August 20

DUTORCHI QIZ OLAMI

O‘zining ohan­rabo tarona lari bi­lan xalqimiz qalbidan joy topgan mashhur san’atkor – O‘zbekiston xalq artisti, profes­sor Zamira SUYUNOVA sahifamiz mehmoni. Ijodkor G‘anijon Tosh­matov nomidagi «Dutorchi qizlar» ansambliga badiiy rahbarlik qilib kelmoqda. Zamira opa o‘zining bolalik xotiralari, ustozlari ha­qida bizga quyidagilarni so‘zlab berdi.

SERFARZAND OILA

– Bolalik davrim juda sermazmun o‘tgan, deb ayta olaman. Qashqadaryoning chekka qishlog‘idan poytaxtga kelib ta’lim olganmiz. Qishloq bilan shahar o‘rtasida sharoit, ta’lim, imkoniyat jihatidan tafovut bo‘lar ekan. Otamiz men va opamni Toshkentdagi nufuzli musiqa maktabiga olib kelgan. Qishlog‘imni xotirlarkanman, tog‘li hudud bo‘lgani uchun bahorda go‘zal manzarani kasb etardi. Go‘zalligiga ko‘zingiz to‘ymasdi. Sharoitimiz havas qilarli bo‘lmagan: hozirgidek televizor, telefon, hattoki elektr toklari ham o‘tmagan edi. Serfarzand oilamiz. Biz bolalarning kuni mehnat bilan o‘tardi. Har kimning o‘z vazifasi bor edi: bolalar mollarni dalaga olib chiqsa, qizlar supur-sidir, sut-qatiq tayyorlardi. Bo‘sh vaqtimizda dugonalar bilan turli o‘yinlar o‘ynardik. Glier nomidagi ixtisoslashtirilgan musiqa maktabida tahsilimiz murakkab, ya’ni umumta’lim maktablaridan boshqacharoq edi. Masalan, musiqa maktabiga birinchi sinfda o‘ttiz bola yig‘ilgan bo‘lsa, tugatayotganda o‘n beshta qolishi ham mumkin edi. Opam ikkimiz darslarga mas’uliyat bilan yondashib, yaxshi o‘qiganmiz.
Otam ta’lim olishimizga chuqur e’tibor berganlar. Kitob mutolaasidan tinmasdik. Elektor
bo‘lmagani uchun lampa chiroq yorug‘ida o‘qirdik.
Har bir farzand uchun ota-ona eng yaxshisi hisoblanadi. Men otamni «Qahramon ota» degim keladi. Chunki otam o‘qituvchilik qilib, kambag‘al, nochor oilalarning farzandini o‘qitib, savodli qilishga harakat qilgan. Onam uy bekasi bo‘lib, pishir-kuydir, chevarlik qilardi. Otamizdan ilm olish mas’uliyatini o‘rgangan bo‘lsak, onamizdan ro‘zg‘or tutish, uy bekasi mas’uliyatini o‘rgandik. Ota-onamning kamtar, kamsuqumlik fazilatlarini ham eslashim joiz. Oilada o‘n bir farzand bo‘lsak, bizdan tashqari otamning uka-singillari, onamning ukalari ham biz bilan birga yashagan. Farzandlari-yu uka-singillarning yashashi, tarbiyasi, mustaqil hayotga yo‘l olishi ota-onamning zimmasida edi.

USTOZ OTANGDAN ULUG‘

San’at yo‘lini tanlashimda otamning o‘rni beqiyos. Bizning davrimizda, sharq oilalarida qiz bola tugul, hatto o‘g‘il bolaning san’atkor bo‘lishini xohlashmagan. Ayniqsa, o‘zbek oilalarida ham bunga juda qattiq qarshilik qilishardi. Otam san’atga shinavanda inson edi. Qolaversa, Norguloy degan opam rubob chalib, qo‘shiq aytardi. Afsuski, 19 yoshida bevaqt olamdan o‘tgan. Shu opamdan yuqqanmi deyman, men ham qo‘shiqlar kuylar edim. Zulfiya opam bilan meni otam Toshkentga olib borgan. Bizning davrda ham ustozga hurmat yuqori edi. «Ustoz-shogird» an’analari azaldan mavjud. «Ustoz –otangdan ulug‘» degan maqol qoidadek o‘rnashib qolgan. Juda yaxshi ustozlarning qo‘lida ta’lim ko‘rdik. Yaqinda Glier maktabini tamomlaganimizning 50 yilligini nishonlash maqsadida sinfdoshlar yig‘ilib, qadrdon maktabimizga bordik, diydorlashib, o‘quvchilik damlarimizni eslab, ustozlarimizni xotirladik. Maktabdan so‘ng, hozirgi O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga o‘qishga kirdim. U yerda musiqa sir-asrorlarini o‘rganib,
bilimlarimizni chuqurlashtirdik.

