February 13

«SO‘ZUMNI O‘QUB SOG‘INGASEN O‘ZUMNI»

ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR TAVALLUDINING 542 YILLIGIGA

Aziz bolajonlar! Siz shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijodi haqida ko‘p ma’lumotlarga egasiz. Adabiyot darslarida ustozingiz Bobur g‘azal, ruboiylarini yodlatgan. Tadbirlarda faol ishtirok etib, sahna ko‘rinishlari tayyorlagansiz. «Boburnoma»ni o‘qisangiz, dilbar shoirimizning yana ko‘plab fazilatlarini kashf etasiz. Boburning «Musiqa sirlari», «Qofiya» asarlari hozirgacha topilmagan. Lekin ona tomonidan bobosi Yunusxon rassom, adabiyotshunos, musiqachi ham bo‘lgani bizga ma’lum. Boburga bobosidan bu fazilatlar ham o‘tgan. Shu tariqa u musiqa, uning sirlaridan xabardor bo‘lgan. Vatandan uzoqda yashab, azob-uqubatlar qayg‘usini musiqa orqali yengishga harakat qilgan. Bobur yaratgan bog‘ ham bizga ma’lum.

1504–1505-yillarda u o‘zi bilan olib kelgan olvali ko‘chatlarini, Lamganatga esa shakarqamishni, Hindistonga turli xildagi yangi mevalar, uzumning turfa xillarini olib borib ektirgan. Ba’zilari haligacha saqlanib qolgan. Kobuldagi «Bog‘i Bobur» ish boshqaruvchisi Ahmadshoh Vardaq yozishicha, Kobul janubidagi Gozurgoh hududidagi Sher Darvoza adirliklarida joylashgan bog‘ dengiz sathidan 1816 metr balandlikda joylashgan. Uzunligi 450, kengligi 297 metr. Kobuldagi Bobur qurdirgan bog‘lar Bog‘i Vafo, Chahor bog‘i, Bog‘i Shahroro, Bog‘i Binafsha, Bog‘i Podshoyi, Bog‘i Chinor, Bog‘i Paymon deb nomlangan. Keyinchalik, bu bog‘ atrofi o‘ralib, Jahongirshoh Bobur qabri ustiga qabrtosh o‘rnattirgan. Shohjahon esa ko‘plab hovuzlar bilan birga marmar masjid ham qurdirgan. Afsuski, Boburiylar davridan keyin bu bog‘lar vayronaga aylangan. 2002–2008-yillar davomida bog‘ni qayta tiklash uchun olti million AQSH dollaridan ko‘proq mablag‘ sarflandi. Hozirda Bog‘i Boburda ko‘plab arg‘uvon daraxtlari o‘tqazilgan. Bobur qabri o‘zining vasiyatiga ko‘ra, Bog‘i Boburda ochiq osmon ostiga joylashtirilgan.

Bobur shunday yozgan:

Har vaqteki ko‘rgasen mening so‘zumni,

So‘zumni o‘qub sog‘ingasen o‘zumni...

Ha, biz bobomiz Zahiriddin Muhammad Boburning so‘zlarini, o‘zlarini sog‘inamiz. Mana, bolajonlar, Zahiriddin Muhammad Bobur haqida ancha qo‘shimcha ma’lumotlarga ega bo‘ldingiz. Yanada ko‘proq bilishni istasangiz «Boburnoma»ni va Bobur haqidagi kitoblarni, albatta, o‘qing!

Mahmuda VALIYEVA,

Jurnalistlar uyushmasi a’zosi

«Tong yulduzi» gazetasining 2025-yil 6-sonidan