July 7

Yevropa va Osiyo davlatlarida bolalar kitoblarining nashr an’analari

Bolalar adabiyoti har bir jamiyatda muhim o‘ringa ega. Bolalik davri inson hayotidagi eng unutilmas davrlardan biri hisoblanadi va bu davrda o‘qilgan kitoblar nafaqat bolalarning bilimini oshiradi, balki ularning hissiy olamini, fikrlash tarzini va estetik dunyoqarashini shakllantiradi. Har bir mintaqaning bolalar adabiyotiga bo‘lgan yondashuvi o‘zining tarixiy, madaniy va ijtimoiy xususiyatlariga qarab shakllanadi. Ayniqsa, Yevropa va Osiyo mintaqalari bu borada juda boy tajribaga ega. Ushbu maqolada ,aynan, Yevropa va Osiyo mintaqalaridagi bolalar kitoblarining nashr an’analari haqida so’z boradi.

Yevropada bolalar adabiyotining shakllanishi va nashr madaniyati

Yevropada bolalar adabiyoti XVIII-XIX asrlarda shakllanib, asta-sekin mustaqil adabiy janr sifatida rivojlandi. Bu davrda yozilgan ertak va hikoyalar faqat ko‘ngilochar, balki axloqiy tarbiya, bilim berish va estetik didni rivojlantirishga qaratilgan edi. Masalan, o’sha davrlarda Aka-uka Grimmlarning ertaklari asosiy manba hisoblangan va hozirgi kunga qadar bolajonlar tomonidan sevib o’qiladi va ertaklari asosida suratga olingan mutfilmlari xalqimiz uchun qadrli bo’lishga ulgurgan. Bundan tashqari, Sharl Peroning Fransiyada yozgan ertaklari – masalan, "Qizil qalpoqcha", "Mushukli etik" – hali-hanuz dunyo miqyosida mashhur, Lyuis Kerrollning “Alisaning mo‘jizalar mamlakatidagi sarguzashtlari” asari bolalar fantaziyasini rivojlantiruvchi eng nodir asarlardan biri hisoblanadi.

Hozirgi kunda Yevropa nashriyotlari bolalar uchun nashr etilayotgan kitoblarini matn bilan birga illustratsiya, rasm va turli grafikalar orqali boyitmoqda, bu esa bolalar dunyoqarashi, tasavvurini yanada rivojlantirishga yordam beradi. Shu bilan birga, AR, VR hamda audiokitoblar orqali bolalar adabiyotini yanada qiziqarli qilishga harakat qilmoqda. Bu esa istalgan joyda va vaqtda bolalar uchun yozilgan asarlar bilan tanishish imkonini beradi. Hozirgi kunda bolalar adabiyotini rivojlantirish maqsadida dunyo bo’ylab ko’plab yarmarkalar tashkil etilmoqda. Bunga misol qilib, Boloniya bolalar kitob yarmarkasini (Bologna Children’s Book Fair) keltirsak bo’ladi. Yevropa bolalar adabiyotida kitob dizayni minimalizm uslubida yaratilgan, hech qanday ortiqcha detallardan foydalanilmagan, hozirgi kunda ham aynan shu uslub asosida bolalar adabiyotlari nashr qilinmoqda.

Osiyo mamlakatlari esa o‘zining boy madaniyati, urf-odatlari va diniy qadriyatlari bilan mashhur. Bu jihatlar bolalar adabiyotiga ham chuqur kirib kelgan. Har bir mamlakatning bolalar adabiyotida o‘ziga xos yondashuvi mavjud. Misol uchun, Yaponiyada Kamishibay nomli sahnaviy ertak aytish uslubi mavjuda bo’lib, ertak mazmunini matnlar emas, turli xil rasmlar orqali tushish mumkin. Ya’ni bu turdagi kitoblarda matnlar o’rniga rasmlardan foydalaniladi. Hozirgi kunda bu usul, raqamli formatda qayta ishlab chiqilib, interaktiv bolalar kitoblari ko‘rinishida tarqatilmoqda. Xitoyda ota-onaga hurmat, halollik, mehnatsevarlik kabi qadriyatlar bolalar adabiyoting asosiy mavzulardan hisoblanadi. Konfutsiy ta’limoti asosida yozilgan axloqiy saboqlar bunga yorqin misol bo’la oladi.

Hindistonda ham bolalar adabiyotga katta e’tibor berilgan. Mahabharata va Ramayana kabi diniy eposlar asosiy manba bo’lib xizmat qilgan. Hozirgi kunda kitoblar ko‘pincha multfilmga asoslangan shakllarda, jozibali rasm va sarlavhalar bilan chiqariladi.

O‘zbekistonda esa bolalar adabiyoti asosini xalq og‘zaki ijodi – masallar, afsonalar, ertaklar tashkil etadi. “Alpomish”, “Kuntug’mish” , “ Ravshan” hamda “Go’ro’g’lining tug’ilish” dostonlari bolalar adabiyotining takrorlanmas va milliy an’analarga boy merosi hisoblanadi. So‘nggi yillarda yangi avlod mualliflari bolalar uchun zamonaviy tilda yozilgan, qiziqarli va tarbiyaviy asarlar, illustratsion hamda audio shaklida kitoblar yaratmoqda.

Yevropa va Osiyo mamlakatlarida bolalar adabiyoti turli xil shaklda rivojlangan bo‘lsa-da, har ikkisi ham bolalarning barkamol rivojlanishiga xizmat qilmoqda. Yevropa nashriyotlari ilmiylik va texnologik rivojlanishga, minimalizmga urg‘u bersa, Osiyo mamlakatlari bolalarning axloqiy va milliy tarbiyasiga, vatanni sevishga, ota-onani hurmat qilib, ardoqlashga ko‘proq e’tibor qaratadi. Shu bois, har ikki mintaqadagi yondashuvlarni birlashtirish orqali bolalar uchun yanada boy, qiziqarli va foydali adabiyot yaratish hamda bolalar adabiyotini yanada rivojlantirish mumkin.

Aziza Xayriddinova

ToshDO‘TAU talabasi