G‘ANIJON AKAGA IZDOSHMIZ

Katta sahnaga qadam qo‘yishimda, san’at olamida o‘z o‘rnimga ega bo‘lishimda «Dutorchi qizlar» ansamblining o‘rni beqiyosdir. Mazkur ansambl hukumat qarori bilan 1978-yilning kuzida tashkil etilib, rahbarlik vazifasi O‘zbekiston xalq artisti G‘anijon Toshmatovga topshirildi. Ustozimiz o‘z vazifalarini sharaf bilan bajarganlar, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ansambl men uchun, boshqa qizlar uchun ham katta maktab vazifasini o‘tagan. 1984-yildan musiqa rahbari, 1994-yil – ustozimiz vafotlaridan so‘ng, badiiy rahbar lavozimiga tayinlandim. O‘sha yili «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist», 1999-yilda «O‘zbekiston xalq artisti» unvonlari bilan mukofotlandim. Bu esa ansambldagi faoliyatimning hosilidir.
Shu o‘rinda, ustozimiz G‘anijon akani eslashimiz joiz. G‘anijon Toshmatov har tomonlama yetuk san’atkor, mahoratli sozanda, kuchli bastakor, mohir so‘z ustasi bo‘lgan. O‘zbek san’atining rivojlanishida ustozning o‘rni beqiyos. U kishi bastalagan musiqalar asosida xushovoz hofizlarimiz go‘zal qo‘shiqlar kuylashgan. Ustozimiz musiqa bilimini berish bilan bir qatorda, hayot darsidan ham saboq bergan. Ba’zi paytda ichakuzdi hangomalar bilan barchani kuldirardi. Albatta, bunday insonlar asrda bir
bor dunyoga keladi. Shunday insonning qo‘lida tahsil olganimizdan biz
shogirdlar doimo faxrlanib yuramiz.Mening ijodimda allalar salmoqli o‘rin egallaydi. Abduhoshim Ismoilov, Bahrillo Lutfullayev kabi bastakorlar alla kuylarini bastalab bergan. Qolaversa, ustozim G‘anijon Toshmatov ham xalq allalarini o‘rgatgan. Botir Umidjonov bastalagan «Bobolaring ulug‘ siymo...» deb boshlanuvchi allam xor bilan ijro qilingan. Shuningdek, o‘zim ham bir necha allalarga kuy bastalab, ijro qilganman. «Beshiklari tilloli», «Baxtimga omon bo‘l», «Onalar kuylaganda» nomli allalar, shular jumlasidandir. Bolalikdan kitobga o‘ch bo‘lganmiz. U paytda hozirgidek telefon, kompyuter qurilmalari bo‘lmagan. Qishlog‘imizda elektr bo‘lmaganidan sham
yorug‘ida kitob mutolaa qilganimiz, bir kitobni qiziqqanimdan hatto tonggacha mutolaa qilib tugatganim, esimda. Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon kabi o‘zbek adabiyoti namoyandalari, jahon adabiyoti durdonalarini maroq bilan o‘qiganmiz. Agar biror asar uyimizdan topolmasak, maktab kutubxonasidan olib o‘qirdik. She’riy asarlarni ham ko‘p mutolaa qilaman. Eng yaxshi she’rlarga kuy bastalab, qo‘shiq yozaman. Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva, Sharifa Salimova, Farida Afro‘z, Halima Ahmedova, Farog‘at Xudoyqulova kabi shoiralarimiz ijodlari
asosida ko‘plab qo‘shiqlar yozdim. Bugungi kunda ishimiz juda ko‘pligi, davlat xizmatlari bois, mutolaaga vaqt ajrata olmayotganimizni ham tan olish kerak. Xizmatchilik, lekinvaqt topib kitob mutolaa qilganda inson o‘zini yengil his etadi. Shuning uchun ham «Tong yulduzi»ning aziz gazetxonlariga aytar so‘zim, mutolaa hamrohingiz bo‘lsin. Kitob – eng yaxshi do‘st!
Ziyodulla HAMIDULLAYEV suhbatlashdi.