February 13

USTOZNING «DAKKI»SI

Bir kuni darsda...

Oradan uch-toʻrt yil oʻtgan boʻlishiga qaramay, bu voqea xuddi kechagidek esimda. Yettinchi sinf edim. Butun olam koʻzlarimdagi hayratda yashagan vaqtlar: yangi maktab, bir-biridan mehribon ustozlar, quchogʻimga kel, deya bagʻrini katta ochgan cheksiz imkoniyatlar eshigi. Bor kuchimni ishga solib, kechani kecha, kunduzni kunduz demay, charchash nimaligini bilmay oʻqirdim. Hozir eslasam, hayron qolaman: yetti soatlab dars, undan keyin qoʻshimcha bir necha fan va kasbga yoʻnaltirilgan toʻgaraklar, ulardan berilgan topshiriqlarning hammasiga birdek ulgurardim...

Oʻquv yili boshidan bizga tarix fanidan Dilafro‘z ustozimiz dars oʻta boshladilar. Keyin nimadir boʻldi-yu, oʻqituvchimiz almashib, yuqori sinflarga dars beruvchi Farrux ustoz kira boshladi.

– Ustoz har gal yangi mavzuni tushuntirib boʻlgach, uyga vazifani birma-bir soʻrab chiqar, qoniqarli javob bera olmaganlarni esa turgʻazib qoʻyardi. Ustozning salobati bosarmidi, bilmadim, negadir sinfdoshlarimning katta qismi oʻqiganini ham aytib berolmasdi. Lekin men hech qachon ustoz bergan savolga javob berolmay qolganimni eslayolmayman.

Hech esimdan chiqmaydi: bir kuni Farrux ustoz «Oltin Oʻrda xonligi» mavzusini oʻtdi. Dars vaqtida xayol surish odatim yoʻq: butun tanam quloqqa aylanib, ustozni tinglardim. Ammo negadir, mavzuni umuman tushunmadim. «Ustoz, tushunmadim», deyishga yuragim dov bermadi. Ertasi kuni yana tarix. Uyga kelib berilgan vazifalarni qilar ekanman, takror-takror oʻqishimga qaramay, hech narsa esimda qolmadi. Ertalab sahar turib, yana bir soatga yaqin mavzuni yaxshilab anglashga, muhim sana, shaxs va joy nomlarini yodlashga harakat qildim. Uchinchi soat – tarix. Dastlabki ikki soatni oʻqituvchilarning koʻzidan chetroqda jimgina kitob oʻqib oʻtkazdim. Shuncha oʻqigan boʻlsam ham ustoz bergan ikkala savolning ham javobini eslay olmadim. Tilim aylanar, nima deyayotganimni oʻzim bilmasdim. Shunda ustoz: «Farzona, mavzuni chuqur anglamabsan yoki oʻqimabsan. Gapni choʻzishning keragi yoʻq», deb izza qilsa boʻladimi... Hech qachon oʻqituvchilarimdan biror eʼtirozli gap eshitmagan qiz emasmanmi, karaxt boʻlib qoldim...

Shu voqeadan keyin yanada diqqat bilan oʻqishga, oʻrganganlarimni tez-tez takrorlashga odatlandim. Har oʻquv choragi tugashiga yaqin bizda imtihonlar boʻladi. «Takrorlash – bilimning otasi», deb bejiz aytishmagan ekan, hech qaysi imtihonda qiynalmadim. Butun maktab boʻyicha imtihon natijalariga koʻra eng yuqori foiz koʻrsatkichga ega oʻquvchi sifatida eʼtirof etildim, yil yakunida maktabimiz stipendiyasi bilan taqdirlandim.

Oʻshanda qilgan mehnatlarimiz biz kutgan muddatda meva bermasligini, sabr va qatʼiyat bilan harakat qilishda davom etsakkina, hammasi orzumizdagidek iz-iziga tushib ketishini, muhimi, ruhiyatni choʻktirib qoʻymaslik zarurligini anglab yetdim. Baʼzida bizga ulkan tushkunlik boʻlib koʻringan onlar kun kelib, butun umrimizga tatigulik saboq boʻlarkan.

Farzona BAHODIROVA,

Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabi 10-sinf oʻquvchisi

«Tong yulduzi» gazetasining 2025-yil 6-sonidan