June 23, 2020

Kasbim mening faxrim

Kasbim mening faxrim.
Buyuk yozuvchilardan biri shunday degan ekan:”Hayotda siz uchun eng sevimli bo’lgan kasbni tanlang va siz bir umr ishga bormaysiz”.
Agar kishi o’z sevgan kasbida ishlayotgan bo’lsa , u hech qachon har ertalab o’zini ishga ketayapman deb hisoblamaydi.O’z sevgan kasbi bilan shug’ullanish kishiga zavq, xursandchilik, shijoat , rag’bat hamda ma’naviy ozuqa beradi.O’zi yoqtirgan ishini qilayotgan kishi vaqt qanchalar tez o’tib ketganligini sezmay qoladi, u hech qachon bajarayotgan ishidan charchamaydi.Albatta bunda inson o’zi qiziqqan sohada ta’lim olib aynan ushbu sohada ishlashga harakat qilishi , o’z sevgan kasbida muvaffaqiyatga erishishga harakat qilishdan hech qachon to’xtamasligi lozim. Men ham maktabni tugatib o’z qiziqishim bo’lgani tufayli Angren Kimyo Sanoati kasb-hunar kollejiga o’qishga topshirdim. Va u yerda 3yil mobaynida ustozlarimdan kon, shaxta, undagi ish jarayoni haqida nazariy bilimlarni oldim, amaliyotlar davrida u yerda bo’ladigan jarayonlarni kuzatib , bilmaganlarimni u yerdagi mutaxassislardan so’rab o’rganib , o’zimga amaliy bilimlarni oldim va kollejni tugatib , shartnoma asosida “Olmaliq Kon-Metallurgiya Kombinati” ning Shaxta Qurilish boshqarmasiga ishga qabul qilindim. Agar ish joyingdagi hamkasblar yaxshi bo’lsa , ish jarayonida birdamlik va odil rahbar boshchiligidagi jamoada ishlasang ishing yanada unumli bo’lishini va unday joyga oz muddat ichida ko’nikib , o’rganib keta olish mumkinligini men shu yerga ishga kelib bildim. Shaxta Qurilish Boshqarmasining boshlig’i Abdullayev Z.A. U inson bizning ish jarayonimizni doimo kuzatib, nazoratda ushlab turuvchi adolatli rahbar. Bu yerga kelganimdan so’ng menga bu yerda amal qilishim kerak bo’lgan hayot xavfsizligi qoidalari , barcha yo’riqnomalarga amal qilgan holda ishlashim kerakligini uqtirgan inson Usmonov Sherzod hisoblanadi. U har kuni ishga borib “naryad’ vazifa olganimizdan so’ng barchaga xavsiz ish olib borishimizni ta’kidlashdan charchamaydi va barchaning ishga tayyor yoki tayyor emasligi, ish kiyimi va ish qurollari soz ekanligini tekshirib chiqadi. Bizning korxonada eng muhim qoida hayot xavfsizligi qoidalariga amal qilgan holda ishlashdir. Negaki kon ichidagi ish albatta og’ir va har daqiqada xavf paydo bo’lishi mumkin. Ishga kelganimdan so’ng menga nima ish qilishim kerakligini beminnat o’rgatgan , menga ustozlik qilgan inson O’razaliyev Abdug’afur akadir.U inson ancha yillik ish tajribasiga ega va ko’plab shogirdlarga yillar davomida o’z bilimlarini berib , bilmaganlarini o’rgatib keladi. U vaqti kelganda qattiqqo’l va vaqti kelganda judayam mehribon insondir.Birinchi bu yerga ishga kelganimda juda ham qattiq qo’rquv,hayajon va albatta ikkilanish bo’lgan “bu ishni eplay olar ekanmanmi ?” degan. Ana shu vaqtda menga Abdug’afur akaning sabr-qanoat, irodali bo’lish, katta yutuqlarga erishish uchun avval shunday kichik qiyinchiliklarda inson toblanib borishi haqidagi nasihatlari menga asqotdi. Agar ishda biror qiyinchilikka uchrasam ustozimning ushbu gaplari xayolimga keladi “Agar biror qiyinchilik yo muammoga to’g’ri kelib qolsang BUNDAN HAM YOMONI BO’LISHI MUMKIN EDI deb fikrla, shunda sendagi muammo juda kichik ma’noga ega bo’ladi va uni hal qilishda qiynalmaysan”. Shunday ustozim borligidan faxrlanaman. Ish jamoamiz ham juda ahil-inoq. To’g’ri har qanday joyga birinchi bo’lib ishga borilganda , uni yaxshi kutib oladiganlar ham , yomon kutib oladiganlar ham bo’larkan. Lekin inson ularga parvo qilmay o’ziga berilgan ma’suliyatni anglab, sidqidildan ishini bajarsa, shunda hamma sizga yaxshi nigoh bilan qaraydigan bo’larkan. Men ham ana shu qoidaga amal qildim va hozir barcha hamkasblar men uchun chin aka-ukadek bo’lib ketishdi. Ish joyimdagi hamkasblar yoshi har xil, yoshi ulug’lar ham, yoshlar ham bor. Biri hazilkash,biri jiddiy,biri mehribon,yana bir turlari esa juda ham jahldor. Ular xarakterlari jihatdan turlicha bo’lishlariga qaramay jamoamiz juda ahil , bir-birini qo’llab-quvvatlaydi va barchasi ma’suliyatini his qilib, ishini sidqidildan bajaradi. Endi ishim haqida fikrimni bildirsam.

