December 1, 2023

#yangilik #новость #news


“Targʻibot poyezdi” yoshlarda islohotlarga daxldorlik hissini oshirmoqda

28-noyabrda “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostidagi “Targ‘ibot poyezdi” loyihasiga start berildi. Hududlarga jo‘nab ketgan targ‘ibotchilar taʼlim muassasalari va turli tashkilotlarda aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy, xususan, konstitutsiyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni boshlab yuborishdi. Quyida targ‘ibot guruhlari tomonidan loyihaning 2-kunida hududlarda o‘tkazilgan tadbirlar bilan tanishishingiz mumkin.

Fargʻona viloyati

“Targʻibot poyezdi”ning vodiydagi ilk tadbirlari Margʻilon temir yoʻl bekatidan boshlab yuborildi. Guruh aʼzolari yoʻlovchilarga flayer va tarqatma materiallarini taqdim etib, ularga Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berishdi.

Shundan soʻng targʻibotchilar Farg‘ona davlat universitetida talabalar bilan uchrashib, ularga Bosh qomusimizning mazmun-mohiyati, joriy yilgi oʻzgarishlar va ularning ahamiyati haqida maʼlumot berishdi. Uchrashuv davomida ishtirokchilar uchun “Mening Konstitutsiyam” mavzusida Quiz-test o‘tkazilib, tanlov g‘oliblari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Loyiha doirasida Fargʻona viloyati yuridik texnikumining pedagog xodimlari va 2-kurs talabalari uchun “Mehnat qilish huquqlarining konstitutsiyaviy kafolatlari” mavzusida mahorat darsi oʻtkazildi. Mashgʻulotni TDYU Mehnat huquqi kafedrasi katta oʻqituvchisi Muhammadamin Karimjonov olib bordi.

Tadbir yakunida yuridik texnikumning Axborot-resurs markazi uchun kitoblar sovg‘a qilindi.

“Targʻibot poyezdi”ning keyingi bekati Ichki ishlar vazirligi Farg‘ona akademik litseyi bo‘ldi. Guruh aʼzolari tomonidan litsey o‘quvchilari o‘rtasida viktorina hamda “Huquqimni bilamanmi?” mavzusida rolli o‘yinlar tashkil etilib, gʻoliblar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Toshkent viloyati

“Targʻibot poyezdi”ning Toshkent viloyatidagi ilk tadbiri Milliy texnologik tadqiqotlar universitetining Olmaliq filialidan boshlandi. Universitetda “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida uchrashuv tashkil etilib, ishtirokchilarga Konstitutsiyadagi o‘zgarishlar va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berildi.

Guruh aʼzolari tomonidan Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nurafshon filiali, Nurafshon shahridagi 56-maktab hamda Toshkent viloyati yuridik texnikumida tashkil etilgan targʻibot tadbirlarida ham ishtirokchilarga Konstitutsiyamiz haqida foydali maʼlumotlar berilib, ularning savollariga javob berildi.

Shuningdek, ishtirokchilar uchun turli viktorina va tanlovlar tashkil etilib, gʻoliblar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Surxondaryo viloyati

“Targ‘ibot poyezdi” ishtirokchilarining vohaga safari ham yuqori kayfiyatda boshlandi.

Termiz davlat universiteti, Termiz davlat pedagogika universiteti, Termiz shahridagi Prezident maktabida tashkil etilgan uchrashuv va davra suhbatlarida yoshlarga islohotlar mohiyati, Konstitutsiyamizdagi o‘zgarishlar, ularning ahamiyati haqida maʼlumot berildi.

Andijon viloyati

“Targ‘ibot poyezdi” ishtirokchilarining Andijon viloyatiga safari Andijon mashinasozlik instituti talabalari bilan tashkil etilgan davra suhbatidan boshlandi. “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida o‘tkazilgan anjumanda ishtirokchilarga Konstitutsiyadagi o‘zgarishlar va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berildi.

Xuddi shu mavzudagi davra suhbati Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti hamda Andijon davlat qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar institutida ham tashkil etildi.

Shuningdek, “Targ‘ibot poyezdi” guruhi aʼzolari Andijon shahrida joylashgan Davlat xizmatlari markazida fuqarolar uchun, Andijon tumani “Charm poyabzal” ishlab chiqarish fabrikasi mehnat jamoasi uchun ham targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazdilar.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi

“Targ‘ibot poyezdi” ishtirokchilarining Nukus davlat pedagogika institutida tashkil etgan uchrashuvi ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi.

