February 17

YUNUS RAJABIY UY-MUZEYIDA...  

Yunus Rajabiy uy-muzeyiga sayohat qildik. Ostona hatlar ekanmiz, avvalo, eshikdan tashqarida Yunus Rajabiyning qoʻlida tanbur ushlab turgan haykaliga koʻzimiz tushdi. Bizni Rajabiy bobomizning farzandi Hasan Rajabiy xush kutib oldilar, torgina dahlizdan yurib, shundoqqina oʻng tarafda joylashgan hujraga kirdik.

Moʻjaz xonada musiqani tiriltirgan, buyuk bulbuligoʻyolarning sultoni boʻlmish Rajabiy bobomiz yashab ijod qilgan xonalari boʻlgan ekan. Biz u yerda bir nechta qadimiy hamda Rajabiy bobomizga hayotlik chogʻlarida qadrli boʻlgan cholgʻu anjomlari bilan tanishdik va shu tariqa barcha xonalarni birma-bir koʻrib chiqishni boshladik. Keyingi xonalarni birida faqat musiqa anjomlarining kolleksiyasini koʻrdik: u yerda Hindiston-u Afgʻonistondan keltirilgan qadimda mashhur boʻlgan anjomlarni uchratishingiz mumkin, yana bir xonada esa oʻzbek musiqa sanʼatiga hissa qoʻshgan barcha sozandalarning fotoalbomlarini koʻrdik.

Oʻzbekiston xalq artisti, bastakor, xonanda va sozanda, akademik Yunus Rajabiy serqirra ijodiy faoliyati bilan oʻzbek milliy musiqasi tarixida oʻchmas iz qoldirgan. U xonandalik va bastakorlikdagi mehnati bilan oʻzbek musiqasida kuy va qoʻshiqlar, raqs kuylari, xor asarlarini yozgan. Oʻzbek sanʼatida hali notalar yozuvi mavjud boʻlmagan bir davrda xalq qoʻshiqlari va navolarini notaga kiritish hamda bastalash orqali ularni yoʻqolib ketish xavfidan saqlab qolgan.

Yunus Rajabiy uy-muzeyi 1997-yilda bastakorning oʻgʻli Hasan Rajabiy tomonidan tashkil etilgan. Muzey Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan. Hozirda ushbu koʻchaga hofiz nomi berilgan. Yunus Rajabiy 1956-yildan to 1976-yilga qadar, yaʼni umrining oxirgi 20 yilini aynan shu manzilda oʻtkazgan.

– Ilgari bu yer «Ipakchilar mahallasi» deb atalgan, – deydi hofizning oʻgʻli Hasan Rajabiy. – Hozirda mahallamiz «Yunus Rajabiy» nomida. Eski hovlida oʻn ikkita farzand voyaga yetayotganligini eshitgan rahmatli Sharof Rashidov «Bu yerda siqilishib qolibsizlar-ku, endi kattaroq joyga koʻchishlaringiz kerak», deya otamga mana shu hovlini bergan ekan. Bu yerda ham otamning eng sara musiqiy asarlari dunyo yuzini koʻrdi. Bu uy qanchadan qancha buyuk zotlar va uzoq-yaqindan kelgan mehmonlarning tashrifiga guvoh boʻlmadi deysiz. Uyimiz har doim odamlar bilan gavjum boʻlardi. Shogirdlari va sanʼatkorlar otamni teztez yoʻqlab turishardi. Umrining oxirigacha doim yonida boʻlishga harakat qildim. Hozir ham men uchun otam hayotdek, biz bilan hamnafas boʻlib yashayotgandek tuyulaveradi, ovozi qulogʻim ostida jaranglaydi.

Muzeyda 6700 ga yaqin eksponat saqlanadi. Yunus Rajabiy oʻzi chalgan nay hamda pianino, Yunus Rajabiy yozgan 12 jildli kitob qoʻlyozmalari, 5 jildi musiqamiz «Xamsa»si hisoblanmish «Oʻzbek xalq musiqasi», 6 jildi «Shashmaqom», «Musiqa merosimizga bir nazar» nomli musiqiy risolasi, kiyim-boshlari, konsert kiyimlari, oʻzbek xalq cholgʻu sozlari kolleksiyasi, oʻz oilasi, ustozlari, shogirdlari va safdoshlarining moyboʻyoqda ishlangan portretlari, fotosuratlari uy-muzeyining noyob eksponatlari hisoblanadi. Muzey zallarini ziyorat etilayotgan vaqtlarda sokin ohanglarda barhayot navolar – oʻzbek maqomlari yangrab turadi. Tomoshabinga bu emotsional taʼsir koʻrsatadi va u Yunus Rajabiy yashab ijod etgan davr ruhini his etadi.

Sayohatimiz davomida Hasan Rajabiy bizga Alisher Navoiy gʻazallaridan jonli kuylab berdi. Muzeyga sayohat musiqa ilmining buyuk dahosi Yunus Rajabiy hayoti, milliy musiqa sanʼatimiz tarixi bilan yaqindan tanishish va mumtoz maqom sehridan bahramand boʻlish imkonini beradi.

Sirojiddin NAJMIDDINOV,

Sanjarbek XOLJONOV,

O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabalari