July 21

VATANNING G‘ILDIRAGI...

Aniq esimda. O‘shanda 8-sinfda o‘qir edim. Ancha sho‘x, lekin esimni tanib qolgan paytim. Qaysi yozuvchi ekanini eslolmasam-da, lekin uning jumlasi esimda qolgan edi: «Vatanning g‘ildiragi yo‘q». O‘sha paytda o‘yinqaroqligim tutib, ustozimiz shu so‘zni o‘qib berganida, rosa masxara qilganman:

– Ustoz, Vatan velosipedmidi g‘ildiragi bo‘ladigan, albatta, bo‘lmaydi-da. Gapga sinfdosh qiz aralashdi:

– Sen ustozni bekorga xafa qilyapsan. Balki bu jumlani tushunishga yoshlik qilayotgandirsan?

– Ha, siz katta bo‘lib qolgansiz, siz tushunasiz bunaqa narsalarni, – dedim hozirjavobligim tutib. O‘qituvchimiz tortishuvimizdan jahli chiqib, ikkalamizni ham urishib berdi. Ko‘chada havoning avzoyi buzuq edi. Xuddi hozir shamol bo‘lib, meni uchirib ketadiganday. Shunday bo‘ldi, undan battarroq bo‘ldi. Birdaniga jala quyib, ust-boshimni shalabbo qildi. Aksiga olib, yomg‘ir tufaylimi chiroqlar o‘chgan, avtobuslar yurmay qo‘ygan. Uyga yayov ketishga majbur bo‘ldim. Ko‘cha boshiga yetganimda, onam kutib oldi…

– O‘h-ho‘, ust-boshingga qara, shalabbo bo‘lib ketibsan-ku, bolajonim, yuraqol uyga. Uyga kirsam, uchala singlim shirin uyquda. Beshikda esa ikki oylik chaqaloq ukam. Ularni ko‘rib mening ham uyqum kelib ketdi. Ovqatlanmasdan ularga qo‘shilib yotdim. Kechasi bilan alg‘ov-dalg‘ov tushlar ko‘ribman. Ertalab uyg‘onishim juda qiyin bo‘ldi. Tursam, tepamda onam, singillarim va oq xalat kiygan opa menga qarab turishibdi.

– Xudoga shukur-ey, bolam, odamni qo‘rqitvording-ku.

– Endi maktabga borish yo‘q. Bir hafta davolanishingiz kerak, – dedi qop-qora ko‘zlarini mendan uzmay boyagi oq xalat kiygan opa. Shifokor ketganidan keyin nega unday deganimni bilmayman. Onamga:

– Ona, katta bo‘lsam, Amerikaga ketaman. O‘sha yerda kamchiliklarsiz hayot kechiraman. Bu qishloqda loyga botib yashash jonimga tegdi, – dedim.

Onamga bu gaplarim qattiq ta’sir qildi shekilli, ko‘ziga yosh oldi. Xafa bo‘lganini yashirishga harakat qilib:

– Meni olib ketmaysanmi, bolam? – dedi yoshli ko‘zlarini mendan olib qocharkan.

– Sizni ham, singillarimni ham olib ketaman, – dedim uni yupatishga urinib. – Bizni olib ketishga olib ketarsan, ammo uyimizni sog‘inmaysanmi?

– Yo‘q, bunday uyni nimasini sog‘inaman.

– Unday dema, o‘g‘lim. Hali Vatanni rosa sog‘inasan. Mana, dadang ham Vatan sog‘inchida, yurtiga qaytolmay vafot etdi. Bilib qo‘y, bolam, Vatanning g‘ildiragi yo‘q.

– Nima, hamma kattalar shu so‘zni yodlab olganmi? – dedim-da, onamga teskari yotdim. Bu voqeaga ancha bo‘ldi. Men katta bo‘ldim. O‘zim xohlagandek Amerikada tarjimonlik qilyapman. Baxtliman, ammo yuragimda qandaydur armon bor. Onang bilandursan-a, deyotgandirsiz?

Yo‘q, bundan ikki yil ilgari onam olamdan o‘tdi. Lekin men ishlar bilan bo‘lib janozasiga ham bora olmadim. Eh, noshud bola. O‘z onangni so‘nggi manziliga ham kuzatib qo‘yolmading-a…

Shularni o‘ylasam, yuragim ezilib ketadi. Endi Vatanimga qaytmoqchiman. Uni sog‘indim. Yoshligim o‘tgan chang ko‘chalarni, keng dalalarni va pastakkina uyimizni sog‘indim. Yoshligimda bekorga ustozimni, onamni xafa qilgan ekanman. Ular aytgan jumlani endi-endi tushunib boryapman. Rostan ham Vatanning g‘ildiragi yo‘q ekan. Uni o‘zing bilan olib kelolmas ekansan. Ha, azizlar, shunday, rostan ham «Vatanning g‘ildiragi yo‘q!» ekan. Men esa buni kech anglab yetdim.

Karimjon akaning so‘zlarini oqqa ko‘chiruvchi

Nigora ABDUG‘ANIYEVA,

Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabining 8-sinf o‘quvchisi