Rostini aytganda birinchi ish kunimni doim o’ylasam ichimdan qandaydir hayajon o’tadi. Ishga keldim: begona joy, begona odamlar, begona muhit. Ustozlar bu yerda amal qilishim kerak bo’lgan hayot xavfsizligi qoidalari, ehtiyot bo’lib ishlashim kerakligi, hech qachon xushyorlikni yo’qotmasligim kerakligi, bu yerda kiyiladigan ish kiyimi va ish qurollari bilan tanishtirishdi. Shu bilan yer ostiga tushdik. U yerda eng avvalo sezganim namlik, havoning yetishmay borishi va zax edi. Pastga tushganimizdan so’ng ustozim u yerdagi asbob-uskunalarni ko’rsatdi, qanday ishlashi, vazifalarim nimadan iborat ekanligini tushuntirdi. Bizning vazifamiz yer ostidagi suvni tortib olish , albatta o’zining asbob-uskunalari ya’ni nasos yordamida. Biz suv tortib tashqariga chiqaradigan asbob-uskunalarga javobgar shaxsmiz, ya’ni uni ishga tushirishimiz, ishlash holatini nazoratda ushlashimiz , unda qandaydir nosozlik yuzaga kelsa darrov bartaraf etishimiz lozim. Ishimiz xoh kun bo’lsin , xoh tun bo’lsin bizdan xushyorlik va ehtiyotkorlikni talab etadi. Yuqorida keltirganimdek, soniya ichidagi loqaydlik butun korxonaning ish jarayonini to’xtatib qo’yishi mumkin. Ba’zilar uchun ishimiz juda osondek tuyilishi , bitta uskunaga qarab o’tirishni hech qanday qiyinchiligi yo’g’u deyishi mumkin. Lekin ishimiz yer ostidaligi, nam va zax ob-havoda ishlashning o’zi insondan katta sabr-matonat talab qiladi. Bu yerga ishga kelganimda bu yerga ishga ko’nika olmayman deb qo’rqardim. Chunki hali hayot qiyinchiliklarini ko’rmagan , maktab, kollejda o’qish bilan vaqtini o’tkazgan bunday yer ostidagi ish jarayoni, kasb ma’suliyati boshiga tushmagan yigit uchun boshqa muhitga tushib, u yerga ko’nikib ketish juda qiyin. To’g’ri bu kasbda ishlay boshlaganimga atigi 4 oy bo’ldi lekin ustozlarimning sa’y-harakatlari, onajonimning ishonchi va duolari , kasbimga bo’lgan muhabbat va qunt bilan o’rganish natijasida men o’z ishimga ko’nikdim, nafaqat ko’nikdim , balki bu kasbni tanlaganimga, shu ishim orqali xalqimizga oz bo’lsada nafim tegayotganidan faxrlandim, kasbimga bo’lgan mehrim oshdi, niyatlarim , maqsadlarim ko’paydi. . Qayerdadir eshitgandim “Inson biror narsani orzu qilsa, butun koinot insonni orzusiga yetkazish payida bo’larkan!”. Men endi shu soha bo’yicha Oliy Ta’lim Muassasasiga topshirib, kasbimning yetuk , tajribali xodimi bo’lishni , butun umrimni mening faxrim bo’lgan kasbim bilan o’tkazishni, ustozim Abdug’afur aka singari shogirdlarga yillar davomida o’rganib boradigan bilimlarimni o’rgatishni niyat qildim va albatta niyatimga yetaman!
Mannopov I.I.
Tab N° 0505
Shaxta qurilish boshqarmasi