Uchrashuv avvalida targ‘ibotchilar “tengdosh-tengdoshga” tamoyili asosida talabalarga Bosh qomusimizning mazmun-mohiyatini tushuntirib berdilar.

Shundan so‘ng tengdoshlarining huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida viktorina hamda yangi tahrirdagi Konstitutsiyani rasmlar orqali tasvirlash tanlovini oʻtkazdilar. G‘oliblar sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Shuningdek, targʻibot guruhi talabalari tomonidan “Qaraqalpaqstan” telekanaliga loyiha maqsad-vazifalari haqida intervyu berildi.

“Targʻibot poyezdi”ning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi navbatdagi manzillari TATU Nukus filiali, Qoraqalpogʻiston tibbiyot instituti hamda Nukus shahridagi 1-maktab bo‘ldi. Taʼlim muassasalarida “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida Bosh qomusimizning mazmun-mohiyatini yoritishga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.

Tadbir davomida Qoraqalpogʻistonlik yoshlar bilan qizg‘in savol-javoblar o‘tkazildi va faol ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shuningdek, loyiha doirasida TDYU talabalari “Qoraqalpogʻiston” radiokanalida oʻtkazilgan “Xalq bilan suhbat” eshittirishida ishtirok etib, tinglovchilarga Yangi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berishdi va ularning savollariga javob qaytarishdi.

Bundan tashqari, targʻibot guruhi aʼzolari Nukus shahridagi koʻchalarda ham targʻibot tadbirlarini tashkil etdilar.

Shu bilan birga, Nukus shahrida joylashgan Yoshlar markazidagi tadbirda 4 ta oliy taʼlim muassasalari talabalari va xodimlari ishtirok etdi. Targ‘ibot guruhi aʼzolari yoshlarga Konstitutsiyamizda mustahkamlangan inson huquqlari, jumladan, sog‘liqni saqlash va taʼlim sohasidagi normalar haqida maʼlumot berdi. Tadbir yakunida faol talaba-yoshlarga turli sovg‘alar topshirildi.

Sirdaryo viloyati

TDYU Kriminalistika va sud ekspertizasi kafedrasi katta o‘qituvchisi Baxtiyor Hamidov boshchiligidagi targ‘ibot guruhi aʼzolarining Sirdaryo viloyatidagi dastlabki manzili Sirdaryo viloyati yuridik texnikumi bo‘ldi. Bu yerda yuridik texnikum o‘quvchilari uchun konstitutsiyaviy islohotlar va yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati haqida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbir davomida “Huquqiy zakovat” interaktiv o‘yini tashkil etilib, unda faol ishtirok etgan jamoalar taqdirlandi.

Xuddi shunday davra suhbatlari Mudofaa vazirligi tasarrufidagi havo hujumlaridan mudofaa qoʻshinlari va harbiy havo hududlariga qarashli 21143-sonli harbiy qism xizmatchilari hamda 6-maktab oʻquvchilari uchun ham tashkil etildi.

Bundan tashqari, Guliston davlat universitetida oʻtkazilgan targʻibot tadbiri doirasida quiz-test hamda “Qadamma-qadam” turniri tashkil etilib, faol talabalar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

Toshkent shahri

“Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostidagi davra suhbatlari va uchrashuvlar poytaxtimizda ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, universitet qoshidagi akademik litsey, Sergeli tumani madaniyat saroyi, 41-maktab hamda Toshkent kimyo-texnologiyalari institutida tashkil etilgan targʻibot tadbirlarida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, oʻzgarishlar va ularning ahamiyati, sud-huquq tizimidagi islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Tadbirlar davomida yoshlar mavzular yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan savollariga tengdoshlaridan javob olishdi.

