TDYUda bahorgi semestrda o‘qitilgan fanlardan yakuniy nazorat o‘tkazilishi tartibi bo‘yicha TUSHUNTIRISH
Yakuniy nazorat qayerda topshiriladi?
TDYUda 2021\2022o‘quv yili bahorgi semestr yakuniy nazorat ishlari universitetning maxsus jihozlangan auditoriyalarida elektron ta’lim platformasi orqali kompyuterda topshiriladi.
Talabalar yakuniy nazorat o‘tkazilayotgan auditoriyaga faqat talabalik guvohnomasi yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatni taqdim etganidan so‘ng kiritiladi.
Yakuniy nazoratni talaba maxsus jihozlangan xonadagi kompyuterda o‘z login parolini kiritgan holda digital.tsul.uz platformasiga kirib topshiradi.
Yakuniy nazorat qachon topshiriladi?
Yakuniy nazorat ishlari har bir fan bo‘yicha belgilangan grafik asosida tegishli kun va soatda maxsus jihozlangan auditoriyalarda talaba o‘z vaqtida hozir bo‘lganda topshiriladi.
Yakuniy nazorat jadvallari yakuniy nazorat boshlanishidan kamida bir hafta oldin o‘quv reja asosida ishlab chiqilib, tasdiqlanib talabalarga yetkaziladi. Jadvallarda belgilangan yakuniy nazorat vaqti boshlangandan keyin kelgan talabalar imtihonga kiritilmaydi.
Yakuniy nazorat talaba tomonidan mustaqil ravishda bajarilishi shart. Yakuniy nazorat topshirish jarayoni bevosita nazoratchilar tomonidan auditoriyada hamda mas’ul xodimlar tomonidan videokameralar orqali kuzatib boriladi.
Yakuniy nazorat savollari va ularga javob yozish tartibi qanday?
Talabaga elektron ta’lim platformasi orqali elektron bazadan 1 ta muammoli vaziyat (kazus) kompyuterdagi avtomatik tanlov tizimi orqali tushadi. Kazus mazmunidan kelib chiqib unga 3 yoki undan ortiq savollar taqdim qilinadi va har bir savoldan so‘ng unga javob yozish uchun sahifa mavjud bo‘ladi. Kazusning har bir savoli yonida talabaning ushbu kazus savoliga javobi uchun berilishi mumkin bo‘lgan maksimal ball ko‘rsatiladi. Jami maksimal ball yig‘indisi 60 ballga teng.
Savollarga javoblar aniq bo‘lishi kerak. Huquqiy normalarni ko‘chirib yozish emas, balki ularni qo‘llanilishini tushuntirish va asoslashga qaratilishi lozim. Javoblar jami 1 500 so‘zdan oshmasligi kerak. Bunda har bir savolga ajratilgan ball kesimida so‘zlar soni mutanosib taqsimlanadi.
Yakuniy nazoratda tushishi mumkin bo‘lgan kazuslar distant.tsul.uz platformasida tegishli fan kontentida joylashtirilgan. Imtihon paytida talabaga Lex.uz qonun hujjatlari milliy bazasidan foydalanishga (qonun matnlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirmagan holda) ruxsat beriladi (kazuslarga javob yozish bo‘yicha tavsiyalar bilan giperhavola tanishish mumkin):
Yakuniy nazoratga javob yozish uchun 2 soat vaqt ajratiladi. Ushbu muddat o‘tganidan so‘ng tizim avtomatik ravishda yopiladi va mavjud javoblar saqlanadi.
Yakuniy nazorat o‘tkazilishi vaqtida nimalar taqiqlanadi?
– yakuniy nazorat boshlanish vaqtidan kechikish;
– mobil telefonlar va boshqa texnik vositalarni olib kirish va foydalanish;
– auditoriyada gaplashish, maslahatlashish, yakuniy nazorat jarayoniga har qanday aralashish yoki jarayonga xalaqit berish, xalaqit berishga urinish;
– akademik halollik talablarini buzish;
– turli vositalar orqali imtihon jarayoniga, kompyuter, elektron ta’lim platformasiga ta’sir o‘tkazish, ta’sir o‘tkazishga urinish.
Yakuniy nazorat ishlarini topshirish jarayoni talablarini buzgan talabalarga qanday choralar ko‘riladi?
Yakuniy nazorat topshiriladigan auditoriyaga kechikkan talabalar auditoriyaga kiritilmaydi va yakuniy nazoratni sababsiz topshirmagan hisoblanadi.
Yakuniy nazoratni topshirish bo‘yicha belgilangan qoidalarni buzganlik uchun talabaga nisbatan quyidagi ta’sir choralari ko‘riladi:
a) talabalar safidan chetlashtirish akademik halollik talablarini qo‘pol ravishda buzish, jumladan, boshqa talabaning o‘rniga imtihonga kirishga urinish yoki kirish (har ikkala talabaga nisbatan), plagiatga yo‘l qo‘yish kabi holatlarda qo‘llaniladi;
b) imtihondan chetlatish va “0” ball qo‘yish:
- imtihon paytida shpargalka yoki boshqa vositalar, shuningdek, o‘zgalar yordamidan foydalanganda yoki foydalanishga uringanda yoxud boshqalarga yordam berishga harakat qilganida va yordam berganida;
- imtihon paytida boshqa talabalar bilan gaplashganda yoki boshqacha tarzda imtihon jarayoniga halaqit berganida yoki boshqa turdagi ta’sir o‘tkazishga harakat qilganida;
- imtihon paytida telefon yoki boshqa texnik vositalarni olib kirgani va foydalanganida;
- imtihon savollariga javobni boshqa manbalardan ko‘chiriganda yoki ko‘chirishga harakat qilganida amalga oshiriladi.