January 18

JONIVORLARDAN QO‘RQMANG, FARZANDLAR!

Bolalik kunlarimda...

Xalqimizning sevimli adibi, «Boburiynoma», «Yaldo kechasi» kabi muhtasham romanlar, «Saodat sohili», «Yozning yolg‘iz yodgori», «Ko‘ngul ozodadur» singari ajib qissalar va o‘nlab dilbar hikoyalar muallifi Xayriddin Sulton 1956-yilning 19-yanvarida Toshkent viloyatida tavallud topgan.

Ijodkor beg‘ubor bolalik damlari, so‘lim Parkent tumanidagi 42-maktabda kechgan o‘quvchilik yillarini hamisha sog‘inch bilan eslaydi. Bu sog‘inch va o‘zi tug‘ilib-o‘sgan yurt, tarbiya topgan go‘zal muhit, qishloqning ko‘ngli pok, samimiy insonlariga bo‘lgan mehr va ehtiromi yozuvchining ko‘plab asarlarida badiiy ifodasini topgan.

Xayriddin Sultonning bolalik xotiralari aks etgan maqolani taqdim etar ekanmiz, bu yil tabarruk 70 yoshini qarshilayotgan ardoqli adibimizni chin yurakdan qutlab, tahririyatimiz va gazetamizning ko‘psonli muxlislari nomidan mustahkam sog‘lik, uzoq umr va yangi-yangi ijodiy quvonchlar tilaymiz.

Xayriddin Sulton

– Tailandda, Andaman dengizi sohilida qishki ta’tilda edik. Yonimizdagi kottejchada yashayotgan qiz nabiralarimiz vahima bilan eshikni taqillatib, bizning xonamizga yugurib kelishdi. Hammasining rangi-quti o‘chgan, ko‘zlari olazarak. Surishtirsak, ularning xonasida kichkina bir chigirtka ko‘rinibdi, shunga qo‘rqib, bu yoqqa chopib kelishibdi. Noiloj, mehmonxona xizmatchisiga qo‘ng‘iroq qildik. Kelib u yoq-bu yoqni qaragan bo‘ldi, chigirtka o‘lgur topilmadi – kutib o‘tirarmidi, derazadan sakrab ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan-da!..

Qizchalarga bu hasharot, umuman, yon-atrofdagi qurt-qumursqa, qo‘ng‘iz, kaltakesak, kapalaklar, dengiz sohilidagi chuvalchang, qirqoyoq, qisqichbaqa, meduza va hokazo jonivorlar beozor, yuvosh maxluq ekanini, ularga tegilmasa, ular ham odamga tegmasligini qayta-qayta tushuntirib charchadim. Oddiy beshiktebratar yoki qo‘ng‘iz ko‘rib qolishsa ham o‘takasi yorilib, bir gaz sapchib tushishadi. Tabiatdan mosuvo bo‘lib o‘sgan, sivilizatsiya quliga aylanib qolgan naslning fojiasi bu.

Bir qarasang, hamma narsaga aqli yetadigan, kompyuter va mobil telefon, internetning cheksiz imkoniyatlarini puxta o‘zlashtirgan, rus, ingliz tillarida bulbul kabi sayrab, dunyoning istalgan o‘lkasida – otel va aeroportlar, poyezd-u paroxodlarda bemalol yo‘lini topib yuradigan vunderkind bolalar. Lekin qurbaqa yoki o‘rgimchakni ko‘rsa, nima qilishini bilmasdan, shaytonlab qoladigan ojiz zuryodlar!

Ishqilib, bularning baxtiga hayot doimo shunday davom etsin-da. Xudo ko‘rsatmasin, agar birdaniga sivilizatsiya yo‘q biron joyga tushib qolsa, bilmadim nima qiladi bu sho‘rlik avlod vakillari. Gaz plitasiz ovqat pishirish, «Tefal»siz choy qaynatishni, uyali telefonsiz yashashni bu boyaqishlar hatto tasavvur ham qilolmaydi. Sutni sigir emas, «Nestle» korxonasi berishiga chippa-chin ishonadi. Tag‘in ham bizning nabiralar nisbatan tabiatga yaqin muhitda o‘sib-ulg‘aymoqda: «dom»da emas, hovlida turamiz, yoz mavsumini Parkentdagi chorbog‘da o‘tkazamiz, lekin shunga qaramasdan, bular tabiiy makonda yashash ko‘nikmasidan mosuvo odamlar bo‘lib voyaga yetmoqda. Nima ham derdik, har bir avlodning o‘z davri va zamoni, shunga qarab o‘z hayot tarzi bo‘lar ekan-da…

