February 24

YOSHLARNI GAZETA O‘QISHGA QAYTARSAK...

Kuni kecha Davlatimiz rahbari mamlakatimizning faol yoshlari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Unda ishtirok etgan «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi qoshidagi yoshlar qanoti faol aʼzosi Muhammad Ali Roʻziboyev oʻzining takliflari bilan boʻlishdi.

– Muhammad Ali, ushbu yigʻilish yoshlar uchun qanday yangi imkoniyatlar yaratdi?

– Prezidentimiz yoshlar tadbirkorligida mutlaq yangi davrni boshlab beradigan 3 ta katta imkoniyatni eʼlon qildi. Birinchi hujjatga muvofiq, Yoshlar ishlari agentligi huzurida yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilgan boʻlsa, ikkinchi Qaror bilan oliygoh bitiruvchilari bandligini taʼminlash boʻyicha yangi tizim yaratilayotgani hamda «Aloqabank» yoshlarning biznes loyihalarini qoʻllab-quvvatlovchi tayanch yoshlar bankiga aylantiriladi.

Davlatimiz rahbari asosan, Yoshlar tadbir‑ korligi, servis sohasi, kreativ iqtisodiyot sohasi, xorijiy tillarga oʻqitish, IT sohalariga e’tibor qaratdilar, shuningdek, Energetika, transport, urbanizatsiya, zamonaviy arxitektura, tibbiyot yoʻnalishlarida «El-yurt umidi» Jamgʻarmasi kvotalari koʻpaytirilishi aytildi va STEM fanlariga ham urgʻu berildi. Bugungi kunda fizika, matematika, kimyo, biologiya, texnologiya va muhandislik fanlarining ahamiyati tobora ortmoqda. Olmazor tumanida 10 ta maktabda muhandislik laboratoriyalari tashkil qilingan.

Bugun ushbu laboratoriyada ikki ming oʻquvchi robototexnika va ilgʻor texnologiyalarni oʻrganmoqda. Barcha tumanlarning hokimlariga bu tajribani oʻrganib ommalashtirish, oʻz hududida 5 tadan maktabni shunday laboratoriyalar bilan jihozlash topshirildi.

– Yoshlar faoli sifatida qanday taklifni ilgari surmoqchisiz? Qanday loyihalaringiz bor?

– Men bir taklifni berib oʻtmoqchi edim, bila‑mizki, muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan «Yosh kitobxon» Respublika koʻrik-tanlovi tashkil qilindi va bu koʻrik-tanlov bir qancha kitobxon yoshlarni, kitobxon oilalarni chinakam jamiyatimizning ziyolilari qahramonlarini kashf eta oldi. Aytmoqchimanki, Yurtboshimiz avtomashina berib boʻlsa ham farzandlarimga kitob oʻqittiraman, degan edilar, xuddi shunday boʻldi ham. Mening taklifim, xuddi shunday bir tanlov tashkil etib, jamiyatimizni gazeta va jurnal oʻqishga ham qaytarsak. «Yosh kitobxon»ga oʻxshagan «Yosh gazetxon» tanlovini ham tashkil etib, bolalarni, umuman, jamiyatimizni gazeta oʻqishga qaytarsak, ulkan ishni amalga oshirgan boʻlamiz!

Men yuqoridagi loyiha Nizomini qanday tartibda oʻtkazilishini tuzyapman va bu loyihani amalga oshirish uchun Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston bolalar tashkiloti va mamlakatimizdagi eng nufuzli nashrlar bilan hamkorlik qilishimiz kerak boʻladi. Agar bir yoqadan bosh chiqarib hamohang boʻlib ishlasak, katta marralarga erishamiz.

Aziz oʻquvchi! Gazeta mutolaa qiladigan tengdoshim! Siz jamiyatimizning ziyolilarisiz! Prezidentimizning biz yoshlarga bildirgan ishonchini oqlaylik! Hamisha baxt va omad sizning ortingizdan quvib yursin!

Mohinoz NABIYEVA,

Buxoro viloyati, Romitan tumanidagi 1-politexnikumi ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi