September 6, 2023

Xotin-qizlarga taʼlim krediti foizsiz beriladi

Prezident qarori bilan 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab respublikadagi barcha xususiy, xorijiy va davlat oliy, o‘rta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shaklida xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt asosida tahsil olishi uchun imtiyozli shartlarda taʼlim kreditlari ajratiladi.

Bunda, tijorat banklari taʼlim kreditlarini Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida (2023-yil 6-sentabr holatida 14 foiz) ajratadi. Xotin-qizlarning taʼlim kreditlari foiz stavkalari Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tijorat banklariga qoplab beriladi.

Kredit oluvchining doimiy daromad manbayiga ega bo‘lgan oila aʼzolari va boshqa uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan taʼlim kreditlari uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi. Kreditning asosiy qismi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugaganidan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi.

Ushbu tartib tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktni va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik boshqa to‘lovlarni amalga oshirish uchun ajratiladigan taʼlim kreditlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Ta’lim kreditlari mazkur banklar tomonidan ajratiladi: “Mikrokreditbank”, “Asakabank”, “Agrobank”, “Xalq banki”, “Ipoteka-bank”, “Qishloq qurilish bank”, “Turonbank”, “Orient Finans bank”, “O‘zmilliybank”, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Hamkorbank”, “Aloqabank”.