Beixtiyor bolaligim, yoshligimni eslab ketaman. Otam rahmatli oddiy dehqon bo‘lib, tumandan ancha olisda joylashgan dalalarga ekin ekib, ro‘zg‘or tebratar edi. Bunday kasb-korning nomi «gektarchilik» deyilardi. Ya’ni, dehqon kolxoz (jamoa xo‘jaligi) bilan bitim tuzib, bir-ikki gektar yerni ijaraga olib, shartnomada belgilangan qovun-tarvuzmi, kartoshka-piyozmi ekar, erta ko‘klamdan boshlab kech kuzga qadar oilasi, bola-chaqasi bilan tinimsiz, mashaqqatli mehnat qilar, mavsum oxirida rejadagi hosilni kolxozga yig‘ib-terib topshirar va undan nimadir ortib qoladigan bo‘lsa, o‘sha ozgina mahsulotni uyiga olib keta olardi. Afsuski, hosilning eng sara va asosiy qismi davlatga topshirilgani uchun gektarchi sho‘rlikka qishda ochdan o‘lmaslikka yetadigan arzimas bir ulush tegar edi. Bechoralar shunga ham shukur qilib, yanagi yili hammasini tag‘in qaytadan boshlardi. Chunki boshqa tirikchilik, daromad manbaining o‘zi yo‘q edi qishloqlarda…

Men 1963-yili Parkentda Hamid Olimjon nomidagi 42-maktabning 1-sinfiga o‘qishga borganman. Shu yetti yashar – esimni tanigan paytimdan boshlab ota-onam, aka-uka, opa-singillarim bilan bepoyon dalalarda qora terga botib mehnat qilganman. Oh, u o‘tgan kunlarning g‘urbati… Qul bo‘lib ishlagan, qul bo‘lib yashagan o‘zbek oilasining chekkan azob-uqubati…

Sovet inqilobchi shoirlaridan biri yozganidek, bu metin irodali odamlardan «mix yasalganida bormi, dunyoda bundan ham mustahkam mix bo‘lmas edi». Lekin «dohiy» Stalinga ko‘p ma’qul kelgan «mix» timsoliga aylantiramiz, deb, qancha-qancha insonning hayoti xarob etilgani – haqiqat! Bu og‘ir qismat haqida keyinchalik «Tarjimayi hol» va «Bir dollarlik hikoya» kabi bitiklarda, ozmi-ko‘pmi, so‘z yuritganman. Agar bu kechmishlarni batafsil yozadigan bo‘lsam, «Ming bir kecha» bo‘lishi, shubhasiz.

5-sinfda o‘qiyotganimda Qizilsuv degan dalaga qovun-tarvuz ekdik. Hosil yaxshi bo‘lib, «plan»dan anchagina ortib qoldi. Endi uni sotish kerak. Kutilmaganda otamning eski kasali xuruj qilib, oshqozoni og‘rib qoldi. Parkentga borib yuk mashinasi topib kelish zimmamga tushdi. Yigirma chaqirimcha masofani kimsasiz dala orqali piyoda bosib, qishloqqa keldim. Yo‘llarda zaharli qoraqurt, ilon-chayonlar chaqib olsa-chi, yoki yosh bola oftob urib, yiqilib qolsa-chi, degan fikr hech kimning xayoliga kelmadi. Nega deganda, o‘n yashar bolaga u vaqtlar «ho‘kizday yigit» deb qaralar va barcha o‘zbek qishloqlaridagi oddiy bir hol, yashash uchun kurashning shunchaki bir ko‘rinishi edi, xolos.

Xullasi kalom, guzarga borib, yonboshiga shaxmat surati tushirilgan yuk mashinasini topdim. Shofyori o‘ris ekan, u bilan Chirchiqning bozoriga bir mashina tarvuzni eltib berishni o‘n rublga gaplashdim va kabinaga o‘tirib, chaylamizga boshlab bordim. Poliz chetiga to‘plab qo‘yilgan tarvuzni mashinaga ortib, kasal otam bilan birga Chirchiqqa jo‘nadik. Shahar bozoriga kelib qarasak, bo‘sh yer yo‘q, tarvuzni bir chekkaga amallab tushirdik. Kechasi yuk boshida, daladan olib kelgan ko‘rpachamizni qoq beton ustiga to‘shab tong ottirdik.

