytganda, suv yetishmovchiligi – faqat ekologik emas, balki ijtimoiy va iqtisodiy muammo. O‘zbekistonda bu muammoni yengish uchun zamonaviy texnologiyalar va aholining faol ishtirokisiz iloj yo‘q. Orol dengizi fojiasi bizga suvning qadrini o‘rgatdi, endi uni asrash va oqilona boshqarish vaqti keldi. Har bir tomchi suvni tejash – bu kelajagimiz uchun qo‘yilgan xishtdir. Suvni asraylik, chunki u – hayotdir.

Fotima TOLIBOVA, O'zDJTU, Xalqaro jurnalistika fakulteti 1-bosqich talabasi