Jizzax viloyati

“Targ‘ibot poyezdi” ishtirokchilari targ‘ibot tadbirlarini Jizzax viloyatining tumanlaridan biri Mirzacho‘l tumanida o‘tkazishdi. Adliya boshqarmasi xodimlari, “Targ‘ibot poyezdi” guruhi aʼzolari va tuman yoshlari ishtirokida tuman Madaniyat saroyida o‘tkazilgan tadbirda Konstitutsiyaning yangilangan tahririning mazmun-mohiyati bo‘yicha yoshlarga maʼlumotlar berilib, tadbirda faol ishtirok etgan yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Shuningdek, bunday uchrashuv Doʻstlik tumani yoshlari bilan ham tashkil etildi. Uchrashuv doirasida yoshlarga Bosh qomusimiz normalari haqida maʼlumot berilib, Quiz-test oʻtkazildi.

Namangan viloyati

“Targ‘ibot poyezdi” loyihasi ishtirokchilari Namangan viloyati yuridik texnikumida bo‘lib, “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida uchrashuv va viktorinalar oʻtkazdilar. Uchrashuvda ishtirokchilarga Bosh qomusimizning mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berildi.

Xuddi shunday tadbirlar Namangan davlat universiteti, Yodju texnika institutining Namangan filialida ham tashkil etilib, ishtirokchilarga Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati aks ettirilgan flayerlar hamda Yangi tahrirdagi Konstitutsiya kitoblari tarqatildi.

Xorazm viloyati

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mazmun-mohiyatini aholi, ayniqsa, yoshlar orasida keng targ‘ib qilish, fuqarolarimizning Konstitutsiyaga oid huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan tadbirlar Xorazm viloyatida ham tashkil etildi.

Urganch davlat universitetida “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz” shiori ostida tashkil etilgan uchrashuv doirasida talabalar bilan turli interfaol o‘yin, tanlov, viktorina va huquqiy seminarlar o‘tkazildi.

Navoiy viloyati

Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 31 yilligi munosabati bilan oʻtkazilayotgan “Targʻibot poyezdi” loyihasi doirasida Navoiy viloyatiga yuborilgan guruh aʼzolari Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti xodim va talabalari bilan, Navoiy viloyati yuridik texnikumida oʻquvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etib, ularga “Tengdosh-tengdoshga” tamoyili asosida yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyadagi muhim oʻzgarishlar va ularning ahamiyati haqida maʼlumot berishdi.

Samarqand viloyati

“Yangi Oʻzbekistonni birgalikda quramiz” shiori ostida oʻtkazilayotgan loyiha doirasidagi tadbirlar Oqdaryo tumani Kumushkent mahallasidagi 32-umumtaʼlim maktabida, Bulungʻur tumanidagi taʼlim muassasalarida ham tashkil etildi.

Toshkent davlat yuridik universiteti professor oʻqituvchisi Elbek Musayev boshchiligidagi targʻibot guruhi aʼzolari ushbu hududlarda yoshlar bilan uchrashib, ularning konstitutsiyaviy bilimlarini oshirish bilan birga yoshlarni qiziqtirgan savollarga ham javob berishdi.

Qashqadaryo viloyati

“Targʻibot poyezdi” loyihasi targʻibotchilari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Shahrisabz davlat pedagogika instituti, Qarshi Xalqaro Universiteti, Toshkent Kimyo texnologiyalari instituti Shahrisabz filiali hamda Qarshi davlat universitetida talabalari bilan uchrashuv hamda davra suhbatlari tashkil etishdi.

“Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” shiori ostida ochiq va samimiy muloqot tarzida oʻtgan tadbirlarda ishtirokchilarga Bosh qomusimizning davlat va jamiyat rivojidagi oʻrni, undagi normalarning mazmun-mohiyati hamda joriy yilda Konstitutsiyamizga kiritilgan oʻzgartishlar haqida maʼlumot berildi.

Shuningdek, turli viktorina, tanlov va quiz-testlar oʻtkazilib, talabalarning konstitutsiyaviy bilimlari sinovdan oʻtkazildi.

Buxoro viloyati

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish boʻyicha Toshkent davlat yuridik universiteti Davlat va huquq nazariyasi kafedrasi professori, yuridik fanlari doktori Feruza Muhitdinova boshchiligidagi targʻibot guruhi Buxoro davlat universitetiga tashrif buyurdi. Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi oʻzgarishlar, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyatini huquqiy targʻibot shaklida yetkazish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda jamiyatning barqaror rivojlanishida Yangi Konstitutsiyaning ahamiyati borasida fikr almashildi.

“Targʻibot poyezdi” loyihasi doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.


Facebook | Instagram | LinkedIn | Telegram