Tushgacha savdo qildik, ammo tushumning tayini bo‘lmadi, chunki joyimiz chekkada, xaridor kelmas edi. Bir mahal qarasam, qovun-tarvuz bozori o‘rtasida bir joy bo‘shabdi, darrov o‘rin-ko‘rpamiz va ikki-uchta tarvuzni oborib qo‘yib, u yerni band qildim. Keyin bozor farroshidan to‘rt g‘ildirakli aravachasini ikki soatga to‘rtta tarvuz evaziga baylashib, yukimizni yangi joyga tashib oldim. Otamning oshqozoni hamon og‘rir, hamma ishni bir o‘zim qilishimga to‘g‘ri keldi. Padari buzrukvorim umr bo‘yi shu voqeani aytib yurdilar. Lekin buning sira maqtanadigan yeri yo‘q edi. Nega deganda, u vaqtda bu kabi va bundan ham og‘ir ishlarni men tengi har qanday o‘smir bemalol bajarar va u hech kimni hayron qoldirmas edi...

Yoz, g‘allaga o‘roq tushgan kezlar. Qizilsuvdan o‘n chaqirimcha uzoqda joylashgan Qoraqalpoq qishlog‘iga poy-u piyoda bordim (Bu yerda qoraqalpoq millati yashamaydi, nomi shunaqa, xolos. Tubjoy aholisi asosan, o‘zbek, tojik, o‘ris, tatar-u koreyslardan iborat bir sovxoz – davlat xo‘jaligi edi). Eshagimni minib borsam bo‘lardi, ammo qaytishda ot qo‘shilgan tirma (volokushka) haydab kelishim kerak edi, eshagim qolib ketardi. Qoraqalpoqda onamning egachisi – Zo‘raxon xolam turardi, eri Po‘latxo‘ja pochcham shu xo‘jalikda partkom kotibimi yo kasaba uyushma raisimi – xullas, boshiga shlyapa kiyib yuradigan amaldor edi. Shu kishini qora tortib, ota-onamning salomi va iltimosini olib kelgan edim: pochcham sovxozdan bitta tirmani ikki-uch kunga gaplashib bersa, men uni Qizilsuvga olib borib, g‘alladan bo‘shagan maydonlarda to‘kilib-sochilib qolgan poxol-poyalarni to‘plashim, keyin uni yanchib-maydalab, somonga aylantirib, mol-holimiz uchun qishki ozuqa sifatida Parkentga olib ketishim kerak edi…

Rahmatli pochcham uzuqyuluq arzimni eshitib, bir varaq qog‘ozga nimanidir yozdi-da, «Eshon (u kishi nima uchundir barcha jiyan-qaynilarini shunday deb atardi), mana buni sovxozning garajiga – Stepan akaga oborib berasiz, bitta tirma beradi», dedi. Bordim. Stepan amaki xuddi Stalinga o‘xshab mo‘ylov qo‘ygan, nosrang kitel va furajka kiygan odam ekan, indamasdan, olachipor ot qo‘shilgan tirmani opchiqib berdi.

Qizilsuvga qarab jo‘nadim. Jazirama issiq, chigirtkalar chirillab yotgan qabriston yonidan o‘tib, past-baland adirlarga qarab o‘rlab ketgan yo‘ldan o‘tib boryapman. Umrimda birinchi marta bu tirma degan matohga minishim. Uni sizlarga, ayniqsa, hozirgi «zed avlod» vakillariga qanday tushuntirib bersam ekan? Qisqasi, tirma xuddi aravaga o‘xshagan bir narsa bo‘lib, otga bo‘yincha bilan qo‘shiladi, velosipedning egari singari temirdan ishlangan o‘rindig‘i bor. Qo‘qon aravaning g‘ildiragidek ikki katta temir g‘ildirak orqasiga uzun-uzun, egri temir sixlar o‘rnatilgan (xaskashning tishlari kabi). Haydovchining o‘rindig‘i yonida temir dastak bor, bir ko‘tarsangiz – tirmaning sixlari yerga tegib, poxol-poyalarni yig‘ib keta boshlaydi. Uning «changal»i to‘lganidan keyin dastakni tortsangiz, yig‘ilgan poxol-poyalar uzunchoq shaklda to‘planib yerga tushadi.

G‘allazorning yerlari notekis, past-baland, tik va qiya. Ot ozgina nojo‘ya harakat qilsa, tirma-pirma bilan ag‘darilib, «six»larga ilinib, shikastlanish yoki nobud bo‘lish, hech gap emas. Uch kun tinimsiz haydadim bu tirma degan daxmazani. Chipor ot jonivor ham obdon chidab berdi. Lekin bu bola bechora tirmadan ag‘anab tushsa yoki ot sudrab ketib qolsa nima bo‘ladi, degan o‘y aslo birovning xayoliga kelgan emas. Chunki men «ho‘kizday yigit» edim-da!

