July 15

VATANNI TOPIBSAN, QIZIM…

«Men nechun sevaman O‘zbekistonni?!» tanloviga

Men Buxoroda yashayman. Bu oddiy shahar emas. Har bir ko‘chasida tarix nafas oladi. Har bir g‘ishtida ajdodlarimizning izi bor. Qadimiy obidalar yonidan o‘tayotib, ularni bunyod etgan bobolarimizning zakovati haqida o‘ylayman. «Agar ular shunday buyuk meros qoldirgan bo‘lsa, men ham Vatanim uchun nima qila olaman?», degan savol meni har kuni olg‘a chorlaydi.

Bugungi O‘zbekiston biz – bolalar uchun ulkan orzular mamlakatiga aylanmoqda. Prezidentimiz bizga ishonmoqda. Maktablar yangilanmoqda, kutubxonalar boyimoqda, zamonaviy laboratoriyalar qurilmoqda, sport maydonlari bunyod etilmoqda. Fan, san’at, sport va texnologiya sohalarida biz uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Endi o‘zbek bolasi faqat katta orzu qilishni emas, o‘sha orzusiga erishishni ham o‘rganmoqda.

– Qizim, Vatan nima?

Otamning bu savoli hanuzgacha qulog‘im ostida jaranglaydi. O‘shanda men juda kichkina edim. «Vatan bu O‘zbekiston!», deb javob berganman, xolos.

Otam jilmaydi.

– Yo‘q, qizim. O‘zbekistonni xaritada ko‘rsatish oson. Lekin Vatanni yurakdan his qilish juda muhim. Bir kun kelib sen bunga o‘zing javob topasan…

Oradan yillar o‘tdi.

Bugun men O‘zbekiston bolalar tashkilotining Buxoro viloyati, Qizlar akademiyasi yo‘nalishi sardori sifatida tengdoshlarim bilan ishlayotganimda, otamning o‘sha gaplarini tobora chuqurroq anglay boshladim.

Men O‘zbekistonni faqat buguni uchun emas, ertasi uchun ham sevaman. Bizning qo‘limizda kitob, qalbimizda orzu, yuragimizda esa Vatan bor.

Bir gal maktabimizga urush va mehnat faxriysi kelgandi. U kishining qo‘llari titrar, sochlari oppoq edi. Lekin ovozlari juda dadil chiqardi.

Bir gal maktabimizga urush va mehnat faxriysi kelgandi. U kishining qo‘llari titrar, sochlari oppoq edi. Lekin ovozlari juda dadil chiqardi.

Shu so‘zlarni eshitib, qo‘limdagi kitobga mehr ila qaradim. Ilm ham Vatanga xizmat qilishning eng buyuk yo‘li ekan. Mening O‘zbekistonim bu faqat xaritadagi hudud emas. U mening bolaligim. Mening kulgim. Birinchi ustozim. Maktabim. Bayrog‘im. Madhiyam. Ona tilim. Mehribon ota-onam. Bobolarimning duosi. Do‘stlarimning samimiyligi. Kelajagimning eng yorqin manzili. Bir kuni otam yana menga savol berdi.

– Endi ayt-chi, qizim. Vatan nima ekan?

Bu safar uzoq o‘ylanmadim.

– Vatan – onamning duosi otamning ishonchi, bobomning hikmatlari-yu, ustozimning sabog‘i ekan. Eng asosiysi, Vatan – mening zimmamdagi mas’uliyat ekan.

Otamning ko‘zlari namlandi.

– Mana endi sen Vatanni topibsan, qizim…

Qayerga bormay, qanday yutuqlarga erishmay, qalbimning eng yorug‘ burchagida bitta muqaddas so‘z yashaydi: O‘zbekiston!

Xurshida KAMALOVA,

Buxoro shahridagi 2-umumta’lim maktabi o‘quvchisi