YASHNOBODLIK BOKSCHILAR G‘ALABASI
«…Har bir inson, har bir otaonaning orzusi va niyati jismoniy va maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalashdir. Bunga esa jismoniy tarbiya va sportsiz erishib boʻlmaydi. Bir soʻz bilan aytganda, sport – sogʻlom xalq, sogʻlom jamiyatning tayanch ustunidir. Shu bilan birga, sport – bu avvalo, tinchlik elchisi, har bir davlat uchun milliy gʻurur manbai».
Prezident Shavkat Mirziyoyevning yaqinda boʻlib oʻtgan Olimpiya va paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan video selektor yigʻilishida soʻzlagan nutqidan.
Poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi 212-umumtaʼlim maktabida toʻrt yildirki, boks toʻgaragi faoliyat yuritib kelmoqda. Ayni damda 40 nafar sportchilarni jamlagan toʻga rakni sport ustasi, professio nal bokschi Hasan Yoʻldoshev boshqaradi.
Yosh bokschilarning qoʻlga kiritayotgan muvaffaqiyatlari talaygina. Yaqinda mamlakatimizda sportni rivojlantirish va boksni yuksaltirish maqsadida JAR sport markazida «Yoshlar – Vatan tayanchi» boks boʻyicha boʻlib oʻtgan musobaqada toʻgarak aʼzolari faol ishtirok etib, yuqori natijani qoʻlga kiritishdi. Jumladan, 212-umumtaʼlim maktabi 2-sinf oʻquvchisi Muhammad Yoʻldoshev 28 kg vaznda, 10-sinf oʻquvchisi Abdulboriy Nuraliyev 60 kg vaznda 1-oʻrinni zabt etdi. Tumandagi 215-umumta’lim maktabining 2-sinf oʻquvchisi Abdulloh Nazarov 30 kg, 206-umumta’lim maktabining 9-sinf oʻquvchisi Bekmurod Zubayrov 52 kg vazn toifasida mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritishdi.
Bokschilar hozirda mart oyida boʻlib oʻtadigan Toshkent shahar birinchiligi musobaqasiga tayyorgarlikni boshlab yuborishgan. Bu haqda nashrimizning keyingi sonlarida, albatta, xabar beramiz!