To‘rtinchi kuni yana kimsasiz dala yo‘llaridan, vahimali qabriston yonidan o‘tib, tirmani sovxozga eltib berdim. Stepan amaki va pochchamga rahmat aytib, Qizilsuvga tag‘in piyoda qaytib keldim.

Mendan ikki yosh katta opam bilan yig‘ilgan somonpoyani tol novdasidan yasalgan, eshak qo‘shilgan yog‘och chanaga ortib, besh joyga xirmon qilib to‘pladik. Bungayam ikki kun ketdi. Ota-onam bu vaqtda ekin parvarishi bilan qattiq band, tabiiyki, achinsa ham bizga qarasha olmas edi. Somonpoyani yig‘ib bo‘lganimizdan keyin opam chaylaga, uydagilarga yordam bergani qaytib ketdi. Men esa shox-shabbalardan val (ey Xudoyim, endi bunisini qanday tushuntirsam ekan-a? Xullas, «val» degani – g‘alla, somon yanchish uchun ishlatiladigan moslama; eshak, ot yoki ho‘kizga qo‘shiladi) yasab, somon yanchishga kirishdim. Yoz chillasi, quyosh tirik jonni kuydirib tashlashga qasd qilgandek. Boshimni oq qiyiq bilan tang‘ib olgancha, eni ikki bo‘yra keladigan maydonchada eshakka xala bosib, «val» haydayman. Har ikki-uch soatda ishni to‘xtatib, maydalanmagan poyalar yuzaga chiqib, yanchilishi uchun panjshoxa – ayri bilan xirmonni ag‘darish kerak.

Uch kun beto‘xtov poxol yanchib, besh mashina somon tayyorladim. Daladan bir qadam nari jilganim yo‘q. Opam kechqurun non-choy, ovqat tashlab ketardi. Tun bo‘yi somonni qo‘riqlab chiqaman, chunki kechasi noma’lum mashinalar yuradi, ne azobda to‘plagan somonimni o‘g‘irlab ketishi mumkin.

Qorong‘i tushgach, eshagimni xirmon yoniga bog‘lab, val ustiga chayladan opkelgan ko‘rpachamni solib yotaman. Qoraqurt, chayon, qo‘ng‘izlardan, ilondan himoyalanish uchun yon-atrofimni jun arqon bilan o‘rab qo‘yaman. Bir vaqtlar rus yozuvchisi Leonid Solovyovning «Nasriddinning sarguzashtlari» degan kitobida shu haqda o‘qigan edim. Ya’ni, gazandalar jun arqon ustidan oshib o‘tolmas ekan. Ammo azbaroyi qattiq charchaganimdan, zaharli hasharotlar haqida o‘ylashga ham holim bo‘lmasdi – boshim yostiqqa tegishi bilan o‘likdek dong qotib uxlab qolardim.

Shoir bobomning ruhi meni kechirsin, ammo u kishining so‘zlarini yoshlik chog‘imga mengzab aytadigan bo‘lsam:

Oh, u yillarning sargardonligi,

Qo‘rqinch tush kabi

Xayol ko‘zgusidan o‘chmaydi sira.

Men odam edim-ku,

Inson farzandi...

Bunday mashaqqatli kunlar haqida yana o‘nlab hikoyalar naql qilishim mumkin. Ammo shu yozilganlarning o‘zi ham yetarli deb hisoblayman. Faqat bir narsani aytmoqchiman: xavf-u xatar va vahimaga to‘la yovvoyi tabiat qo‘ynida yashagan o‘sha yillarimda, Xudoning rahmi kelibmi, gazanda-yu darrandalardan menga hech qanday ziyon-zahmat yetmadi. Dala-dasht, qiyinchilik, hayot sinovlari meni tobladi. Irodamni chiniqtirdi. Hayvonlardan ko‘rmagan yomonligimni esa keyinchalik, ming afsuski, odamlardan ko‘rdim. Shuning uchun, aziz nabiralarim, tabiatdan, jonivorlardan aslo qo‘rqmang, aksincha, ularni seving, asrab-avaylang, ardoqlang!

«Tong yulduzi» gazetasining 2026-yil 19-yanvar sonidan olindi.

Bizni kuzating: https://t.me/tongyulduz

https://www.facebook.com/share/14Uu52qydSG/