Askarov Jaloliddin To‘ychiyevich — Ommaviy huquq fakulteti Akademik departament rahbarligiga nomzod
Askarov Jaloliddin Toʻychiyevich 1993-yilda Surxondaryo viloyati Termiz tumanida, ziyoli oilasida tugʻilgan. 2016-yilda Toshkent davlat yuridik universitetida Tadbirkorlik huquqiy faoliyat yoʻnalishida bakalavriat, 2018-yilda Biznes huquqi mutaxassisligi boʻyicha magistratura bosqichini tamomlagan. 2023-yilda “Tibbiy xizmat koʻrsatish sohasida tadbirkorlik faoliyatini huquqiy tartibga solish” mavzusida yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasini himoya qilgan. Mehnat faoliyati davomida davlat yuridik xizmatida yuristkonsult, TDYU Yuridik klinikasi rahbari, oʻqituvchi, katta oʻqituvchi hamda Biznes huquqi kafedrasi mudiri oʻrinbosari lavozimlarida ishlagan. Hozirda TDYU Tadbirkorlik va korporativ huquq shoʻbasida dotsent vazifasini bajaruvchi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Askarov Jaloliddin To‘ychiyevich o‘z mehnat faoliyati davomida ilmiy-pedagogik, jamoatchilik sohasida bir qator yutuqlarga erishgan va taqdirlangan.
2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi esdalik nishoni bilan taqdirlangan.
2022-yilda Erasmus+ Teaching Mobility Program doirasida Polshaning Gdansk universitetida ma’ruza mashgʻulotlarini olib borgan.
2017-2020-yillarda tadbirkorlik qonunchiligini tizimlashtirishga oid fundamental grant loyihasida loyiha a’zosi sifatida ishtirok etgan.
20 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalar muallifi hisoblanadi.
Uning “Biznes huquqi” nomli oʻquv qoʻllanmasi va “Tibbiy xizmat koʻrsatish sohasida tadbirkorlik faoliyatini huquqiy tartibga solish masalalari” nomli monografiyasi nashr etilgan. 3 ta darslikning yozilishida hammuallif sifatida ishtirok etgan. Shuningdek, Scopus bazasiga kiritilgan jurnalda “Resolution of Commercial Disputes by Mediation as an Alternative Method: A Legal Analysis for Turkey and Uzbekistan” sarlavhali maqola xorijiy professor bilan hammualliflikda maqola chop ettirgan.
Saylovoldi dasturining asosiy maqsadi — Ommaviy huquq fakultetida o‘quv jarayonini samarali tashkil etish, ta’lim sifatini oshirish, o‘quv-uslubiy faoliyatni muvofiqlashtirish va akademik boshqaruvni yanada takomillashtirishdan iborat. Shu maqsadda fan dasturlari va sillabuslarni muntazam tahlil qilish, ulardagi takrorlanuvchi mavzularni kamaytirish, zamonaviy va amaliy mazmun bilan boyitish hamda tanlov fanlari bo‘yicha talabalar uchun tushunarli akademik yo‘l xaritasini shakllantirish rejalashtiriladi. Dasturda dual ta’limning 50 foiz nazariya va 50 foiz amaliyot tamoyilini o‘quv jarayoni bilan uzviy bog‘lashga alohida e’tibor qaratiladi. Bunda har bir fan bo‘yicha nazariy mavzular amaliy ko‘nikmalar bilan bog‘lanishi, sillabuslarda talaba egallashi lozim bo‘lgan amaliy natijalar aniq ko‘rsatilishi, amaliyot bazalarida ayni ko‘nikmalar shakllantirilishi va olingan natijalar keyingi o‘quv yilida fan mazmunini takomillashtirishda hisobga olinishi nazarda tutiladi. Shuningdek, talabalar uchun almashinuv dasturlari, yozgi va qishki maktablar, qisqa muddatli o‘quv safarlari hamda boshqa akademik imkoniyatlar haqidagi axborotni muntazam yetkazib borish, turli akademik ko‘rsatkich va salohiyatga ega talabalar uchun mos imkoniyatlarni izlash ko‘zda tutiladi. Professor-o‘qituvchilar uchun esa dars berish metodikasi, pedagogik mahorat, dual ta’lim, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va amaliy o‘qitishga oid qisqa muddatli kurslar, malaka oshirish dasturlari hamda boshqa o‘quv yo‘nalishidagi imkoniyatlar haqida muntazam ma’lumot berib borish va hujjat tayyorlashda uslubiy ko‘mak ko‘rsatish rejalashtiriladi. Dasturda talaba, biznes va ish beruvchi o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish, biznes subyektlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda nomdor stipendiyalarni qo‘llab-quvvatlash, talabalarni amaliyot, mentorlik, stajirovka va ish beruvchilar bilan muloqot orqali kasbiy faoliyatga bosqichma-bosqich tayyorlash ham muhim yo‘nalish sifatida belgilanadi.
Akademik boshqaruvda esa “bir ma’lumot — bir marta” tamoyilini kengroq qo‘llash, kafedralardan muntazam olinadigan ma’lumotlarni yagona shaklda yuritish va bir xil ma’lumotni takroran so‘rash holatlarini kamaytirish rejalashtiriladi. Shuningdek, Smartoffice.uz tizimida o‘quv jarayoniga oid hujjatlarni rasmiylashtirishni yengillashtirish, professor-o‘qituvchilar uchun qisqa ko‘rsatmalar, to‘ldirilgan namunalar va ko‘p uchraydigan xatolar bo‘yicha tavsiyalar tayyorlash, platformadan universitet hududidan tashqarida ham xavfsiz foydalanish imkoniyatini tegishli bo‘linmalar bilan birgalikda o‘rganish nazarda tutiladi.
Umuman, dastur zamonaviy o‘quv dasturi, samarali dual ta’lim, talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun akademik imkoniyatlar, amaliyot bilan uyg‘un ta’lim hamda kamroq byurokratiyaga asoslangan akademik boshqaruvni shakllantirishga qaratilgan.